Foto: BBC
Maktab o‘qituvchilarining 2 oydan beri o‘tkazib kelayotgan ochiq namoyishlaridan so‘ng Koreya hukumati ularni himoya qilishga qaratilgan yangi qonunni qabul qildi. Shu vaqtgacha pedagoglar ota-onalarning «zo‘ravonlik»laridan noroziligini bildirib kelayotgandi.
O‘zi nima bo‘ldi?
Noroziliklar iyul oyida ota-onalar shikoyatlari bilan shug‘ullanib kelgan 23 yoshli boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining o‘z joniga qasd qilishi ortidan boshlangan, deya yozadi BBC. Shundan so‘ng qonun qabul qilingungacha butun mamlakat bo‘ylab koreyalik o‘qituvchilar huquqlari ta’minlanishi yuzasidan namoyish o‘tkazib keldi.
Pedagoglar o‘quvchilarning ota-onalari ularni tez-tez haqorat qilayotgani, ta’qibga olayotgani uchun himoyaga muhtojligini bildirgan. Qayd etilishicha, ba’zida hatto ishdan bo‘shatish uchun bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilinayotgani haqida yolg‘on xabarlar ham berib turilgan.
Yana ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qituvchilar maktabda tajovuzkor o‘quvchini tiyib turgani yoki koyigani uchun ham ularning ustidan qasddan shunday xabarlar berilgani aytilmoqda. O‘qituvchilarning ta’kidlashicha, g‘arazli niyatlarda qilinayotgan bu kabi shikoyatlar ta’lim berish va o‘quvchilarni tarbiyalashga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda.
Bunday vaziyatlarda ota-onalar 2014 yilda qabul qilingan «Bolalar farovonligi haqida»gi qonundan foydalanmoqda. Qonunga ko‘ra, bolalarga zo‘ravonlik qilganlikda ayblangan o‘qituvchilar avtomatik ravishda ishdan chetlatilishi qayd etilgan.
Yangi qonun qabul qilindi
Shunday holatlarning oldini olish maqsadida Koreya hukumati yangi, «O‘qituvchilar huquqlarini tiklash to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, pedagoglarga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida ayblov qo‘yilganda darhol ishdan chetlatilmaydi, qo‘shimcha tergov tayinlanadi, dalillar o‘rganiladi.
Shuningdek, ish sudgacha borganda o‘qituvchilarga moliyaviy yordam ko‘rsatiladi va bosh o‘qituvchilar (maktab direktorlari)ga o‘z xodimlarini himoya qilish uchun ko‘proq mas’uliyat yuklanadi.
Koreya O‘qituvchilar kasaba uyushmalari federatsiyasi yangi qonun qabul qilinganini olqishladi. Qolaversa, federatsiya haftalar davomida uzluksiz ko‘chaga chiqib, huquqlari ta’minlanishi, shart-sharoitlar yaxshilanishini talab qilgan o‘qituvchilarga chuqur minnatdorlik bildirdi va bu yutuqda ularning ham hissasi borligini aytdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi haftalarda hukumat va mahalliy hokimiyat organlari o‘qituvchilarni himoya qilish va ularning mas’uliyatini osonlashtirish uchun qator choralarni ko‘rgan, ammo ular hech qanday qonuniy kuchga ega bo‘lmagandi. Ya’ni sentyabr boshida hukumat o‘qituvchilarga tartibni buzgan o‘quvchilarni sinfdan chiqarib yuborish va kerak bo‘lsa, ularni darsdan cheklashga ham ruxsat bergan.
Bundan tashqari, Seul ta’lim boshqarmasi pedagoglarni ota-onalar shikoyatlaridan himoya qilish uchun ishlab chiqilgan rejalarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, o‘qituvchilarga qilingan barcha qo‘ng‘iroqlar yozib olinadi va ota-onalarning shikoyatlari uchun maxsus chatbot ishga tushiriladi.
Qonun o‘qituvchilarni himoya qila oladimi?
Ba’zi o‘qituvchilar yangi qonun, hujjatlar ularni himoya qilishga yetarli bo‘lmasligini, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar esa uzoqqa bormasligini aytmoqda. Koreya o‘qituvchilar kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Kim Yon Seo yangi qonun qabul qilinishi o‘qituvchi va o‘quvchilarni himoya qilish yo‘lida qilingan katta qadam ekanini, ammo jarayonda takomillashtirilishi kerak bo‘lgan jihatlar borligini ta’kidlagan.
U siyosatchilarni «Bolalar farovonligi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritishga chaqirib, o‘quvchilarni tarbiyalash bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb belgilanishi mumkin emasligini qo‘shimcha qildi.
Yana bir guruh o‘qituvchilar esa bolalarga nisbatan zo‘ravonlikda yolg‘on ayblov qo‘ygan ota-onalar jazolanishini istamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!