date

Yangi Zelandiyada bola ichagidan 100 ta magnit chiqarildi

Yangi Zelandiyada bola ichagidan 100 ta magnit chiqarildi

Yangi Zelandiyada 13 yoshli o‘smir internet orqali sotib olgan magnitlar tufayli og‘ir jarrohlik amaliyotiga duch keldi. The Guardian yozishicha, bola taxminan 100 ta kuchli neodim magnitni yutib yuborganidan so‘ng shifokorlar uning ichagidan ularni chiqarish uchun operatsiya o‘tkazishgan.

To‘rt kun davomida kuchli qorin og‘rig‘idan aziyat chekkan o‘smir Tauranga shifoxonasiga yotqizilgan. Rentgen natijalarida magnitlar ichak devorini kesib o‘tgani va bir necha joyda to‘qima nekroziga sabab bo‘lgani aniqlangan.

Shifokorlar ma’lum qilishicha, bola yutib yuborgan magnitlar yuqori kuchga ega bo‘lib, ular ichak ichida bir-biriga tortilib, organ devorlarini zararlagan. Operatsiya paytida jarrohlar ingichka va yo‘g‘on ichakning bir nechta qismidagi o‘lik to‘qimalarni olib tashlagan. Bolaning hayotini saqlab qolish uchun operatsiya besh soatdan ortiq davom etgan.

Qizig‘i shundaki, bu turdagi magnitlar Yangi Zelandiyada 2013-yildan buyon sotilishi taqiqlangan. Ammo o‘smir ularni onlayn savdo maydoni Temu orqali xarid qilgan. Kompaniya bu holat bo‘yicha ichki tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.

“Hozirda tekshiruv jarayoni ketmoqda. Magnitlar aynan Temu orqali sotib olingani hozircha rasman tasdiqlanmagan, ammo barcha xavfli mahsulotlar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilmoqda”, — deyilgan kompaniya bayonotida.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlar keyinchalik ichak tutilishi, churra va doimiy og‘riqlar kabi og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, ular ota-onalarni kichik bolalar va o‘smirlarning onlayn buyum xaridlariga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yangi Zelandiyada bola ichagidan 100 ta magnit chiqarildi