AQSH, Xitoy va Rossiya yadroviy sinov maydonlarini faol ravishda kengaytirmoqda. Bu haqda CNN telekanali ixtiyoridagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga asoslanib xabar berdi.
Jurnalistlar va ekspertlar “Novaya Zemlya”dagi Rossiya poligonidan, Lop-Nurdagi Xitoy poligonidan va Nevadadagi Amerika poligonidan olingan suratlarni tahlil qildi.
Ekspertlar tasvirlardagi o‘zgarishlar uchala davlat ham yadroviy sinovlarni qayta boshlashi mumkinligini ko‘rsatayotganini aytdi. CNN’ning eslatishicha, yerosti sinovlari 1996-yilgi xalqaro shartnoma bilan taqiqlangan va shundan beri hech bir davlat buni o‘tkazmagan. Biroq Xitoy va AQSH shartnomani imzolagan bo‘lsa-da, uni hech qachon ratifikatsiya qilmagan. Rossiya shartnomani ratifikatsiya qilgan, biroq prezident Vladimir Putin 2023-yil fevralida agar AQSH bunday sinovlarni o‘tkazsa, Moskva xuddi shunday javob berishini aytgan.
“Novaya Zemlya” (Rossiya)
“Novaya Zemlya”dagi poligon 1955-yildan 1990-yilgacha yadroviy sinovlar uchun foydalanilgan, shu vaqt ichida u yerda 200 dan ortiq bomba yordamida 130 dan ortiq sinov o‘tkazilgan.

CNN tomonidan o‘rganilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ushbu joyda 2021-yildan 2023-yilgacha keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilgani, kemalar muntazam ravishda portga yetib kelgani va konteynerlar tushirilganini ko‘rsatadi. Qishda yo‘llar tozalangan, tog‘larda esa tunnellar qazilgan — endi poligon yil davomida ochiq. Ekspertlar Rossiya endi yadroviy sinovlarni qayta boshlashga tayyor deb hisoblaydi, Kreml tegishli so‘rovga javob bermagan.
Lop-Nur
Xitoyning yadroviy sinov maydoni mamlakat g‘arbidagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatining aholi kam yashaydigan hududida joylashgan. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga qaraganda, so‘nggi yillarda u yerda yangi yerosti tunneli qazilib, yo‘llar qurilgan. Bundan tashqari, yordamchi zonada qurilish ishlari olib borilmoqda — 2021—2022-yillarda u yerda portlovchi moddalarni saqlash uchun mo‘lljallangan omborxona qurilgandi.
Mutaxassislar fikricha, sinov maydonchasi qurilishi yakuniy bosqichda. Shu bilan birga, Pekin sinovlar o‘tkazish niyatini rad etadi — Xitoy Tashqi ishlar vazirligi mamlakat 1996-yildan beri yadroviy sinovlarni to‘xtatish kelishuviga asosan o‘z majburiyatlarini bajarib kelayotganini bildirgan.

Nevada
AQSHdagi so‘nggi yerosti sinovlari 1992-yilda o‘tkazilgan. Shu bilan birga, Vashington yadro qurolidan faqat “o‘ta og‘ir sharoitlarda” foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytsa-da, AQSH rasman birinchi navbatda yadroviy zarba berish imkoniyatini maqbul deb biladi.
Tasvirlar Nevadadagi obyekt 2018 va 2023-yillar orasida sezilarli darajada kengaytirilganini ko‘rsatadi. CNN’ga bergan izohida, rasmiylar sinov poligoni “infratuzilmani qayta tashkil etish”dan o‘tayotganini aytgan, bu yangi asbob-uskunalar va ilmiy texnologiyalarni sotib olishni, shuningdek, yadro arsenalining ishlashini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tunnellarni kengaytirishni o‘z ichiga oladi.

CNN xulosasiga ko‘ra, agar hech bir davlat birinchi sinovni o‘tkazishni rejalashtirmasa ham, sinov poligonlarining kengayishi tomonlar o‘rtasidagi ishonchsizlik sharoitida yadroviy poygani keltirib chiqarishi mumkin.
“Xavfli tomoni shundaki, agar uch davlat ham ikkinchi bo‘lib sinov o‘tkazishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, ulardan biri hamma shunday qilar ekan, birinchi boshlagan yaxshiroq degan qarorga kelishi mumkin”, — dedi Montereydagi Middlberi Xalqaro tadqiqotlar institut professori Jefri Lyuis.
Sinovlarni qayta tiklash mamlakatlarga so‘nggi o‘n yilliklarda laboratoriya ishlaridagi past rentabellikdagi yadroviy qurollarning ta’sirini tushunishda muvaffaqiyatga erishish imkonini berishi mumkin.
Biroq CNN mutaxassislari to‘liq miqyosdagi yadro sinovlari hozircha dargumon degan fikrga qo‘shiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!