date
views 572

Qorabog‘ning Ozarboyjonga qaytishi nimalarni anglatadi?

Qorabog‘ning Ozarboyjonga qaytishi nimalarni anglatadi?

Qorabog‘ ustidan nazoratning to‘liq Ozarboyjonga qaytishi uchta geosiyosiy o‘lchamga ega. Birinchisi – turkiy dunyo geosiyosati nuqtayi nazaridan. Ikkinchisi – post-sovet hududidagi geosiyosiy vaziyat nuqtayi nazaridan. Uchinchisi – O‘zbekistonning strategik manfaatlari nuqtayi nazaridan.

19-asrning ikkinchi yarmi va 20-asr turkiy xalqlar va davlatlar uchun fojialar davri bo‘ldi. Bu davrda yagona o‘z mustaqilligini saqlab qola olgan turkiy davlat Turkiya bo‘ldi. Lekin Turkiya ham 20-asrda katta zarbalarga uchradi, katta hududlarini yo‘qotdi. Ayniqsa, birinchi jahon urushi Turkiyaga juda katta zarba berdi va bu davlatning ichki hamda tashqi siyosatini tubdan o‘zgartirdi.

Faqat 20-asrning oxiriga kelib, Markaziy Osiyodagi to‘rtta turkiy tilli davlat hamda Kavkazda Ozarbayjon o‘z mustaqilliklarini qo‘lga kiritishdi. Lekin, haliga qadar ko‘plab turkiy tilli xalqlar va hududlar o‘z erki va mustaqilligini qo‘llariga olishga muvaffaq bo‘lishgani yo‘q.

Armaniston va etnik armanlar, jumladan, dashnoqlar Chor Rossiyasining, sovetlar va RFning turkiy davlatlar va xalqlarga bosim instrumenti bo‘lib kelgan. Chor Rossiyasida Lenin va Trotskiy boshchiligida 1917 yilda inqilob bo‘ladi. Lekin 1918 yilning yanvariga qadar Turkiston sovetlar hokimiyatini tan olmaydi. Natijada, 1918 yil boshida Moskvadan Turkistonga, jumladan, Toshkent va Farg‘ona vodiysiga 11 eshelon harbiylar jo‘natiladi. Bu harbiylarning aksariyati – dashnoqlar edi. Harbiylarning bosh qo‘mondoni – Qo‘qon sovetlar rahbari Saakov bo‘ladi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1918-1919 yillar davomida Farg‘ona vodiysida, Toshkentda va mintaqaning boshqa shaharlarida sovetlar hokimiyatini o‘rnatishda dashnoqlarning qo‘li bilan amalga oshirilgan qirg‘inlar muhim o‘rin tutgan.

Sobiq SSSR davrida ham, Armaniston va armanlar Moskvaning Ozarboyjonga va turkiy xalqlarga eng samarali quroli, instrumenti bo‘lib kelgan. Sovetlar, ittifoqdosh respublikalarning chegaralarini chizishda, ko‘plab muammolarni qoldirib ketishgan va bu muammolar orqali ushbu davlatlarni boshqarishni o‘ylashgan.

Sobiq SSSR qulaganidan keyin ham, RF Armanistonni muttasil qo‘llab keldi. 2018 yilga qadar. Aynan shu yili, yumshoq inqilob orqali Armaniston hokimiyatiga Pashinyan keladi. Uning Putin bilan munosabatlari oldingi arman rahbarlarga qaraganda ancha sovuq bo‘ldi.

Aslida o‘sha vaqtdayoq Putin kuchli ziddiyat qarshisida turgan edi. Bir tomondan, Turkiya, Markaziy Osiyodagi turkiy davlatlar hamda Ozarbayjon. Ikkinchi tomondan, kichik Armaniston. 2018 yilda Armaniston hokimiyatiga g‘arbga oriyentir olgan Pashinyanning kelishi, Moskva uchun geosiyosiy ziddiyatni to‘g‘rilash imkoniyati sifatida ko‘rildi.

O‘tgan davrda Qorabog‘ uchun uch marta urush bo‘ldi: 1992-94 yillarda Qorabog‘ Armaniston tomonidan harbiy yo‘l bilan bosib olindi; 2020 yildagi 44 kunlik urushda Ozarboyjon Qorabog‘ ustidan qisman nazoratni qaytarib oldi va mana, yaqinda bo‘lgan bir kunlik urushda, Boku Qorabog‘ ustidan to‘liq nazoratni o‘z qo‘liga oldi.

Bugun Armaniston Rossiya bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Hademay Yerevan KXSHTdan chiqishga harakatlarni boshlab yuborsa, ajab emas. Bu nuqtayi nazardan, Kavkazda Rossiyaning eng yaqin ittifoqchisi va forposti bo‘lgan Armaniston Moskvadan uzoqlashib boshladi.

Qorabog‘ning Ozarboyjonga qaytishi turkiy dunyo davlatlari uchun yangi davrga ishora qiladi. Global dunyoda, bir tilli va dilli davlatlarning ko‘p bo‘lishi, o‘zaro hamkorlik va hamjihatlik qilishi – katta rol o‘ynaydi.

O‘zbekiston uchun esa, Qorabog‘ning Ozarboyjonga to‘liq qaytishi, ikki omilga ko‘ra, tarixiy ahamiyatga ega. Birinchisi – hududiy yaxlitlik. O‘zbekiston uchun, davlatlarning hududiy yaxlitligi – muhim tamoyil. Qorabog‘ning Ozarbayjonga de-fakto qaytishi mintaqa atrofidagi qudratli davlatlarning hududlar bilan o‘yin qilishiga signal bo‘ladi.

Ikkinchidan, Qorabog‘ning qaytishi, ramziy ahamiyatidan tashqari, geoiqtisodiy kuchli potensial yaratadi. Ozarbayjon Qorabog‘ va Zangezur koridori orqali Turkiyaga bog‘lanar ekan, Markaziy Osiyo uchun Kaspiy va Ozarboyjon orqali Turkiyaga, undan Yevropaga chiqish eshiklari ochiladi. Har qanday qo‘shimcha temir va multimodal yo‘llar O‘zbekistonning Rossiyaga bog‘liqligini pasaytiradi.

Qorabog‘ning Ozarboyjonga qaytishi, turkiy dunyoning ahamiyatiga, muqobilsiz resurslariga va kelajakdagi qudratiga ishora qiladi. Har xil millatlar va sivilizatsiyalar globalizmga har xil resurslar bilan kirib kelmoqda. Turkiy xalqlar va davlatlar – katta aholi, sarhadlar va imkoniyatlar bilan kirib kelmoqda. Qolgani – hamkorlikka bog‘liq.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qorabog‘ning Ozarboyjonga qaytishi nimalarni anglatadi?