
Tesla rahbari Ilon Mask kompaniyadan ketishi mumkinligi haqida ogohlantirildi. Kengash raisi Robyn Denholmning aytishicha, agar Mask uchun mo‘ljallangan 1 trillion dollarlik mukofot rejasi tasdiqlanmasa, u Tesla’ni boshqarishni to‘xtatishi ehtimoli bor.
Mazkur masala 6-noyabrda bo‘lib o‘tadigan yillik aksiyadorlar yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi. Tesla kengashi so‘nggi yillarda Maskga haddan tashqari yon bosgani uchun tanqid qilinmoqda. Mutaxassislarning fikricha, kengash uning ta’siri ostida bo‘lib, mustaqil qaror qabul qila olmayapti.
Denholmning so‘zlariga ko‘ra, bu mukofot rejasi Maskni uzoq muddat kompaniyada ushlab turish va uni yangi yutuqlarga undash uchun ishlab chiqilgan. U Maskning Tesla muvaffaqiyatidagi o‘rni beqiyosligini ta’kidladi va agar u yetakchilikni tark etsa, kompaniya katta yo‘qotishlarga duch kelishini aytdi.
Rejaga ko‘ra, Mask 12 bosqichli aksiyalar to‘plamini olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu mukofot kompaniya qiymatini 8,5 trillion dollarga yetkazish hamda sun’iy intellekt va robototexnika sohasida muhim natijalarga erishishga bog‘liq bo‘ladi. Tesla kengashi bu reja Maskni rag‘batlantirish va aksiyadorlar manfaatini himoya qilish uchun zarur, deb hisoblaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!