
Isroillik harbiylar qanday qilib g‘aflatda qolishdi? Bu haqda OAV va tahlilchilar nima demoqda?
G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS harakati a’zolari 7 oktyabr kuni Isroil bo‘ylab minglab raketalar uchirdi, shuningdek, qurollangan bo‘linmalar mamlakat hududiga bostirib kirdi (jumladan, pikaplarda, mototsikllarda va paraletlarda). Isroil rasmiylari mamlakat urushga kirganini ma’lum qildi va G‘azo bo‘ylab raketa zarbalar bilan javob yo‘lladi. Ular katta ehtimol bilan G‘azoda quruqlik amaliyoti o‘tkazishni rejalashtirmoqda: sektor chegaralariga zirhli texnikalar olib kelingan, chegaradagi shaharlar aholisi evakuatsiya qilinmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «urushda yutib chiqish»ni va’da qilgan — ammo uning boshlanish faktining o‘zi Isroil razvedkasi va siyosiy rahbariyatiga savollar tug‘dirmoqda, deb yozadi mahalliy va g‘arbdagi nashrlar, HAMASning hozirgi hujumini roppa-rosa 50 yil muqaddam bo‘lib o‘tgan Mahshar kuni urushi bilan taqqoslagan holda.
Isroildagilar HAMASning kutilmagan hujumi haqida nimalar deyishmoqda?
Nadav Eyal, Ynet (Yedioth Ahronoth) sharhlovchisi
Afsuski, kecha biz o‘zimiz haqida ko‘proq narsani bilib oldik. Biz angladikki, yuzlab milliard shekel sarflangan razvedka korpusimiz davlatga eng muhim pallada hal qiluvchi ogohlantirishni bera olmadi — strategik zarba haqida ogohlantirmadi. Oktyabr syurprizidan 50 yil o‘tib razvedkamiz yana muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Anshel Pfeffer, Haaretz sharhlovchisi
HAMASning yuzlab jangarilari G‘azo sektoridan Isroilga kirib kelgani haqidagi dastlabki yangiliklardan atigi bir necha daqiqa o‘tib, «Yom-kipur» (1973 yil oktyabridagi Mahshar urushi - tahr) ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqdi. <…> O‘xshashlik yaqqol va hayratlanarli. Yana butun Isroil bo‘ylab sirenalar yangradi. Yana — yaqinlashib kelayotgan hujum belgilarini aniqlashda ham, yig‘ilgan ma’lumotlarni talqin qilishda ham razvedkaning yirik xatosi. <…> Ammo, oktyabr urushlari o‘rtasidagi bitta asosiy farq bor. Kecha boshlangan urush ekzistensial emas. HAMAS harbiy raqib sifatida Isroil bilan tenglasha olmaydi. Ular hatto bir ligada emas.
Isroilga hujum haqida G‘arbda nimalar yozishmoqda?
Chak Freylix, Isroil milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisining sobiq o‘rinbosari
Bu operativ razvedka nuqtayi nazaridan muvaffaqiyatsizlik. Shubhasiz, bizni g‘aflatda qoldirishdi. G‘azo sektori uchun mas’ul bo‘lgan diviziya shtabi egallab olingan, u yerda tartibsizlik hukmron bo‘lgan, shuning uchun javob kechikdi. <…> [Bunday vaziyatlarda] hamisha barcha qisqa muddatga bir bayroq atrofida birlashadi. Ammo barchasi bosilishi bilan jiddiy siyosiy oqibatlar yuzaga keladi.
Dennis Ross, Bill Klinton ma’muriyatida AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili
Bu strategik kutilmagan hodisaga o‘xshaydi: ortga qarab, siz o‘zingizda barcha zarur ma’lumotlar bo‘lganini, ammo boshqa tomon qanday harakatlanishi bo‘yicha qator [noto‘g‘ri] taxminlar qilganingizni ko‘rasiz. <…> Men [bo‘layotgan hodisalarni Mahshar urushi bilan solishtirmayman, chunki] bunda arab davlatlari ishtirok etmayapti. Ammo men o‘ylaymanki, bu Isroil uchun o‘ziga xos zilzila. <…> Shundan keyin albatta, qanday qilib bunday syurpriz qilinganini tekshiradigan davlat komissiyasi tuziladi.
Aaron Devid Miller, AQSh Davlat departamentining sobiq xodimi, arab-isroil muzokaralarida ishtirok etgan
Asosiy muammo shundaki, katta ehtimol bilan, isroilliklar shunchaki HAMAS chegara orqali kirib keladi deb o‘ylashmagan. Bu hududda Isroil armiyasining yetarlicha kuchlari bo‘lmagani jiddiy muvaffaqiyatsizlik edi.
Devid Fridman, Donald Tramp ma’muriyati davrida AQShning Isroildagi elchisi
Men 40 yil nari-berisida Isroilni kuzatib kelgan odam sifatida hech qachon bunaqasiga guvoh bo‘lmaganman. Men hech qachon chegara bu tariqa buzib o‘tilganini ko‘rmaganman. Odatda G‘azodan biror kishi chegaraga yaqinlashsa ham, uni biror ishga ulgurishidan oldin to‘xtatib, zararsizlantirishardi. Bu, albatta, razvedkaning yirik muvaffaqiyatsizligi.
David Xalfa, Fransiyadagi Jan Jores fondining Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassisi
Isroil Mahshar urushidan buyon hech qachon bu kabi quruqlikdan bosqinga duchor bo‘lmagandi. <…> Isroil — tahdidlarni oldindan bilish va paydo bo‘lishidan oldin ularni bartaraf etish uchun o‘z texnologiyalariga ega mamlakatdir. Kutilmalar va tahdid darajasini baholash bo‘yicha muammo bo‘lgani aniq. Isroil maxsus xizmatlari kutgan ssenariy shimoldan [Livan hududidan] bo‘ladigan bosqinni nazarda tutardi.
Avi Melamed, tahlilchi, Isroil razvedkasining sobiq xodimi
Bu kampaniya (gap Isroil hukumatining sud islohoti o‘tkazish niyati va unga qarshi namoyishlar haqida — tahr) dushmanlarimizga Isroil kuchsizlashgani haqida aniq signal bergan. Ular biz ikkiga bo‘liganimizni his qilishgan.
Ronen Bergman, The New York Times nashrining Tel-Avivdagi jurnalisti
Isroil razvedkasi an’anaviy ravishda G‘azo sektorida keng imkoniyatlarga ega, mintaqadagi eng kuchlisi hisoblanardi. So‘nggi oylarda u bir necha marta harbiy mojaro avj olishi mumkinligidan ogohlantirgandi, chunki Eron va u bilan aloqador tuzilmalarning Isroil sud tizimi islohoti bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli zaiflashganiga ishonchi komil edi, degan [The New York Times nashriga] Isroil mudofaa vazirligidagi to‘rt nafar yuqori martabali mulozim.
Hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotganiga oid dalillar mavjudligiga qaramay, Isroil razvedkasida aniq kartina bo‘lmagan, deya qo‘shimcha qilgan amaldorlardan biri. <…> Amerika rasmiy shaxslari ham Isroil ham, AQSh ham HAMAS qilishi mumkinligi va buning ehtimoli yuqori ekanini bilishgan. Ammo, Isroil 7 oktyabr kungi zarbalar haqida hech qanday taktik ogohlantirish, Isroilga aniq chora-tadbirlar ko‘rish imkonini beradigan belgilar bo‘lmagan, deydi ular.
BBC sharhlovchisi Pol Adams: «Razvedka xizmatlarining 1973 yildan buyon eng jiddiy muvaffaqiyatsizligi»
Bu voqealar qanchalik misli ko‘rilmagan darajada bo‘lganini tasvirlash qiyin. Gap faqat razvedka xizmatlarining 1973 yilgi Mahshar urushidan buyon (bu hujum uchun aynan shu sana tanlangan bo‘lishi mumkin, urush roppa-rosa 50 yil muqaddam bo‘lgandi) eng yomon muvaffaqiyatsizligida ham emas. Asosiysi, Isroil o‘z shaharlari ustidan nazoratni hech qachon yo‘qotmagandi.
Biz Sderot va G‘azo sektori bilan chegaradagi boshqa joylarda qurollangan falastinliklar bemalol harakatlanganini, mahalliy aholini o‘ldirgani va o‘g‘irlab ketganini ko‘rdik va bu shok holati Isroilda uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi.
Aslida, hujum qiluvchilarning ham maqsadi shu bo‘lgan. So‘nggi yillarda HAMAS ko‘p usullarni sinab ko‘rdi — raketalar, bomba ko‘targan xudkushlar, Isroil hududiga tunnel qazish va hatto yonuvchi suyuqlik o‘rnatilgan varraklarni ham.
Ammo falastinliklar haligacha bu qadar «qo‘pollik» qilishmagandi. Va ularning o‘lchovlari bo‘yicha shanba kungi hujum —juda sinchkovlik bilan muvofiqlashtirilgan va ha, gibrid urushining shafqatsiz aktidir: yuzlab raketalar uchirildi, uning ortidan buzilmasdek ko‘rilgan chegaraning bir qancha nuqtalari orqali bostirib kirildi.
Endi tinch aholi Isroilning muqarrar javobiga tayyorlanmoqda. G‘azo bo‘ylab havo zarbalari — faqat boshlanishi. Hudud aholisi nima bo‘lishini bilib turibdi, ular buni avval ham ko‘p bor ko‘rishgan.
Ammo endi Isroildagilar HAMASni butunlay yo‘q qilishga ahd qilishgan va oldindagi kunlar va haftalar juda og‘ir bo‘lishini barcha tushunib turibdi.
Isroil armiyasidagilar hujumga tayyor bo‘lmagani haqidagi savollarga qanday javob beradi?
Richard Xext, Isroil mudofaa armiyasi rasmiy vakili
Iltimos, HAMASning harakatlarini Mahshar urushining murakkabliklari bilan bog‘lamang. Men razvedka ishi bo‘yicha savollar ko‘pligidan xabardorman. Iltimos, ularni bermay turing. Biz hozir urush holatidamiz. Ishonchim komilki, kelgusida razvedka bo‘yicha muhokamalar ko‘p bo‘ladi.
David Gendelman: «Armiya bo‘shashgandi»
BBC: HAMAS qanday qilib qo‘qqisdan hujum qildi?
David Gendelman: Isroil razvedkasining baholashlariga ko‘ra, hozir eskalatsiya HAMAS uchun foydasiz edi, so‘nggi haftalardagi tortishuvlardan keyin G‘azo aholisiga Isroilda ishlash uchun ko‘proq ruxsatnoma berilgan, G‘azoga Qatar pullarining navbatdagi transhi kirgan va hokazo edi. Demak, ularning hozirgi talablari qondirildi, ular hozir urushishmaydi, mashg‘ulotlar esa oldin ham bo‘lgani kabi mavsumiy mashg‘ulotlar deb taxmin qilingan.
Va razvedka ham amaliyotga tayyorgarlikni fosh eta olmagan.
Shuning uchun armiya bo‘shashgan, chegaradagi kuchla jangovar shay holatida bo‘lmagan, HAMAS esa mutlaqo qo‘qqisdan hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi va natija ham shunga yarasha.
Bu yana bir bor niyatni baholash imkoniyatlarni baholashni to‘liq almashtirmasligi kerakligini, va dushmanning ehtimoliy harakatlarini o‘zi uchun foydali yoki foydasiz bo‘lishiga qarab baholash halokatli oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatdi.
BBC: Isroil buyog‘iga nima qiladi?
David Gendelman: Ayni vaqtda e’lon qilingan «Temir qilichlar» amaliyoti Isroil aholi yashash manzillarini u yerlarda qolgan HAMAS jangarilaridan to‘liq tozalash va G‘azo sektori bo‘ylab havo zarbalarini ko‘zda tutadi.
Parallel ravishda zaxiradagilarni safarbar qilish va yerdan amaliyot boshlash doirasida quruqlik qo‘shinlarini chegaraga olib borish ishlari ketmoqda.
BBC: HAMAS ko‘p miqdorda odamlarni garovga oldi. Isroil bu muammoni qanday hal qiladi?
David Gendelman: Isroilliklar orasida qurbonlar ko‘pligi va HAMAS tomonidan eskalatsiya plankasi «odatdagi»dan keskin ko‘tarilishi Isroilning yanada kuchliroq javob qaytarishi va o‘tmishdagi faqat «aviatsiya» zarbalaridan iborat bosqichlardan farqli o‘laroq quruqlik amaliyoti o‘tkazishi ehtimolini oshiradi.
Bu holatda G‘azodagi garovga olingan isroilliklar soni ko‘pligi masalasi dialektika: bir tomondan bu ham quruqlik amaliyoti ehtimolini oshiradi, boshqa tomondan uning o‘tkazilishini qiyinlashtiradi, chunki asirlar bundan jabrlanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!