
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tibbiyotida raqamli inqilob avj olmoqda — shifokorlar endilikda bemorlarni tekshirish va davolash jarayonlarida sun’iy intellekt (AI) texnologiyalaridan faol foydalanmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat bo‘ylab AI yordamida amalga oshirilayotgan tekshiruv va muolaja turlari soni 43 taga yetdi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tibbiyot muassasalarida 179 ta yangi tashxislash va 199 ta davolash usuli joriy etilgan. Ular orasida jigar va buyrakni kam invaziv usulda transplantatsiya qilish, yurakka sun’iy chap qorincha o‘rnatish (LVAD), suyak ko‘migi transplantatsiyasi, epilepsiya kasalligini davolashda miya implantatsiyasi, hamda umurtqa diski churrasini olib tashlash kabi murakkab amaliyotlar bor.
Hozirda hududiy ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida 379 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar bajarilmoqda. Bu esa bemorlarning Toshkentdagi markazlarga yo‘l olishi ehtiyojini keskin kamaytirdi — agar avval 80 foiz bemorlar poytaxtga borishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 15 foizgacha tushgan.
Shu bilan birga, bu yil davlat tibbiyot muassasalariga ilk bor robotlashtirilgan texnologiyalar joriy qilindi. Ular Respublika ixtisoslashgan urologiya markazi va Milliy tibbiyot markazida jarrohlik, diagnostika va davolash jarayonlarida samarali foydalanilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yaqin kelajakda MRI, KT va rentgen tasvirlarini sun’iy intellekt orqali avtomatik tahlil qilish, jarrohlik operatsiyalarini virtual simulyatsiya usulida o‘tkazish hamda gibrid amaliyotlar sohasini kengaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida ham muhim yutuqlarga erishilmoqda. Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti olimasi Dildora Muhammadiyeva rahbarligidagi jamoa ko‘krak bezi saratonini ilk bosqichlarida aniqlaydigan sun’iy intellekt dasturini yaratdi. Bu loyiha kelgusida ayollar salomatligini muhofaza qilishda ulkan ilmiy qadam sifatida baholanmoqda.
Tibbiyot mutaxassislarining ta’kidlashicha, sun’iy intellektni amaliyotga joriy etish nafaqat operatsiyalarni aniq va xavfsiz bajarish imkonini yaratadi, balki shifokorlar yukini yengillashtirib, bemorlarning tiklanish jarayonini ham tezlashtiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!