Saudiya Arabistoni va Misr – eng katta arab davlatlari. Ular Falastin-Isroil nizosida muhim va ta’sir etuvchi kuchga ega. Kun.uz muxbiri nizoning joriy keskinlashuviga bu ikki mamlakatning munosabati haqida Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert, Saudiya Arabistoni va Misrda faoliyat yuritgan diplomat Lutfiddin Xo‘jayev bilan suhbatlashdi.
— Mintaqadagi asosiy davlatlar bo‘lmish Saudiya Arabistoni va Misrning hozirgi to‘qnashuvlarga bo‘lgan munosabati qanday?
— Saudiya va Misr tashqi siyosatda Yaqin Sharq muammosi, jumladan, Falastin muammolarini hal qilishga ustuvor e’tibor beradi. 1948 yil may oyida BMT tomonidan Falastin hududida ikki mustaqil davlat – Falastin va Isroil davlatlarini tashkil qilish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bundan arab dunyosi davlatlari norozi bo‘ladi, 1948-1952 yillarda nizolar yuzaga keladi. 1967 yilda Isroil Falastin yerlari, Misrning Sinay yarimoroli, Suriyaning Jo‘lan tepaliklari, Livanning bir qismini bosib oladi. Bu vaziyatda Saudiya arab davlatlariga moddiy va siyosiy yordamlar beradi. Muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘p tashabbuslarni ilgari suradi. 1982 yilda podshoh Abdulaziz Isroil bosib olgan barcha arab yerlarini qaytarish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatdi.
[2023 yil] 7 oktyabrdan keyingi voqealarga Saudiya tomoni ehtiyotkorlik bilan yondashyapti. Birinchi o‘rinda zulmni to‘xtatib, tinch muzokaralar o‘tkazish kerakligini ta’kidlashyapti. Oddiy aholi qurbon bo‘lyapti. G‘azoda vaziyat juda murakkab. Shuning uchun Saudiya tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiryapti. BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyalari doirasida yondashish ko‘zda tutilyapti.
— Nima uchun Saudiya jiddiy qadamlar tashlamayapti?
— Chunki vaziyat juda murakkab. Ham mintaqaviy, ham global darajadagi o‘yinchilar bor bunda. Shuning uchun yagona to‘g‘ri yo‘l – muzokaralar, tinch vositalar. 2020 yilda AQSH ishtiroki bilan arab davlatlari va Isroil o‘rtasida kelishuv ham bo‘lgandi shu doirada.
— Deylik, Saudiya va BAA kabi davlatlarning HAMASga munosabati bu tashkilotning, aytaylik, Eron bilan hamkorlik qilishiga bog‘liqmi? Mintaqaviy va global o‘yinchilarga kengroq qarasak.
— HAMAS Falastindagi 2006 yilgi saylovlarda e’tirof etilgan. Falastindagi siyosiy kuchlar o‘rtasida birlik yo‘q, eng katta muammo ham shunda. Falastin Ozodlik tashkiloti bor, uni Yosir Arofat boshqarar edi, keyinchalik bu maydonga HAMAS ham kirib keldi. Saudiya 1987 yildan HAMAS bilan hamkorlik qilishni boshladi va asosan moddiy yordam bergan. Saudiya Falastin aholisini oziq-ovqat va dori-darmonlar bilan ta’minlash uchun katta mablag‘ ajratgan. 2001 yilgacha HAMAS juda erkin harakat qilgan, 1999 yilda Saudiya tomonidan 200 mln dollar ajratilgan edi HAMASni qo‘llash uchun. Islom taraqqiyoti banki orqali fond ham tashkil qilingandi. Umuman, Falastinga yordamlar xalqaro tashkilotlar doirasida bo‘lyapti.
— Nega hozir Saudiya tashkilotdan masofa saqlagandek bo‘lyapti?
— Saudiya yordam ham beryapti. 2007 yil Makkada Falastin, Suriya, Saudiya vakillari qasamyod qilishgan edi. Eron rasmiylari ham bor edi. O‘shanda Falastindan HAMAS va Falastin Ozodlik tashkiloti rahbarlari qatnashgan va Falastin uchun Makkada qasamyod qilishgan edi.
Hozirgi holat uzoqlashish emas, vaziyat murakkabligi deb izohlanadi. Lekin insonparvarlik yordami ko‘rsatish doimgiday yuqori darajada bo‘lyapti.
— Misr haqida ham gaplashsak.
— Misr davlati Isroil va arab davlatlari mojarosida doim faol qatnashgan. 1967 yilgi urushda hududining bir qismini boy berib, 1973 yilgi janglarda qisman qaytarib oldi. Shundan so‘ng ko‘proq diplomatik yo‘l bilan muloqot qilishga harakat qiladi. 1977 yilgi kelishuvda barcha yerlarini qaytarib oladi. Misrning Isroil bilan diplomatik aloqalari tufayli boshqa arab davlatlaridan farqli ravishda pozitsiyasi boshqacharoq bo‘ladi.
Umuman, Misr har tomonlama arab davlatlari ichida yetakchilardan. Bundan tashqari, Misr Falastin va Isroilga juda yaqin joylashgan. 2014 yilgi Yaqin Sharq voqealaridan so‘ng Misr bu masalalarga, xususan, Falastin muammosiga katta e’tibor qaratyapti. Yevropa davlatlari bu masalalarda muzokaralar olib borishda Misr diplomatiyasiga tayanadi. Hozir ham Isroil-Falastin o‘rtasidagi asosiy muzokaralarni Misr tomoni olib boryapti. Hatto hozirgi konflikt haqida Misr tomoni oldindan ogohlantirgan edi, degan xabarlar ham tarqayapti. G‘azo sektori orqali Misrga ham kontrabanda mahsulotlari, qurol, giyohvand moddalar, terrorchilar kirib kelishi mumkin, Suriya orqali o‘tgan shunday kanal mavjud, shuning uchun Misr bu masalalarga katta e’tibor qaratadi.
— Isroil-Falastin urushlaridan so‘ng doim Isroil ma’lum hududni o‘ziga qo‘shib olgan. Bu galgi urushdan so‘ng vayron bo‘lgan G‘azo sektorining keyingi taqdiri qanday bo‘ladi?
— 2021 yilgi oxirgi to‘qnashuvlardan so‘ng Qohirada Misr, Iordaniya, Falastin rahbarlari o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib, G‘azo sektorini qayta tiklash masalalari ko‘riladi. Qayta tiklash ishlariga misrliklar 500 mln dollar yordam ko‘rsatishni aytgan edi. Bu ishlar to‘xtab qolmaydi, u yerda 2,4 mln aholi yashaydi. Misrning Sinay yarimorolida qochoqlarni joylashtirish masalasi ham ko‘tarildi, lekin bu narsa rad etildi.
Misr 1967 yil iyun oyigacha bo‘lgan chegaralari bo‘yicha Falastin muammosini hal qilishni yoqlab chiqyapti. Arab davlatlari uyushmasidan tashqari, Islom hamkorlik tashkiloti bor. Bu tashkilot tuzilganida asosiy maqsadi Falastin masalasini yechish bo‘lgan. Misr tomoni BMTda, Arab davlatlari uyushmasida va Islom hamkorlik tashkilotida doim Falastin masalasini ko‘tarib chiqyapti.
Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!