20:13 / 20.10.2023
453

Bayden Isroilga keldi: bu nimani anglatadi?

Bayden Isroilga keldi: bu nimani anglatadi?

Isroil va Hamas kuchlarining navbatdagi keng ko‘lamdagi harbiy harakatlari dunyo geosiyosiy maydonidagi vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. AQSH esa har doimgidek Isroilni qo‘llashda davom etmoqda.

7 oktyabrda Hamas tomonidan Isroil hududiga xujum ortidan nafaqat Yaqin Sharq geosiyosiy vaziyati, balki butun dunyodagi geosiyosiy munosabatlar o‘zgarmoqda, transformatsiya bo‘lmoqda.

Isroil – Yaqin Sharqdagi g‘arbning bir bo‘lagi. Davlat tizimi, tafakkur tarzi, siyosiy madaniyat ham g‘arbga juda yaqin. Lekin jiddiy ziddiyatlar ham bor. Hamas xujumi ortidan, kollektiv G‘arb Isroilga o‘zining so‘zsiz qo‘llovini bildirish – siyosiy urf va tarixiy majburiyat bo‘lib shakllandi. Har safar Isroil biron qiyinchilikka uchrasa “dushmanlar qurshovidagi ushbu davlatni qo‘llashimiz kerak” degan tafakkurdan kelib chiqib, g‘arb davlatlari o‘zlarining qo‘llovini bildirib keladi.

Shu kunlarda Isroilni qo‘llab-quvvatlash uchun AQSH prezidenti Bayden, Germaniya kansleri Shols, Angliya bosh vaziri Rishi Sunak va boshqa liderlar keldi.

AQSH – Isroilning bosh homiysi, himoyachisi. AQSHning Isroil bilan aloqalari nafaqat demokratiyaga borib taqaladi, balki Isroil – davlat sifatida Angliya va AQSH tomonidan shakllantirilgan va himoya qilinadigan loyiha hisoblanadi. Lekin Isroil davlatining tashkil topganiga 75 yil o‘tib, g‘arb davlatlarining Isroil va uning atrofidagi geosiyosiy vaziyat nihoyatda ziddiyatli bo‘lib bormoqda.

Isroil bosib olgan yerlarni o‘z qo‘lida ushlab turish uchun Falastin davlati tashkil topishini o‘z manfaatlariga tahdid deb biladi. Lekin xalqaro qonunchilik va kelishuvlarga ko‘ra, Falastin davlati tashkil topishi kerak. Falastinning yo‘qligi, falastinliklarga nisbatan uzoq vaqt davom etayotgan genotsid, bosimlar, diskriminatsiya siyosati nafaqat Isroilni, balki ushbu davlatni homiylikka olgan AQSHni ham global obro‘yiga zarar yetkazib keladi.

AQSHda juda kuchli yahudiy lobbisi faoliyat ko‘rsatadi. AQSH tarixida Isroilga salbiy qarashda bo‘lgan siyosatchilar bo‘lgan va bor. Lekin bu siyosatchilar yahudiy lobbisining bosimiga uchrashni istamaganligi uchun, ancha ehtiyotkor bo‘lishga majbur.

Isroil davlati 1947 yilda tashkil topgan bo‘lsa, keyingi o‘n yilliklarda eng isroilparast AQSH prezidenti Tramp bo‘ldi. Tramp AQSH elchixonasini de-fakto Quddusga ko‘chirdi, uch arab davlatiga bosim o‘tkazib, Isroilni tan oldirishga erishdi. Falastinni moliyalashni to‘xtatdi, Falastin davlati tashkil topish borasidagi AQSH pozitsiyasini esga olmadi.

Lekin Trampga qadar hokimiyatda bo‘lgan Obama, mutlaq teskarisi – u Isroilga shubha bilan qarar edi. Obama, Yaqin Sharqni qayta formatlashga kirishgan edi. Obama Eron bilan yarashish, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish maqsadida Isroildan biroz masofa saqlashga moyil edi. AQSH tarixida faqat bir marta BMT Xavfsizlik Kengashida Vashington o‘zining vetosini ishlatmagan – 2016 yilda, ya’ni Obama davrida.

Bayden – Obamaning vitse-prezidenti bo‘lib 8 yil ishladi. Shuning uchun, Baydenda ham demokratlarga xos, so‘llarga xos ma’lum qarashlar bor. Bayden hokimiyatga kelganiga bir necha yil bo‘ldi, lekin shu paytga qadar Isroil Bosh vaziri Netanyahu Vashingtonga, Oq uyga taklif qilinmagan edi.

Boshqacha qilib aytganda, Isroilga homiylik qilish AQSHga juda qimmatga tushmoqda. AQSHning ikki milliardlik musulmon dunyosidagi yumshoq kuchiga soya solmoqda. Buni anglasa-da, AQSH siyosiy elitasi Isroildan voz kechmaydi, kecha olmaydi. Sababi, AQSH siyosiy elitasida, AQSH milliy va strategik manfaatlaridan ko‘ra, Isroil manfaatlarini yuqoriroq tutadigan qatlam juda qudratli.

Isroilning bosh homiysi AQSH bo‘lsa, keyingi o‘rinda Yevropa Ittifoqi davlatlari va kollektiv G‘arbning qolgan a’zolari turadi. Lekin AQSHga qaraganda, Yevropa Ittifoqining Falastin borasidagi pozitsiyasi ancha muvozanatli.

Aniqrog‘i, Yevropa Ittifoqi rasmiy doiralarining pozitsiyasi Isroil tarafda, lekin, jamoatchilik fikri va so‘l qanot siyosiy kuchlarning mutlaq aksariyati Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi. Kuzatishlarga ko‘ra, taxminan 60-80% yevropalik jamiyatlar Falastinning qurbon ekanini anglaydi va Isroilning bosqinchilik siyosatini tanqid qiladi.

1989 yilda, Reygan prezidentligining oxirgi yillarida AQSHda “NATOdan tashqari bo‘lgan ittifoqchi davlatlar” degan tushuncha kiritiladi. Va eng birinchi bo‘lib Isroil “NATOga kirmagan, lekin yaqin ittifoqchi davlat” deb e’lon qilinadi. Bu loyihaga ko‘ra, Isroilga cheksiz qurol-yarog‘, moliyaviy yordam va texnologik ko‘mak beriladi.

Albatta, AQSH Isroilni himoya qilishda davom etadi. Lekin Isroilni himoya qilish AQSHga juda qimmatga tushayotganini bugun Vashingtonda hamma tushunib bo‘lgan. Globallashgan dunyoda dunyo hamjamiyatining fikri – katta kuch-qudrat hisoblanadi. Isroil-Falastin mojarosida dunyo afkor ommasining mutlaq aksariyati kim kimga jabr-zulm qilayotganini yaxshi biladi. Falastin davlati tashkil topmas ekan, bu yerda haqiqiy tinchlik va barqarorlik bo‘lmasligi kundek ravshan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo