Foto: Getty Images
«Pryamaya liniya» vaqtida Vladimir Putin Rossiyaning Ukrainada jang qilayotgan qo‘shinlar guruhi soni va tarkibi bilan bog‘liq ayrim raqamlarni keltirdi. BBC ushbu raqamlar asosida Rossiya armiyasining holati haqida qanday xulosalar chiqarish mumkinligini aniqlashga harakat qildi.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot» hududida 617 ming nafar rossiyalik harbiy joylashgan. «To‘qnashuv chizig‘i uzunligi — ikki ming kilometrdan uzunroq, harbiy harakatlar hududida 617 ming kishi bo‘lib turibdi», — deya xabar bergan u.
Shundan 244 ming nafari — 2022 yil sentyabrida boshlangan safarbarlikning birinchi to‘lqini vaqtida xizmatga chaqirilganlardir.
«Qarang, bizda qisman safarlik bo‘ldi va biz o‘shanda 300 ming kishini chaqirdik […] Hozir, menimcha, 244 ming kishi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlar hududida bo‘lib turibdi», — degan Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 41 ming kishi «ma’lum yoshga yetgani, salomatligi va boshqa sabablar tufayli» xizmatdan bo‘shab ketgan.
2023 yil boshidan, safarbarlikning birinchi to‘lqini yakunlanganidan buyon Rossiya hukumati shartnoma asosida armiyada xizmatga jalb qilish kampaniyasini faollashtirdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali ayni vaqtga kelib 486 ming kishi bilan shartnoma tuzilgan, yil oxirigacha bu raqam qariyb yarim millionga yetadi.
Putin Rossiyada safarbarlikning navbatdagi to‘lqini bo‘lmasligiga ishontirgan. Kamida hozircha. «Bizga safarbarlikning nima keragi bor? Bugungi kunda bunga zarurat yo‘q», — degan u.
Bu raqamlar nimani anglatadi?
O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Putin birinchi to‘lqinda safarbar etilgan rossiyaliklar sonini ochiqlagandi. «300 ming kishi safarbar qilingan… Bizda esa — 318 ming. Nega 318? Chunki ko‘ngillilar ham bor», — degandi u.
Agar bundan xizmatdan bo‘shatilgan 41 ming kishi, shuningdek Putin 14 dekabr kungi jonli muloqot vaqtida aytganidek ayni vaqtda hozirda harbiy harakatlar hududida bo‘lib turgan 244 ming kishi chiqarib tashlansa, 33 ming kishi qoladi.
Rossiya prezidenti bularning taqdiri bo‘yicha hech narsa demagan. Lekin bu yo‘qotishlar soni aynan shuncha degani ham emas — Putin «harbiy harakatlar zonasi» degan iborani ishlatgan, bu safarbar qilingan 33 ming kishidan ayrimlari ayni vaqtda shunchaki Rossiya hududida bo‘lishi ham mumkin.
Agar frontda qolayotgan safarbar qilinganlar (244 ming kishi) 2023 yilda shartnoma asosida harbiy xizmatga qabul qilinganlar (486 ming)ga qo‘shilsa, 730 ming kishi chiqadi — Rossiya armiyasi 2022 yil kuzidan buyon kamida shunchaga ko‘payganini bildiradi.
Bu u yoki bu darajada aniq deb hisoblash mumkin bo‘lgan yagona raqamdir.
Nima noma’lum qolmoqda?
Buning asosida Rossiya qurolli kuchlarining haqiqiy sonini hisoblash qiyin, chunki 2022 yil kuzida, safarbarlik boshlanguniga qadar frontda qancha harbiy bo‘lgani to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Birinchidan, Rossiya guruhi miqdori (uning tarkibiga nafaqat Rossiya armiyasi qismlari, balki «LXR» va «DXR»dagi harbiy tuzilmalar ham kiradi) bosqin boshlangan vaqtda turli manbalarda turlicha keltirilgandi.
Harbiy ekspertlar ko‘pincha 300 ming atrofidagi raqamlarga tayangan, ammo bu ma’lumotlar faqat taxminiy bo‘lgani tufayli ulardan qandaydir natijalar olish uchun foydalanish qiyin.
Ikkinchidan, frontda halok bo‘lganlarning aniq soni noma’lum bo‘lib qolmoqda. BBC rus xizmati «Mediazona» bilan birgalikda ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida qurbonlar sonini aniqlashga urinib keladi va 2022 yil 11 noyabr holatiga ko‘ra 8712 nafar askar va zobitlarning o‘limini rasman tasdiqlagan.
Ammo bu ma’lumotlar to‘liq emas va aniq raqam ikki barobar ko‘p bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bu hisob-kitoblar «DXR» va «LXR» harbiy tuzilmalari safida mojaroda ishtirok etganlarni o‘z ichiga olmaydi.
2023 yil 1 dekabrda Vladimir Putin imzolagan farmonga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlarida shtatdagi harbiy xizmatchilar soni 1 150 628 nafardan 1 320 000 nafarga oshirildi.
Shundan 130 ming nafarini muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar tashkil etadi — Rossiya hukumati kuzgi chaqiriq vaqtida aynan shuncha yoshlarni xizmatga chaqirishni rejalashtirgandi.
Rossiya prezidentiga ishonish mumkinmi?
Putin 14 dekabr kungi matbuot anjumanida tilga olgan raqamlarni tahlil qilishni qiyinlashtiradigan yana bir holat mavjud.
Bu raqamlar katta urush tomonlaridan biri bo‘lgan davlat rahbari tilidan yangramoqda.
Rossiya o‘z qurolli kuchlari haqidagi ko‘p ma’lumotlarni maxfiy tutadi: xususan, yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinmaydi. Frontdagi guruh miqdori ham uzoq vaqt sir tutilgan.
Shuning uchun Vladimir Putin haqiqiy raqamlarni oshkor etishdan manfaatdor emas, deb taxmin qilish mantiqan to‘g‘ridir.
Boshqa tomondan, bu rasmiy bayonot bo‘lib, bu agar noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa, uning siyosatchi sifatidagi obro‘siga ta’sir qiladi.
Putin tomonidan aytilgan raqamlarni mustaqil manbalar orqali tekshirish imkonsiz.
Boshqa tomondan, bu yagona rasmiy ma’lumot bo‘lib, kelgusida aksar ekspert va jurnalistlar o‘z materiallarida shu raqamlardan foydalanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring