date
views 466

Suv bilan harakatlanadigan mashina ixtirochisi qotillik qurboni bo‘lgan edimi?

Suv bilan harakatlanadigan mashina ixtirochisi qotillik qurboni bo‘lgan edimi?
Stenli Meyer
Suv bilan harakatlanadigan avtomobillar ko‘pchilik uchun haqiqatdan uzoq tuyulishi mumkin. Lekin bunday ixtiro ustida 20-asrdayoq AQSHlik ixtirochi Stenli Meyer ish olib borgan va uning zaharlanishi oqibatida ishlar chala qolib ketadi.

Stenli Meyer kim?
1940 yilda AQSHda tug‘ilgan olim bolaligidanoq yangiliklarga o‘ch bo‘lgan. U haqida egizagi Stiven Meyer "Biz doim nimanidir qurar edik" deb eslaydi.

Stenli Meyer okeanshunoslik, bank va hatto kardiotekshiruv yo‘nalishlarida ham patentlarga ega edi. Ixtirolari shunchalik ko‘pligidan 1989 yilda patent idorasi Stenliga innovatsiyalari uchun alohida ustunlik beradi. Stenlining patentlari ariza topshirilgandan 8 oydan keyin kuchga kiradi. Odatda bungacha bo‘lgan jarayon uchun bir yildan oshiq vaqt ketishi hisobga olinsa, bu juda tez edi. Ixtirochi 200 mingdan ortiq patent uchun ariza topshirgan.

Stenli Meyer tadbirkorlik qobiliyatiga ega odam edi. Uning ishlari ko‘plab milliy va xalqaro kengashlar tomonidan tan olingandi. Olim 1993 yilda Yil ixtirochisi mukofoti bilan taqdirlangan.

Suv bilan harakatlanadigan mashina tarixi
1975 yilda Saudiya Arabistoni Qo‘shma Shtatlarga neft yetkazib berishni qisqartirgani sabab neft narxi keskin oshadi. AQSHda ko‘plab korporatsiyalar pul yo‘qotadi, bankrot bo‘ladi. Neftning juda qimmatlab ketgani Amerika avtosanoatida yangi mashinalarga talabni nolga tushirib qo‘yadi. Bunday vaziyatda nimadir qilish kerak edi.

Shu vaziyatda Stenli Meyer avtosanoatda inqilob qilishi va AQSHning yonilg‘iga qaramligini tugatishi mumkin bo‘lgan ixtirosini ishlab chiqdi. Bu haqida o‘zi intervyularidan birida "Biz muqobil energiya manbaini yaratishimiz, eng muhimi, buni tez qilishimiz kerak", deydi.

Meyer vodorod yonilg‘i kamerasini ishlab chiqqandi. Uning iddao qilishicha, qurilmasi ishlatilsa, mashinalar yonilg‘i o‘rniga suv bilan quvvatlanishi mumkin.

Meyer yaratgan yonilg‘i kamerasida suv atomlari 2 ta asosiy shaklga: 2 ta vodorod va bitta kislorod atomiga bo‘linadi. Vodorod avtomobilni harakatlantirish uchun yondiriladi, kislorod esa qolgan suv qoldiqlari bilan birga chiqarib tashlanardi. Bu holatda benzin bilan ishlaydigan avtomobillarga solishtirganda salomatlik uchun zararli chiqindilar ham ajralmasdi.

Meyerning ixtirosi inqilobiy edi. Sababi suv bilan ishlaydigan avtomobillar zararli chiqindi ajratmagani sababli global isish xavfini kamaytirar, AQSHning, umuman dunyoning neftga qaramligini kamaytirardi. Chunki borib-borib umuman neft ham tugaydi, suv esa oson topilishi mumkin bo‘lgan eng muqobil yonilg‘i edi.

Dvigatel ustidagi bir necha oylik mehnatdan so‘ng Meyer o‘zining suv bilan ishlaydigan mashinasini Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab namoyish qildi.

Mashina namoyishini ko‘rgan har bir kishi uning konsepsiyasi qanchalik innovatsion va inqilobiy ekanidan hayratda qoladi. Yonilg‘i kamerasi elektroliz yordamida hisob-kitob qilinganidan ham ko‘proq vodorod olishi mumkin edi. Mashina 75 litr suv bilan butun mamlakatni kezib chiqadi.

To huquqiy muammolar paydo bo‘lmaguncha g‘oya juda yaxshiga o‘xshab tuyuladi. Ammo vodorod yonilg‘i kamerasi ishlab chiqilgandan biroz vaqt o‘tib vodorod bilan ishlaydigan mashinaning firibgarlik va noqonuniylik mahsuli sifatida sudga da’volar tusha boshlaydi. Keyinchalik sudda uning ixtirosi 3 ekspert tomonidan tekshiriladi va inqilobiy hech narsa yo‘q deb topiladi.

Qotillik

Stenli Meyerning o‘limi to‘g‘risida yozilgan gazeta
1998 yil martida Stenli Meyer egizagi Stiven bilan birgalikda belgiyalik ikki investor bilan uchrashuv chog‘ida zaharlangan holda o‘lim topadi. Uning oxirgi so‘zi "Meni zaharlashdi" bo‘ladi.

Ixtirochining o‘limidan so‘ng 3 oylik tekshiruvlardan keyin politsiya uning o‘limini tabiiy o‘lim deb topadi. Zaharlanish haqidagi iddao tasdig‘ini topmaydi va qotil ham noaniqligicha qoladi. Tabiiy o‘lim xulosasiga qaramay ko‘pchilik Meyer o‘ldirilgan degan fikrda qoladi.

Ixtirochining egizagi Stiven uning o‘limidan bir hafta o‘tib suv bilan harakatlanuvchi mashina va boshqa asboblari o‘g‘irlab ketilganini aytadi. Mashina keyinchalik topiladi, lekin holati haqida bir nima deyish qiyin edi.

Garchi g‘oyalari hozirga qadar isbot topmagan bo‘lsa-da, Stenli Meyerni tarix unutib yubormaydi, ehtimol, uning yangiligi amaliyotga aylanishi mumkin. Masalan, Formula 1 mashinalari vodorod bilan harakatlanishi bo‘yicha rejalar olib borilayotgani e’lon qilingan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Suv bilan harakatlanadigan mashina ixtirochisi qotillik qurboni bo‘lgan edimi?