741
Siyosiy tahlilchilar: Medvedev Kremldagi kayfiyatni Putindan ko‘ra ancha ochiqroq ifodaladi
RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Sochida yoshlar bilan uchrashuvda so‘zga chiqib, avval rus tarixchilari va shovinist qatlam tomonidan postsovet hududiga nisbatan aytib kelingan da’volarni yuqori darajada rasmiylashtirgandek bo‘ldi. Kun.uz uning bayonotlari nimani anglatishi haqida siyosiy tahlilchilar Oybek Sirojov va Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.
— Bugun Medvedevning Rossiyadagi siyosiy vazni qanday? U Moskvaning qarashlarini qanchalik ifodalay oladi?
Kamoliddin Rabbimov: — Jamoatchilik va dunyo ekspertlari fikriga quloq solsak, Medvedevga berilayotgan baho ancha pastdek ko‘rinadi. Ya’ni go‘yoki u siyosiy o‘yindan chiqarilgan, hokimiyatga, ichki va tashqi vektorga ta’sir qilish salohiyati ansa past, degan qarashlar bor. Lekin menimcha, bu qarashlar ancha noto‘g‘ri. Medvedev prezidentlikdan ketgani bilan unga berilayotgan savollar, jurnalistlar bilan uchrashuvlari kamaygani yo‘q. Uning chiqishlari doim Rossiya jamoatchiligi fikri va siyosiy elitaga ta’sir qilgan. Rossiya hokimiyati kollektiv yig‘ilishlarida doim Putinga yaqin o‘tiradi, muttasil ravishda Putin bilan uchrashib ham turadi.
Boshqa tomondan qarasak, Putin hokimiyatga kelgandan buyon yuqori lavozimlarga chiqib, keyin hokimiyat tarkibidan chiqarilgan shaxslar bor, lekin Medvedev bilan bunday bo‘lgani yo‘q. U doim dirinchi qatorlarda o‘tiradi, doim intervyular, bayonotlar beradi. Agar Medvedev hokimiyatdan uzoqlashtirilganda, uning chiqishlari ham kamaygan bo‘lar edi.
Xulosa qilish mumkinki, Medvedev Rossiyadagi 10 ta yoki 5 ta qudratli siyosiy shaxslardan biri. Medvedev aytayotgan gaplar Kremldagi umumiy ob-havoni, siyosiy, geosiyosiy kayfiyatni Putinga nisbatan ancha ochiqroq va agressivroq ifodalab beryapti.
Oybek Sirojov: — Bayonot ichki auditoriyada aytilgan bo‘lsa-da, asosan tashqi auditoriyaga qaratilgan edi. Yevropaga, AQSHga, Ukraina va postsovet hududlariga qaratilgan yondashuvlar bor. Bayonotda Rossiya chegarasi qayerda tugaydi, degan masalani geografik va strategik nuqtayi nazardan asoslashga harakat qilingan. Strategik nuqtayi nazardan Rossiya chegarasi hech qayerda tugamaydi, dedi. Bu – juda katta chaqiruv. Geografik nuqtayi nazardan esa, Putin aytgan hududlardan ham ko‘proq hududni nazarda tutdi.
Chiqish boshida Fransiya masalasini ko‘tarib, 210 yil oldin rus askarlari Parijgacha borib Yevropada tartib o‘rnatgan, kerak bo‘lsa bu ish yana takrorlanadi, degan fikrni aytdi. Bu gaplar Makronning fransuz harbiylarini Ukrainaga kiritish haqidagi bayonotiga javob sifatida gapirildi. AQSH, Germaniyaga nisbatan ham o‘z yondashuvlarini ilgari surdi. Katta Rossiya, kichik Rossiya degan tushunchalarni tilga olib, postsovet hududlarini qaytarish haqida ham gapirdi.
— Medvedev SSSRni “Rossiya imperiyasining qadrli davomchisi” deya, imperiya paytida qo‘lga kiritilgan hududlarni Rossiyaga qaytarish haqida gapirdi. Bu bayonotlar postsovet hududida qanday qabul qilindi yoki qilinishi kerak?
Kamoliddin Rabbimov: — Medvedevning bayonotlari xalqaro huquq va davlatlarning hududiy yaxlitligi nuqtayi nazaridan salbiy qabul qilinadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin xalqaro qonunchilik, xalqaro huquqning asosida davlatlarning hududiy yaxlitligi turadi. Dunyo hamjamiyati tan olgan chegaralarga bostirib kirishga, o‘zgartirishga hech kimning haqqi yo‘q. Hududiy yaxlitlikni buzish ichki aralashuv orqali ham bo‘lishi mumkin emas. Masalan, ichkaridan biror bir guruhni qo‘llab,shu orqali eskalatsiyani kuchaytirish kabi aralashuvlar rasman mumkin emas.
Medvedevning ichki shaxsiy motivlariga ham to‘xtalish kerak. Prezidentlik davrida liberal deb qabul qilingan Medvedev bugun agressiv bayonotlar beruvchi shaxs bo‘lib turibdi. U prezidentlikdan ketgach, 2014 yilgi Qrim anneksiyasidan keyin Putin atrofida kuch ishlatish tarafdorlari yig‘ilib qoldi, shunday muhitda Medvedev o‘z mavqeini saqlashga va parvarishlashga harakat qilyapti. Lekin uning bayonotlari faqatgina buning uchun emas, rostdan ham tafakkuri o‘zgardi deb o‘ylayman. Rossiya siyosiy elitasining asosiy salmoqli qismida agressiya, shovinizm, imperiyachilik tafakkuri yuqori turadi. Medvedevning bayonotida ham “buyuk Rossiya imperiyasi” degan jumla bir necha marta takrorlandi. Bugungi Moskva tafakkuriga ko‘ra, Chor Rossiyasi, Sovet ittifoqi va bugungi Rossiya – bitta struktura. Medvedev bu tafakkurni ochiq tasdiqlayapti.
Bayonotni Boltiqbo‘yi davlatlarida, boshqa postsovet hududidagi davlatlarda ko‘plab ekspertlar tahlil qilishdi. Ba’zilar Medvedev ko‘p alkogol iste’mol qilishini esladi, lekin u so‘zga chiqish chog‘ida hushi o‘zida edi. Qolaversa, o‘z qarashlarini nutq sifatida yozib kelib, o‘qib berdi, xaritalar ham ko‘rsatildi, demakki, bu gaplar – anglangan va tizimga solingan fikrlar.
Oybek Sirojov: — Shundoq ham Prelepin va boshqalarning tahdidli chiqishlaridan keyin postsovet hududidagi davlatlar jamiyatida sergaklik va Rossiyaga nisbatan ehtiyotkorlik, ishonchsizlik kuchaydi, bunday chiqishlar esa bu tendensiyani yanada kuchaytiradi. Medvedevning bayonoti Yevropa davlatlarini qo‘rqitish ma’nosida bo‘lgandir, lekin buning oqibatlari aks ta’sirli bo‘lishi mumkin, ya’ni postsovet hududlari nuqtayi nazaridan.
— Jamiyat uchun qo‘rquvdir, lekin siyosiy elitalar uchun signal emasmi bu?
Oybek Sirojov: — G‘arb elitasiga ham signal bo‘lyapti bu yerda. Lekin bu signal ular kutgandan teskari natija berishi mumkin. G‘arbda asosiy masala urushni to‘xtatish bo‘lib turibdi. Lekin Rossiya siyosiy elitasining yuqori vakilidan biri Rossiya chegarasi hech qayerda tugamaydi, Yevropada tartib o‘rnatamiz, deyishi ularni sergaklantirib, ikkilanishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, eng muhim masalalardan biri – kelajakda rejalashtirilayotgan Rossiya va boshqa davlatlar xaritasi e’lon qilinyapti, bu orqali esa ularning istagi namoyon bo‘lyapti. U xaritada Ukraina yerlarining katta qismi bosib olinib, Rossiya va boshqa davlatlarga bo‘linishi ko‘zda tutilgan. Bundan kelib chiqib G‘arbda Ukrainani ko‘proq qo‘llpshimiz kerak degan pozitsiya mustahkamlanishi mumkin. Ba’zi ukrainalik ekspertlar ham Medvedevning bu chiqishi bizga yordamni oshirishi ham mumkin deyapti.
Kamoliddin Rabbimov: — Bu nutq orqali Rossiya G‘arbga qarata: “Biz urushning keyingi yuqori bosqichlariga ham tayyormiz, taslim bo‘lmaymiz, shuning uchun sizlar chekinishingiz kerak”, degan bo‘lishi ham mumkin. Lekin menimcha, bu bayonotlardan asosiy maqsad – ichki molibizatsiya, ya’ni siyosiy elita va Rossiya jamiyatiga biz konfliktning yuqori nuqtasiga keldik, ortga chekinishga imkoniyat yo‘q, degan fikrni yetkazish.
— Bunday vaziyatda postsovet hududidagi davlatlar qanday yo‘l tutishi kerak?
Oybek Sirojov: — Asosiy masala shovinizm bo‘lib turibdi. Shovinizm bugungi Rossiya siyosiy elitasining asosiy motivlaridan biriga aylandi, menimcha. Ularning nazdida shovinizm g‘oyasisiz Rossiyaning yaxlitligini, orzu-niyatlarini amalga oshirib bo‘lmaydi.
Qanday yo‘l tutish kerak, deydigan bo‘lsak. Bunday propagandalarga qarshi propagandani amalga oshirish kerak. Deylik, siyosiy tahlilchilar agar Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga hujum qilsa, qanday ssenariy bo‘lishi haqida suhbatlar qilib, signallar berish mumkin. Rossiyaning kuchsizlanishiga qarab o‘tirmasdan, Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zi kuchayishi ham kerak. Kuchayishning optimal yo‘li esa integratsiya. Integratsiya biz uchun unikal imkoniyat, bu borada jiddiy qadamlar qo‘yishimiz lozim.
— Medvedevning bu bayonoti ilgari pastki shovinistik qatlamdan yangragan gaplarni rasmiylashtirish, deyish mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Medvedevning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha pozitsiyasi ikki nuqtadan iborat bo‘ldi. Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlariga rahmat aytdi, ya’ni kollektiv g‘arb tomonga o‘tib, antirossiya bo‘lmayapti, degan ma’noda. Ikkinchidan, SSSRning biz bilgan shakldagi ko‘rinishi tiklanishi imkonsiz, lekin Chor Rossiyasi, Sovet ittifoqi va hozirgi Rossiya bog‘liq, dedi, ya’ni bularni to‘liq Rossiyaga bog‘ladi.
Medvedevning ta’biriga ko‘ra, Markaziy Osiyo “Yangi Rossiya” tarkibiga kiradi. Ya’ni mintaqaning G‘arbga qo‘shilmayotgani yaxshi, lekin baribir bizga qo‘shilishi kerak, degan pozitsiyani kristallashtirgan holda bildirdi.
Putin ham bu pozitsiyalarni bir necha marta aytgan, lekin ancha ohistalik bilan, qog‘ozga o‘rab. U Sovet ittifoqi qulashini 20-asrning eng katta fojiasi bo‘lgan deb biladi. Ittifoqni unikal davlat bo‘lgan deb esa juda ko‘p aytgan. Stalinni yoqlaydi, Leninni esa tanqid qiladi. Karlson bilan intervyuda ham Leninni tanqid qilib, davlatlarning chiqib ketishini konstitutsiyasiga kirib noto‘g‘ri qilgan, dedi.
— 2022 yil Markaziy Osiyo integratsiyasini chuqurlashtirish uchun eng qulay vaqt emasmidi?
Oybek Sirojov: — 2022 yil qulayroq edi, lekin hozir ham qulay fursat. 2022 yildagi urush juda kutilmagan holat bo‘ldi, qanday oqibatlar bo‘lishi, ssenariy qanday bo‘lishini o‘rganish uchun hech bo‘lmaganda bir yil kerak bo‘ldi. Ko‘pchilik urush bunchalik cho‘zilib ketishini o‘ylamagandi.
2 yil davomida ma’lum qadamlar ham bo‘ldi, turkiy davlatlarning yaqinlashuvi tendensiyasi kuchaydi. Lekin hali jiddiy qadamlar oldinda va bu qadamlar tashlanishi kerak. Bundan keyingi imperiyachilikka qarshi real javob bera oladigan kuchni shakllantirishimiz kerak, xoh armiya bo‘lar, xoh iqtisodiy, texnologik taraqqiyot bo‘lar. Chunki bu kabi o‘zaro tirashuvlar kuchayib boradi va bunday jarayonda o‘z pozitsiyasini saqlab qolish uchun mintaqamizga o‘zaro integratsiya kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, turkiy davlatlar o‘rtasida harbiy hamkorlikni kuchaytirish kerak. Turkiya va Ozarbayjon modeli barcha turkiy davlatlar uchun asos bo‘la oladi. Markaziy Osiyo ichida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, Hindiston bilan ham iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish maqsadga muvofiq. Siyosatda kuchlilarni hamma e’tirof etadi va hisoblashadi, shu sabab birlashish, kuchayish masalasi ustuvorlik kasb etadi. Integratsiya o‘zi alohida katta mavzu.
— Medvedevga quloq solinsa, Moskvaning g‘arb bilan tirashish irodasi juda kuchli. Nega u zo‘riqish darajasini oshirmoqda? Bu nutq va undagi bayonotlar G‘arbga qanday chaqiriqlarni bayon etadi?
Kamoliddin Rabbimov: — Kremlning maqsadi bir nechta, menimcha. Birinchisi – “Kremlning irodasi zaiflashgani yo‘q, qancha kerak bo‘lsa shuncha urushamiz, biz emas, sizlar zaiflashyapsiz”, degan signal bermoqchi. Ikkinchisi, Navalniy o‘limi hukumat legitimligiga ta’sir qildi, shu fonda Medvedev bu notalarni pasaytirib, siyosiy elitadagi eski konsensusni kuchaytirib, biz urushyapmiz, ichki masalalarga chalg‘imanglar, degan tafakkur yetkazmoqchi.
Putin va uning atrofidagi siyosatchilar “agar Rossiya urushda yengilsa, Rossiya bugungi ko‘rinishdagi kuchli davlat, federatsiya maqomida bo‘lmaydi, katta strategik yutqazish bo‘ladi” deb hisoblaydi. Menimcha, Rossiya hozirgi shaklda Putindan keyin ham, hali uzoq vaqt saqlanib qoladi, yaqin orada uning parchalanishi ehtimoli ham juda kam. Hozirgi RFda separatizm, markazdan qochish bo‘layotgani yo‘q.
Oybek Sirojov: — Menimcha, Medvedevga yana bir vazifa – Rossiyaning yadroviy salohiyatga ega davlat ekanini eslatib turish va vaziyat chigallashganda Rossiya yadro qurolini ishlatishga tayyorligini bildirib turish vazifasi yuklatilgan. Ukraina bilan urush davomida aynan Medvedev yadro quroli masalasini bir necha marta ko‘tardi. G‘arbni o‘ylantirayotgan narsa ham shu yadro quroli, chunki ishlatilsa, umuminsoniy fojiaga, inqirozga olib keladi.
Rossiyaning parchalanishi na g‘arbga, na sharqqa kerak. Chunki bir qancha omillar bor. Hozirgi kundagi agressiv ruhda siyosat olib borayotgan Rossiyaning hovurini pasaytirish asosiy muammo bo‘lyapti. Ammo bu yo‘lda G‘arbning ham xatolari bo‘lyapti. Masalan, G‘azodagi vaziyat Rossiyaga ma’lum darajada legitimlik berdi. Butun dunyo hududiy yaxlitlik, suverenitet haqida gapirib turganda, Isroil G‘azoda bunday ishlar qila boshladi.
Siyosatda bashorat qilish qiyin. Juda ko‘plab ta’sir omillari bor, ya’ni davlat rahbarining qarorlari, siyosiy elitaning qarorlari, xatolar, muzokaralar va boshqa omillar. 2023 yil boshida vaziyat juda chigallashgan edi, shu vaqtda Ukrainaga kerakli yordamlar berilganida hozir vaziyat butunlay boshqacha bo‘lardi. Ba’zida G‘arb o‘zi rostdan ham Ukrainaning g‘alaba qozonishini istaydimi-yo‘qmi, degan savol ham paydo bo‘lib qoladi. G‘arb bu vaziyatga global tomondan yondashadi, ya’ni faqat Ukraina nuqtayi nazaridan emas: bu tendensiya boshlandimi, yana davom etishi mumkin, yangi o‘choqlar paydo bo‘lishi mumkin, shu sabab ehtimoliy konfliktlar uchun ham qurol-yarog‘ zaxirasi saqlanayotgan bo‘lishi mumkin.
Umuman olganda, Rossiyada bu shovinistik tafakkur davom etadi. Siyosiy elitaga ko‘ra, go‘yoki Rossiyani birlashtiruvchi, ushlab turuvchi omil – shovinizm. Medvedevning ichki auditoriyaga signali ham bor: bizning qiladigan ishlarimiz ko‘p, zarur bo‘lganda shunga yarasha qurbonlar bo‘ladi va biz shunga chidashimiz kerak, degan ma’noda.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Advokat: Janubiy Koreya prezidenti oʻz xavfsizligi uchun xavotirda
Trampning maslahatchisi Putin bilan uchrashuvga tayyorgarlik boshlanganini aytdi
Eron yangi kamikadze-dron yaratdi
Habib Nurmagomedov AQShda styuardessa bilan tortishgani uchun samolyotdan tushirib yuborildi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Haj va umra vazirligi vakillari bilan uchrashdi
Asirlikdagi KXDR harbiylari katta yoʻqotishga uchrashganini aytishdi
Gʻarbda Rossiya boʻyicha NATOga shoshilinch murojaat qilishdi
Dubayda estoniyalik dorboz ikki osmonoʻpar bino orasidan oʻtdi