date

Germaniya AQSHdan 15 ta qiruvchi F-35 samolyotlarini sotib olmoqchi

Germaniya AQSHdan 15 ta qiruvchi F-35 samolyotlarini sotib olmoqchi

Germaniya o‘z mudofaa salohiyatini mustahkamlash va yadroviy to‘xtatish salohiyatini oshirish maqsadida AQSHdan qo‘shimcha 15 ta zamonaviy F-35 qiruvchi samolyotini xarid qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi “Spiegel” nashri Germaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga tayanib.

Manbaga ko‘ra, Mudofaa vaziri Boris Pistoriusning tashabbusi bilan yangi xarid rejasi tayyorlanmoqda va bu reja Bundestagning byudjet qo‘mitasiga taqdim etilgan. Loyiha amalga oshirilsa, umumiy qiymat taxminan 2,5 milliard yevroga teng bo‘ladi. Xarid Lockheed Martin korporatsiyasi bilan tuzilgan shartnoma doirasida amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, Germaniya hukumati avvalroq ham 35 ta F-35 qiruvchisini buyurtma qilgan edi. Ushbu samolyotlarning ilk partiyasi 2027-yilda Germaniya qurolli kuchlari ixtiyoriga topshirilishi kutilmoqda. Yangi F-35lar mamlakatdagi eskirgan Tornado qiruvchilarini asta-sekin almashtiradi.

Tornadolarning asosiy vazifasi — Germaniya hududida joylashgan AQSHning yadroviy jangovar kallaklarini tashish va NATO doirasida yadroviy to‘xtatish vazifasini bajarishdir.

“Spiegel” ma’lumotlariga ko‘ra, NATOning yangi talablarini bajarish uchun Germaniyaning harbiy aviatsiya parkini yanada kengaytirish zarur bo‘ladi. Hozirda mamlakat 20 ta Eurofighter turidagi samolyotlarni ham buyurtma qilgan va kelgusida beshinchi avlod qiruvchilarini joylashtirish uchun yana bir aviabaza qurilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, hozirda Tornado qiruvchilari va AQSH yadroviy qurollari joylashgan Byuxel aviabazasini yangilash ishlari rejaga nisbatan ancha murakkab kechmoqda. Modernizatsiya xarajatlari dastlab rejalashtirilgan 700 million yevrodan ikki milliard yevrogacha oshib ketgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda Indoneziya ham o‘z mudofaa tizimini yangilash doirasida Xitoydan 42 ta Chengdu J-10C qiruvchi samolyotini xarid qilish niyatida ekani haqida xabar qilingan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniya AQSHdan 15 ta qiruvchi F-35 samolyotlarini sotib olmoqchi