O‘zbek tilini o‘rganish va uni xalqaro darajada keng targ‘ib etish maqsadida mamlakatda yangi chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yiladi. Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yildan boshlab o‘zbek tilini rivojlantirish, o‘qitish tizimini takomillashtirish va yoshlarni ona tiliga bo‘lgan mehr va qiziqishini oshirishga qaratilgan keng qamrovli dastur amalga oshiriladi.
Qarorda belgilanishicha, endilikda qarindosh tillarda ta’lim beruvchi maktablar uchun o‘zbek tili darsliklarining yangi avlodi yaratiladi. Bu kitoblar zamonaviy pedagogik yondashuvlar va interaktiv usullar asosida ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim muassasalari uchun maxsus metodik qo‘llanmalar va “Mening ilk izohli lug‘atcham” kabi rivojlantiruvchi manbalar tayyorlanadi.
Yoshlar o‘rtasida ona tiliga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish maqsadida bolalar uchun o‘zbek tilida animatsion, video va audio mahsulotlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, har yili mamlakat bo‘ylab insho tanlovlari, “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” tanlovi va Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi tashkil etiladi.
Eng quvonarlisi shundaki, mazkur olimpiadaning g‘oliblari filologiya yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga umumiy qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Mutahassislar fikricha, bu tashabbus nafaqat ona tilini chuqur o‘rganishni rag‘batlantiradi, balki yoshlarni milliy madaniyat va ma’naviyatga yaqinlashtiradi. Shu bilan birga, o‘zbek tilining nufuzi xalqaro miqyosda yanada oshishiga xizmat qiladi.
Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mazkur choralar o‘zbek tilini nafaqat ta’lim sohasida, balki jahon miqyosidagi ilmiy va madaniy muloqotda ham mustahkam o‘ringa ega qilishni maqsad qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!