Shimoliy Kipr Turk Respublikasida (SHKTR) bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida muxolifatdagi Turkiya Jumhuriyat partiyasi rahbari Tufan Erhyurman g‘alaba qozondi, deb xabar berdi lenta.cy.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Erhyurman saylovda ovoz beruvchilarning qariyb 63 foizini qo‘lga kiritgan. Uning asosiy raqibi — amaldagi prezident Ersin Tatar esa taxminan 36 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Tatar Turkiya hukumatining qo‘lloviga ega bo‘lib, orolning bo‘linib qolishini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan siyosatchi sifatida tanilgan.
Erhyurman o‘z g‘alabasini «Kipr turk xalqining umumiy yutug‘i» deb baholadi. U Turkiya bilan do‘stona munosabatlar saqlanib qolishini ta’kidlar ekan, orolning ikki qismi o‘rtasidagi muzokaralarni qayta boshlash niyatida ekanini bildirdi.
Uning g‘alabasi siyosiy kuzatuvchilar tomonidan muhim burilish sifatida baholanmoqda. Chunki Erhyurman federativ Kipr g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi — bu esa Turkiyaning hozirgi yo‘nalishidan farq qiladi. Yangi prezidentning siyosiy kursining o‘zgarishi oroldagi geosiyosiy muvozanatga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shimoliy Kipr iqtisodiy va harbiy jihatdan Turkiyaga qattiq bog‘liq bo‘lib kelgan. Ammo Erhyurman jamoasi islohotlar, fuqarolik jamiyati faolligini oshirish, lavozim tayinlovlarida shaffoflikni ta’minlash va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni kuchaytirishni maqsad qilgan.
Mutaxassislar fikricha, bu saylov natijalari nafaqat Shimoliy Kiprning ichki siyosiy maydonini, balki Anqara va Nikosiya o‘rtasidagi munosabatlarni ham qayta shakllantirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi xalqaro miqyosda tan olinmagan davlat hisoblanadi. U Kipr orolining shimoliy uchdan bir qismini egallab turadi va faqat Turkiya tomonidan rasman tan olingan. Respublikada 300 mingga yaqin aholi yashaydi. Turkiya bu hududda harbiy kontingent saqlaydi, Kipr Respublikasi va BMT esa buni okkupatsiya deb baholaydi.
SHKTR ayni paytda Islom hamkorlik tashkiloti hamda Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega. Erhyurmanning g‘alabasi esa Kipr orolida yangilangan siyosiy muhokamalar boshlanishining ehtimolini kuchaytirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!