
Xitoy poytaxti Pekinda uzunligi 10 kilometr ham chiqmaydigan moʻ'jaz daryo oqib oʻtgan. Uzoq yillar qarovsiz qolib, suvi qurishiga bir baxya qolgan daryo bugungi kunda nafaqat shahar aholisi, balki xorijlik sayyohlar uchun sevimli maskanga aylantirilgan.
Gap Bahe daryosining irmogʻi Lyanma haqida ketmoqda. Bundan oʻn yil oldin ham daryo suvi kirlanib yotgan kichik anhor edi. Daryoning beton urilgan qirgʻoqlari tik va chuqur boʻlib, yonida ofis binolari joylashgan. Ammo oʻsha paytda bu binolarning eshiklari daryodan teskari tomonga qaratilgandi. Atrofda sayr qilishga qiziqadigan odamlar koʻp ham uchramasdi.
Soʻnggi yillarda Lyanma daryosi odamlarni bir qator oʻzgarishlar bilan muntazam hayratga solmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda daryoning oʻtgan asr oxiridagi xaroba holati va bugungi xushmanzara koʻrinishi solishtirilgan suratni tez-tez uchratish mumkin.
Beijing’s Liangma River: Past ? Present
— Hua Chunying 华春莹 (@SpokespersonCHN) October 1, 2024
Left pic: Liangma River plagued by pollution in 1998
Right pic: The same river attracting residents and tourists alike in 2024 pic.twitter.com/oKMh6NQHQO
Birinchi oʻzgarish 2019 yilda yuz berdi. Daryo boʻyida joylashgan 22 ta sub'ekt qayta qurish ishlariga oʻz hissasini qoʻshish maqsadida kuchlarini birlashtirdi.
Iflos toʻsiqlar va noqonuniy avtoturargohlar olib tashlandi. Keyinchalik, qirgʻoq boʻylab 800 000 kvadrat metr maydonni qamrab olgan Xalqaro sohil barpo etildi. Bu oʻzgarish daryoni keng bogʻga aylantirdi.
Ikkinchi oʻzgarish 2021 yilda amalga oshirildi. Oʻsha kuz davomida odamlar daryoning ikki kilometrlik qismida qayiqlarda suzishga muvaffaq boʻldi. Keyinchalik yoʻnalish oqim boʻylab yana 4 kilometrga uzaytirildi. Bu esa hududning tabiiy goʻzalligini namoyon etdi, chunki undagi qamishzorlar kichik oq qarqara va yovvoyi oʻrdaklar maskaniga aylangandi.
Imperator otlariga xizmat qilgan daryo
Lyanma daryosi uzoq tarixga ega. Imperator Yongle Zu Di 1420 yilda Pekinni Min sulolasining poytaxtiga aylantirgandan soʻng imperator otlari ham yangi saroyga koʻchiriladi. Otlarni shaharga olib borishdan avval choʻmiltirib, tozalash uchun Lyanma kabi kichikroq irmoqlar ayni muaddao edi. Bu erdan nafaqat imperator otlari uchun, balki poytaxt bozorlariga olib borilayotgan otlarni yaltiratish uchun foydalanilgan. Choʻmiltirilgan otlar daryo boʻyida bir muddat oftobda quritilgan. Shundan kelib chiqib, oʻtmishda daryo nomi liàngmhe, “otlar quyoshda quritiladigan daryo” deb atalgan. Keyinchalik u “yorqin” ma'nosini beruvchi hozirgi nomni oldi.
Imperiya davrida Lyanma daryosi oʻrnida asosan yoʻl va ariqlar qolgan, ammo XX asrda poytaxtning kengayishi va tumanga aylantirilgan bu hududning rivojlanishi eski shahardan sharqqa suv yoʻllarini qurish va kengaytirishni talab qildi. Hududdagi drenajni yaxshilash uchun ishchilar 1980 yillarning boshlarida daryoning qariyb 7 kilometrlik qismini qazidi. Eroziyaning oldini olish uchun qirgʻoqlar beton va tosh bilan mustahkamlandi. Lyanma daryosi zamonaviy shaklga keltirila boshladi.
Tez orada yangi qazilgan suv yoʻli atrofida elchixonalar va boshqa koʻchmas mulk ob'ektlari qurildi. 1980 yillarning oxirida shaharning eng qadimgi “besh yulduzli” mehmonxonalaridan ikkitasi — Great Wall Hotel va Kunlun Hotel, shuningdek, 31 qavatli Landmark Tower minorasi Lyanma daryosi qirgʻoqlari yaqinida qad rostladi. 1992 yilda Lufthansa Friendship Mall daryo boʻyidagi nufuzli loyihalar qatoriga qoʻshildi.
Afsuski, daryo haddan tashqari qurilishlar va e'tiborsizlik tufayli zarar koʻrdi. Taksi haydovchilari uning suvidan avtomobillarini yuvishda foydalandi. Tuman koʻchalari va korxonalaridan oqib kelayotgan chiqindi suvlar Lyanmani yoz oylarida badboʻy botqoqlikka aylantirdi. Daryo suvini tozalshga e'tibor qaratilmadi.
2019 yilga kelibgina daryoning tabiiy koʻrinishini yaxshilash boshlandi. Bunga ta'sir qilgan omillardan biri COVID-19 pandemiyasi edi. Karantin paytida klublar va yopiq binolarda dam olish imkoniyatidan mahrum etilgan aholi daryo boʻyida sayr qilishni, turli tadbirlar oʻtkazishni boshladi.
24 ta koʻprikka ega Lyanma daryosi bugun xorijlik sayyohlar uchun ham shahar ichidagi eng diqqatga sazovor joylardan biri hisoblanadi.
O'zbekiston yangiliklari Lyanma daryosi Xorijlik sayyohlar Diqqatga sazovor Botqoqlik Turistik maskan Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar