10:18 / 17.11.2024
4

Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSH va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?

Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSH va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
Rossiya Donbassdagi muvaffaqiyatlari ortidan Kurskni ham qaytarib olishga bel bog‘lagani aytilmoqda. Trampning “taxt”ga qaytishi Ukraina uchun xavotirlarni kuchaytirdi. Xo‘sh, bugun front chizig‘i va uning atrofidagi xalqaro siyosiy vaziyat qanday? Rossiya-Ukraina urushidagi so‘nggi o‘zgarishlarni muhokama qilish uchun Kun.uz studiyasiga bir nechta tahlilchilar jam bo‘ldi.

— Avvalo, front chizig‘iga to‘xtalsak. Harbiy harakatlar borasida umumiy vaziyat qanday?

Hakimjon Jamaldinov
: Frontdagi vaziyatga to‘xtalsak, har ikki tomon ham o‘z bayonotlarida o‘zlarining yutuqlarini ko‘rsatishga harakat qilyapti. Rossiya tomoni ukrainlarning Sumi oblasti va Kursk yo‘nalishidagi hujumlari muvaffaqiyatli to‘xtatilgani, Ukrainaning eng elita guruhlari Kursk viloyatida qurshovga olinganini isbotlashga harakat qilyapti. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa ukrainaliklar Kurskda 50 mingdan ortiq Rossiya elita qo‘shinlarini band qilib turgani, bu ularga Donetsk va Luhansk frontlarini nazorat qilishga imkon berayotganini aytdi.

Rossiya rahbari Vladimir Putin esa Donetsk va Luhansk masalasida Zelenskiyning bayonotiga teskari ma’lumotlarni bo‘lishdi. U Rossiya Salixov, Kuraxovo va Toretsk yo‘nalishida +2 rejasi asosida har kuni ikkita aholi punktini egallab, bir sutkada 200 metrdan 20 kilometrgacha harakatlanayotganini iddao qilyapti. Qarshi tomon esa aynan Putin bayonotida aytilgan yo‘nalishlarda ukrainaliklar rossiyaliklarni muvaffaqiyatli tarzda to‘xtatib turgani, yetkazib berilayotgan yangi qurollar yordamida mazkur chiziqlar, hatto yangi yo‘nalishlarda ham qarshi hujumlarni tashkil etayotganliklarini ma’lum qilgan.

Umuman, frontlardagi vaziyat ikki davlat tomonidan turlicha baholanmoqda.

Shuhrat Rasul: Menimcha, oxirgi 15 kun ichida frontdagi vaziyat borasida keskin o‘zgarishlar kuzatilgani yo‘q. Hozirda Kuraxovo yo‘nalishida rossiyaliklar katta bosim uyushtirishda davom etyapti va katta ehtimol bilan ukrainaliklar bu hududlarni tashlab chiqib ketishi mumkin.

Ta’kidlash kerakki, har ikki tomon qurolli to‘qnashuvlardan tashqari, axborot urushini ham olib boryapti. Bu axborot urushi jamoatchilikka asosiy urushdan ko‘ra ko‘proq ta’sir o‘tkazyapti va turli qarashlar hamda bahs-munozaralarga sabab bo‘lyapti. Rossiya tomoni o‘zining barcha frontlarda g‘alaba qozonayotganini ta’kidlayotgan bo‘lsa, ukrainaliklar bu borada qarshi bayonotlar bilan chiqyapti.

Bir jihatni qo‘shimcha qilish kerak, Rossiyaning barcha nufuzli va mas’uliyatli generallari, hatto zaxiradagi askarlar ham mamlakatda mavjud resurslar bilan Ukrainani bosib ololmasligini ta’kidlamoqda. O‘z navbatida, Ukraina ham Rossiya ustidan g‘alaba qozonolmaydi.

Kamoliddin Rabbimov: Qisqa qilib, yuqorida aytilgan fikrlarga bir elementni qo‘shish mumkin. Rossiyaliklar qarshi tomonni Kurskdan imkon qadar siqib chiqarmoqchi bo‘lyapti, chunki AQSH ma’muriyatiga Donald Tramp keldi, u hozir Rossiya-Ukraina o‘rtasida muzokaralarni boshlashga tayyorlanmoqda va Rossiya bu muzokaralarda qulayroq pozitsiyaga ega bo‘lish uchun ukrainaliklarni Kurskdan siqib chiqarishi kerak.

Lekin Ukraina tomoni Kurskni tark etmoqchi emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yo‘nalishda so‘nggi 3 kunda 200 nafardan 500 nafargacha rus harbiylari halok bo‘lgan va 58 ta rus harbiy texnikasi yo‘q qilingan. Hozircha Ukraina bu yerda 700 kv km hududni to‘liq nazorat qilmoqda.

— Trampning g‘alabasi sabab Yevropa va AQSHning Ukraina borasidagi pozitsiyasi kesishadimi?

Oybek Sirojov
: Bir so‘z bilan aytganda, ha. Yevropa va AQSHning Ukraina va Rossiya borasidagi pozitsiyasi o‘zgarishi mumkin. Chunki Tramp va uning jamoasi bu masalada o‘ziga xos pozitsiyaga ega. Yevropa davlatlari Ukrainaga keragicha yordam berish va muzokaralarda hududlarni taqsimlash borasida Ukrainaning qarorini qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasida edi va bu yondashuv AQSH ma’muriyati tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanayotgan edi. Tramp esa o‘z saylovoldi chiqishlarida har qanday yo‘l bilan urushni to‘xtatish va xunrezliklar kuchayishining oldini olish kerak, degan yondashuvni ilgari surgan.

Hozirgi kunda hamma joyda o‘ziga xos vahima vujudga keldi, buni bir so‘z bilan “Tramp vahimasi” deb atash mumkin. Donald Tramp hozir ham bir qancha chiqishlar qilayotganiga qaramay, u haqiqiy prezidentlik vakolatiga kelasi yilning 20 yanvar sanasidan kirishadi va shundan keyin AQSH va G‘arbiy Yevropada ikki xil yondashuv vujudga keladi. Bu borada Trampning pozitsiyasi kattaroq ta’sirga ega bo‘lishi aniq. Chunki Ukrainaga ko‘rsatilayotgan moddiy yordamning 80 foizi aynan AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, 25 fevral kuni Germaniyada o‘tkaziladigan parlament saylovlaridan keyin, hukumat almashishi natijasida bu mamlakatda ham vaziyat o‘zgarishi, Taurus raketalarini berish masalasi ko‘tarilishi mumkin. Germaniyada bu turdagi raketalar soni 300 ta, AQSH esa bu borada undan 10-15 barobar ustunroq. Tramp saylanganidan keyin bir qancha rasmiy va norasmiy uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning deyarli barchasida Ukrainaga yordam masalasi ko‘rilmoqda. Hatto yaqinda Britaniya va Fransiya o‘rtasidagi uchrashuvda har ikki tomon Ukrainaga qancha kerak bo‘lsa, shuncha yordam berishini ma’lum qilgan. Biroq amalda ular bunday imkoniyatga ega emas deb o‘ylayman. Shunday ekan, ular vaqtincha bo‘lsa ham bu borada ma’lum darajada Trampga yon berishga majbur bo‘ladi.

Bundan tashqari, Shimoliy Koreya askarlari masalasi ham bor. Janubiy Koreya razvedkasi va Ukraina rasmiylari ular Kurskdagi janglarda qatnashayotganini aytayotgan bo‘lsalar-da, shu vaqtgacha bu borada aniq dalillar taqdim qilinmadi. KXDR bilan bog‘liq masalada ikki xil yondashuv bor, ulardan biri shuki, Ukraina Yevropa va AQSHdan uzoq masofaga uchadigan raketalardan foydalanishga ruxsat olish maqsadida shu ma’lumotlardan foydalanmoqda. Ikkinchisi, avvalroq, agar zarur bo‘lsa, Yevropaning Ukrainaga qo‘shin masalasida yordam berishi kun tartibiga ko‘tarilgan edi va Ukraina shu masalani qaytadan kun tartibiga olib chiqib, vaziyatdan chiqish haqida o‘ylamoqda, chunki ularning ahvoli ruslarnikidan ancha og‘irroq.

Bu borada Yevropada shunday prinsip shakllangan: Ukraina zarurat bo‘lsa barcha ukrainaliklarni urushga jalb qilishi, ya’ni frontni inson resurslari bilan ta’minlashi, Yevropa esa bu askarlarni qurollantirishi kerak. Shimoliy Koreya esa Rossiyani xohlagancha askar bilan ta’minlashi, ya’ni inson resurslaridan muammo bo‘lmasligi, aksincha, qurol-yarog‘ masalasida oqsashi mumkin.

Harbiy ekspertlarning fikriga tayanib xulosa qiladigan bo‘lsak, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘liq Yevropa zimmasiga yuklansa, ular bu vazifani AQSHchalik bajara olmaydi. Chunki ularda bunday imkoniyat mavjud emas.

Hakimjon Jamaldinov: Shimoiy Koreya masalasi ham informatsion urushning bir qismi bo‘lishi mumkin. Masalan, ta’kidlanganidek, bu ma’lumotlar orqali ukrainaliklar strategik qurollarga ega bo‘lishni va yevropaliklarning ongidan Rossiya bitmas-tuganmas arsenal ekani haqidagi fikrlarni haydab, uning nozik tomonlarini ko‘rsatishni ko‘zlagan bo‘lishi ehtimoli mavjud. Bu yerda KXDR qo‘shinlarining aslida frontda bor yoki yo‘qligi ikkinchi darajali masala, asosiy masala bu – ularning jangda qatnashayotgani haqidagi ma’lumotning o‘zi.

Bundan ko‘zlangan yana bir maqsad – Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmoqchi bo‘layotgan respublikachilarga Rossiya Shimoliy Koreyadan keyin Xitoyni ham urushga jalb qilib, oxir-oqibat AQSHning o‘ziga ham xavf solishi mumkin, degan g‘oyani yetkazish bo‘lishi ham mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSH va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?