11:48 / 19.12.2024
60

Al-Juloniy: “Suriya Afg‘oniston emas va bo‘lmaydi ham”

Al-Juloniy: “Suriya Afg‘oniston emas va bo‘lmaydi ham”
Foto: CNN
Suriyada prezident Bashar al-Asad rejimini ag‘dargan “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSH) rahbari al-Juloniy mamlakat haqida ijobiy fikr bildirib, Suriya ikkinchi Afg‘onistonga aylanmasligini ta’kidladi. Bu haqda u BBC'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Al-Juloniyga ko‘ra, Suriya urushdan charchagan va qo‘shnilari yoki G‘arb uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Shu sababli u HTSHni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga chaqirdi. Bu ro‘yxatga guruhni BMT, AQSH, Yevropa ittifoqi, Buyuk Britaniya, Rossiya va boshqa ko‘plab mamlakatlar kiritgan. HTSH o‘z faoliyatini 2016 yilda “Al-Qoida”dan (bu ham terroristik tashkilot sifatida tan olingan va taqiqlangan) ajralib chiqqan holda boshlagandi.

Ular (HTSH) tinch aholiga yoki fuqarolik hududlarga hujum qilmagan. Aslida ular o‘zlarini Asad rejimi jinoyatlarining qurbonlari deb hisoblaydi. Jabrlanganlarga esa tajovuzkorlar kabi munosabatda bo‘lish yaramaydi”, dedi Al-Juloniy.

U Suriyani Afg‘onistonga o‘xshatish haqidagi shubhalarni ham rad etdi. HTSH yetakchisi bu mamlakatlar juda farqli va turli an’analarga ega ekanini ta’kidladi. “Afg‘oniston — qabila jamiyati”. Suriyada esa, Al-Juloniyga ko‘ra, boshqacha mentalitet mavjud. Xususan, u ayollar ta’limi zarurligiga ishonishini bildirdi.

Idlibdagi universitetlarimiz sakkiz yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritmoqda. Fikrimcha, bu universitetlarda ayollarning ulushi 60 foizdan yuqori”, dedi Al-Juloniy.

U Suriyada spirtli ichimliklar ruxsat etiladimi, degan savolga shunday javob berdi: “Gapira olmaydigan ko‘p narsalar bor, chunki bular huquqiy masalalar hisoblanadi”.

Al-Juloniy Suriyada huquqshunoslardan iborat qo‘mita tashkil etilib, u yangi konstitutsiyani ishlab chiqishini aytdi:
Qaror qabul qilish ularning vazifasi. Har qanday hukmdor yoki prezident qonunga bo‘ysunishi shart”, dedi u.

Suriyadagi vaziyat

Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste’foga chiqishga rozi bo‘lgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma’lumot berdi. Isyonchilar Asadni qo‘lga olishda yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollar va’da qilgan.

Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirgan, odamlar buyumlarni talon-toroj qilgan. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlangan.

Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma’lum qildi.

10 dekabr kuni Idlib shahrida isyonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir o‘zini Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinladi. U fuqarolarga qarata qilgan televidenie murojaatida bu lavozimni kamida 2025 yil 1 martgacha egallab turishini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Al-Juloniy: “Suriya Afg‘oniston emas va bo‘lmaydi ham”