09:37 / 05.01.2025
106

Janubiy Koreyada sodir boʻlayotgan muammolarning asl sababi nima?

Janubiy Koreyada sodir boʻlayotgan muammolarning asl sababi nima?
2024 yil oxiridan boshlab Janubiy Koreya soʻnggi yillardagi eng yirik siyosiy inqiroz markazida qolmoqda. Prezident rafiqasi Kim Kon Xi qimmatbaho DIOR sumkasini olgani aks etgan video turtki bergan ushbu siyosiy inqiroz ommaviy norozilik namoyishlari, mamlakatda harbiy holat e'lon qilish, amaldagi prezident Yun Sok Yolni korruptsiyada ayblash, unga impichment e'lon qilish va hibsga olishga urinishlardan iborat voqealar zanjirini boshlab berdi.

Boʻhronga sabab boʻlgan sumka

Mojaro 2023 yilning noyabrida asli koreyalik nasroniy ruhoniy – Amerikalik pastor Choy Chje Yun birinchi xonim Kim Kon Xining halolligini sinash uchun unga 2240 dollarlik DIOR sumkasini sovgʻa qilganidan boshlangan.

Pastor sumka sotib olish jarayoni, xarid cheki va sovgʻani birinchi xonimga berish jarayonini yashirincha videoga olgan va uni Voice of Seoul News nomli YouTube-kanaliga joylagan.

Tasvirda koʻrinishicha, birinchi xonim pastorning bu qilmishidan hayron boʻlib, bunday qimmat narsalarni sovgʻa qilish shart emasligini aytadi, lekin qoʻl sumkasini qabul qiladi.

The Guardian gazetasi ta'kidlaganidek, pastor KXDR bilan hamkorlik qilish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaydi. U prezident rafiqasining oilasi bilan uzoq vaqtdan beri tanish ekanligini va uning otasini ham tanishini ta'kidlaydi.

Pastor Choy Chje Janubiy Koreya Milliy Assambleyasida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida izoh berishicha, u 2022 yilda u Seulning Shimoliy Koreyaga nisbatan qattiqqoʻl siyosatidan xavotirlanib, Kim Kon Xi bilan uchrashishga qaror qiladi.

Pastor uchrashuv jarayonini oʻzining qoʻl soatiga oʻrnatilgan yashirin kameradan foydalangan holda yozib olgan. Uning ta'kidlashicha, birinchi xonim oʻz lavozimini suiiste'mol qilib, prezident ma'muriyati ichidagi korruptsiyaga turki boʻlmoqda. Pastor esa shuni jamoatchilikka fosh qilishni istagan.

Nima boʻlganda ham, sumka videosi prezident Yun Sok Yol uchun katta zarba boʻldi: undan ijtimoiy norozilik koʻrsatkichi 58 foizdan 63 foizga koʻtarildi. Natijada, aprel oyida uning "Xalq kuchi" partiyasi parlament saylovlarida magʻlub boʻldi.

Shu tariqa, sumka voqeasi prezident oilasining dabdabali turmush tarzining timsoliga aylanib, jamiyatda norozilik uygʻotdi. Iqtisodiy beqarorlik va ijtimoiy tengsizlik kuchayib borayotgan bir sharoitda, koʻplab oilalar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotganida, bu voqea oddiy fuqarolarni mazax qilish timsoli sifatida qabul qilindi. Jurnalistlar va faollar hukumatdan izoh talab qila boshladi. Keng koʻlamli surishtiruv va tergov harakatlari boshlanib ketdi.

Mojarolar manbai - Kim Kon Xi xonim

Birinchi xonim Kim Kon Xi 1972 yilda Kengido provintsiyasida tugʻilgan. Prezidentning boʻlajak rafiqasi Kengi universitetini san'at yoʻnalishi boʻyicha tamomlagan va 2009 yilda koʻrgazmalar tashkil etish bilan shugʻullanuvchi Covana Contents1 kompaniyasiga asos solgan. Uch yildan soʻng u Kim Yunga turmushga chiqqan.

Birinchi xonim oʻzining hayvonlarga mehribonligi, mamlakatda it goʻshti iste'molini toʻxtatish niyatlari va modaga boʻlgan muhabbati bilan mashhur.

Hujjatlarni soxtalashtirish

2021 yilda Kim xonimni 2007 yilda Suvon universitetiga oʻqituvchilik lavozimiga oʻtish uchun hujjatlarni soxtalashtirishda ayblashgan edi. Kim oʻz rezyumesida 2002 yildan beri “Koreya Oʻyinlar sanoati assotsiatsiyasi” (K-Games) direktori lavozimida ishlagani (K-Games 2004 yilda tashkil etilgan) va 2006 yilda Nyu-York universitetida tahsil olganini yozgan. Biroq Kim goʻyoki oʻqigan ushbu dastur faqat universitetda roʻyxatdan oʻtgan MBA’lar uchun mavjud boʻlgan. Bundan tashqari, boʻlajak birinchi xonim talaba boʻlmagan. U 2013 yilda Anyan universitetiga yuborgan yana bir rezyumesida 2004 yilda Seul xalqaro multfilmlar va animatsiya festivalida sovringa ega boʻlganini yozgan. Biroq Madaniyat, sport va turizm vazirligida bu haqda hech qanday ma'lumot yoʻq.

Qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq “oʻyinlar”

Yun Sok Yol prezidentlik lavozimiga kirishishidan biroz oldin, Demokratik partiya Kim xonim va uning onasi Deutsch Motors avtodileri aktsiyalari narxini manipulyatsiya qilishda ayblangan edi. Ona va qiz oʻyinlar natijasida joriy yilning oktyabr oyida 1,68 million dollar ishlab olishgan. 2024 yil oktyabrida birinchi xonimdan barcha ayblovlar olib tashlandi.

"Bu ahmoq - shunchaki qoʻgʻirchoq"

Yaqinda suratga olingan “Birinchi xonim” hujjatli filmida Kimning jurnalistlar bilan telefon suhbatlari yozib olingan. Ularda Kon Xi eri haqida yomon fikr bildirgan. “Menimcha, Yun Sok Yol haqiqiy prezident emas. Bu ahmoq - shunchaki qoʻgʻirchoq”, degan birinchi xonim.

Korruptsiya va hokimiyatni suiiste'mol qilish

Prezident Yun Sok Yoldan nafaqat uning xotini, balki xalq ham norozi boʻlib kelmoqda. Qimmatbaho sumka bilan bogʻliq mojarodan soʻng OAV va muxolifat Yun Sok Yol va uning atrofidagilarning faoliyatini sinchkovlik bilan oʻrgana boshladi. Prezidentga yaqin mansabdor shaxslar davlat shartnomalari va noqonuniy boyish bilan bogʻliq korruptsion sxemalarga aralashgani aniqlandi. Katta miqdordagi pullarni offshor kompaniyalarga koʻchirish va siyosiy raqiblarga bosim oʻtkazish uchun ma'muriy resurslardan foydalanish faktlari aniqlandi. Bu hodisalar butun mamlakat boʻylab yuz minglab odamlarni qamrab olgan norozilik namoyishlariga sabab boʻldi.

Hukumat 2023 yil dekabrida ijro hokimiyati vakolatlarini kengaytiruvchi munozarali qonunni ma'qullaganidan soʻng, prezidentga nisbatan tanqidlar kuchaydi va prezident hokimiyatni uzurpatsiya qilishda ayblandi.

Harbiy holat e'lon qilish

2024 yil dekabr oyining boshiga kelib, mamlakatda siyosiy-ijtimoiy vaziyat keskinlashdi. Norozilik namoyishlari Seul va boshqa yirik shaharlarni qamrab oldi. Namoyishchilar Yun Sok Yolning iste'fosi va muddatidan oldin saylovlar oʻtkazilishini talab qilishdi. Bunga javoban prezident 3 dekabr kuni “davlatga qarshi kuchlar” tahdidi va “milliy xavfsizlikni himoya qilish zarurati”ni aytib, harbiy holat e'lon qildi. Armiya koʻchalarni egalladi va OAV tsenzuraga duch kela boshladi.

Bu voqea arafasida Janubiy Koreya prezidenti xalqqa videomurojaat qilib, harbiy holat joriy etilganini ma'lum qildi. Uning izoh berishicha, bu keskin qadamlar “Koreya Respublikasini Shimoliy Koreya kommunistik kuchlari tahdididan himoya qilish uchun” qoʻyilgan. Davlat rahbari, shuningdek, muxolifatni hukumat ishini "davlatga qarshi faoliyat" bilan falajlashda va Shimoliy Koreyaga hamdardlikda aybladi.

Prezidentning ushbu qarori Janubiy Koreyadagi fuqarolik jamiyati va muxolifatning noroziligiga sabab boʻldi. Parlament favqulodda yigʻilish oʻtkazib, harbiy holat joriy etilishini noqonuniy deb topdi. Parlament a'zolari, fuqarolar va xalqaro hamjamiyat, jumladan, BMT bosimi ostida Yun Sok Yol bir necha kundan keyin oʻz qarorini bekor qilishga majbur boʻldi.

Impichment va hibsga olish uchun order

2024 yil 14 dekabrda Janubiy Koreya parlamenti prezidentga impichment e'lon qilish uchun ovoz berdi. Ayblovlar orasidan hokimiyatni suiiste'mol qilish, konstitutsiyani buzish va demokratiyani bostirishga urinish oʻrin oldi. Parlament qarori koʻpchilik fuqarolar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Oliy sud impichmentni ma'qulladi va Yun Sok Yolni hibsga olish uchun order berdi.

Biroq prezident hibsga olishga urinish muvaffaqiyatsiz tugadi. Prezident oʻzining tarafdorlari va xavfsizlik kuchlari tomonidan oʻrab olingan qarorgohiga yashirinib oldi. Huquq-tartibot idoralari vakillarining qarorgohga kirishga urinishlari qarshilikka uchrab, siyosiy taranglikning kuchayishiga olib keldi. Hibsga olishga urinishlar prezident tarafdorlari va namoyishchilar oʻrtasida toʻqnashuvlar fonida kechgan.

Muvaffaqiyatsiz qoʻlga olish operatsiyasi

Ayni paytda prezident qarorgohi armiya tomonidan oʻrab olingan. Biroq zoʻrlik ishlatish mamlakatda fuqarolar urushiga olib kelishi borasida xavotirlar yangramoqda. Rasmiylar vaziyat keskinlashuvidan qoʻrqib, hisbga olish amaliyotini toʻxtatishga majbur boʻldi. Prezident Yun Sok Yol bayonot berib, muxolifatni fitnada aybladi va referendum oʻtkazishni talab qildi.

Shimoliy Koreyaning nima aloqasi bor?

Shu oʻrinda bir mulohaza. E'tibor bergan boʻlsangiz, Shimoliy Koreyaga hamdard pastor sumka vositasida provokatsiya uyushtirib, Pxenyanga nisbatan qattiqoʻlroq siyosat yuritayotgan prizedentning obroʻsini toʻkishga muvaffaq boʻldi. Prezident ham xalq orasida boshlangan noroziliklar ortida Shimoliya Koreya hukumati turganini iddao qilmoqda.

Buning ustiga, amerikalik pastor Choy Chje Yun Shimoliy Koreyaga tez tez qatnab, Pxenyandagi rasmiy cherkovlarda ibodat marosimlari oʻtkazib turadi. Kommunistik rejimlarning bu vaziyatda qanday ish tutish an'analarini inobatga olgan holda, ushbu pastor Shimoliy Koreya maxsus xizmatlari tomonidan yollangan va Janubiy Koreya manfaatlariga zid harakat qiladi degan shubha-gumonlarni tugʻdiradi.

Qolaversa, oʻtgan yilning oxirgi oylarida Shimoliy Koreya bilan Seul oʻrtasidagi munosabatlar oʻta yomonlashdi. Pxenyan 2000 yillarda ikki davlatning yaqinlashuvining timsoli - ikki Koreyani bogʻlovchi yoʻllarni portlatib, buzib tashladi. Bungacha diktator Kim Chen In rasmiy Seulni harbiy provokatsiyada ayblab, armiyadan mamlakat suverenitetni himoya qilishni soʻragan edi.

Shimoliy Koreya oʻzining janubiy qoʻshnisi bilan yaqinlashish timsollarini birinchi marta yoʻq qilayotgani yoʻq: masalan, 2020 yilda ikki Koreya oʻrtasidagi aloqa tizimi vayron qilingan edi.

2023 yil oxiridan buyon Shimoliy Koreya ikki davlat oʻrtasidagi quruqlikdagi yoʻllarni uzib qoʻyish maqsadida ushbu hududlarda minalar yotqizish, koʻcha chiroqlari, temir yoʻl yoʻllari va ularga tutashgan binolarni buzib tashlash bilan shugʻullanib kelmoqda.

Shuningdek, oʻtgan yili may-iyun oylarida KXDR rasmiylari havo sharlari yordamida Janubiy Koreya tomon 15 tonna axlat ortilgan havo sharlarini joʻnatgan. KXDR buni Seul tomonidan shu kabi usullardan foydalangan holda targʻibot varaqalari tarqatilishiga javob, deya izohlagan.

Shu jihatdan olib qaraganda, Janubiy Koreya prezidenti bilan bogʻliq mojarolar ortida asil maqsad – mamlakatda siyosiy inqiroz va hatto fuqarolik urushini boshlash maqsadi yotgan boʻlishi mumkin. Bundan esa kommunistik lager vakili boʻlmish Shimoliy Koreya koʻproq manfaatdor ekanini taxmin qilish mantiqqa zid boʻlmaydi. Pxenyanning keskinlikni kuchaytirishga boʻlgan urinishlari esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2024 yilda qurol-yarogʻ va askarlar undirish maqsadida Shimoliy Koreyaga serqatnov boʻlib qolgani va oʻzaro kelishuvlarga erishgani fonida boshlanganini ham inobatga olish kerak.

Bu birinchisi emas…

Qayd etish joiz, Yun Sok Yol yirik siyosiy mojarolarga aralashgan yagona prezident emas. Janubiy Koreyada soʻnggi 60 yil ichida koʻplab prezidentlarning taqdiri ayanli tugadi.

Turli korrputsion mojarolar, sud jarayonlari, qamoq jazolari, impichmentlar va hatto qotilliklar Koreyadagi hokimiyatning eng yuqori apparati uchun odat tusiga kirgan.

Masalan, 1948–1960 yillarda prezidentlik qilgan Li Sin Man Koreya Respublikasining quvgʻindagi Muvaqqat hukumatining birinchi rahbari va Janubiy Koreyaning birinchi prezidenti edi. Uning davrida Koreya janubiy va shimolga boʻlingan. 1960 yilda Sin Man toʻrtinchi marta prezidentlikka nomzodini koʻrsatdi va yagona nomzod sifatida saylandi (chunki uning siyosiy raqibi bir kun oldin vafot etgan edi). Aprel oyida tartibsizliklar boshlandi, xalq Sin Manning iste'fosini talab qildi. Aprel inqilobi davrida prezident agʻdarildi, Birinchi Respublika tuzumi quladi, Ikkinchi Respublika tuzildi.

Shuningdek, Janubiy Koreya tarixidagi deyarli barcha prezidentlar ham korruptsiya va poraxoʻrlik, diktatura va avtoritarizm ayblovlari bilan muddatidan ilgari lavozimidan agʻdarilgan. Masalan, Yun Bo Son putch oqibatida agʻdarilgan, Pak Chon Xi MRB tomonidan otib oʻldirilgan, Chxve Gyu Xa harbiy toʻntarish oqibatidan lavozimidan ketkazilgan, Chon Du Xvan oʻlim jazosiga hukm qilinib, keyin avf etilgan, Ro De U 22 yil qamoq jazosiga hukm qilingan, keyin avf qilingan, Kim Yon Sam qamalgan, Kim De Chjun umrbod qamo jazosiga hukm qilinib, keyin avf etilgan, No Mu Xenga impechment e'lon qilinishi oqibatda oʻz joniga qasd qilgan, Li Men Bak 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mamlakat tarixidagi birinchi ayol prezident Pak Kin Xe 2013-2016 yillarda yuqori lazimni egallagan. Pak Kin Xe oʻz doʻstlari ta'sirida koʻplab noxolis siyosiy qarorlar qabul qilganlikda ayblanib, norozilik mitinglar natijasida unga impichment e'lon qilindi. Prezident poraxoʻrlik uchun qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq 2021 yilda afv etilgan.

2017–2022 yillarda Janubiy Koreyani boshqargan Mun Chje In esa hozircha Janubiy Koreyaning yirik siyosiy mojarolar, hibslar va qamoqlardan qomon qolgan yagona prezidenti hisoblanadji. Uning yuoshqarua darvida Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya oʻrtasidagi munosabatlarning iliqlashuvi kuzatilgan.

Undan keyin prezidenik kursini egallagan amaldagi etakchi Yun Sok Yolning taqdiri kelajakda qanday kechishi hozircha noma'lum. Biroq soʻnggi kunlarda roʻy bergan voqealarni inobatga olsak, uning hokimiyatda qolish ehtimoli juda past.

Inqirozning oqibatlari va saboqlari

Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz hukumatga ishonchsizlik, korruptsiya va ijtimoiy tengsizlik kabi chuqurroq muammolarni aks ettiradi. Shuningdek, u siyosiy elita tomonidan shaffoflikning ta'minlanmasligi va mansabni suiiste'mol qilish xalq orasida ommaviy norozilik va siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkinligini koʻrsatdi. Ayni paytda esa kuchli demokratik tizimi bilan tanilgan Janubiy Koreya qiyin tanlov oldida turibdi: yoki barqarorlikni saqlanadi yoki tub islohotlarni qabul qilish kerak boʻladi.

Garchi Janubiy Koreyada siyosiy inqiroz hali mantiqiy yakuniga etmagan boʻlsa-da, u allaqachon mamlakat tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Shunchaki qoʻl sumka shaklidagi qimmatbaho sovgʻa olish voqeasi ham keng koʻlamli oʻzgarishlar alangasi uchun uchqun boʻlib xizmat qilishi mumkinligini koʻrsatdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Janubiy Koreyada sodir boʻlayotgan muammolarning asl sababi nima?