Foto: Reuters
Isroil va HAMAS oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi bitim kuchga kirdi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning kanselyariyasi xabar berdi.
HAMAS ozod qilinishi rejalashtirilgan garovga olinganlar roʻyxatini berganidan soʻng, Isroil oʻt ochishni toʻxtatish mahalliy vaqt bilan 11:15 da (Toshkent vaqti bilan 14:15) kuchga kirganini bildirdi. Kelishuv soat 8:30 da (Moskva vaqti bilan 11:30 da) kuchga kirishi kerak edi.
Biroq Isroil armiyasi “Gʻazodagi terrorchi nishonlarga zarbalar berishni davom ettirayotgani”ni ma'lum qildi. Bunga HAMAS shartnoma shartlarini bajarmagani, jumladan, Isroilga ozod qilinadigan garovdagilar roʻyxatini bermagani sabab boʻldi. Falastin harakati roʻyxatni berishni kechikishini “texnik sabablar”, joylardagi xavfsizlik masalasi bilan izohladi.
Roʻyxat taqdim etilgach, oʻt ochishni toʻxtatish kuchga kirdi. Isroil ham oʻz qoʻshinlarini qisman olib chiqishni boshladi. Isroil kuchlarining texnika kolonnalari Rafah va Bayt-Xanaan hududlarida harakatlanayotgani kuzatilgan.
Bir vaqtning oʻzida Gʻazo sektoriga gumanitar yuklar kela boshladi. U erga yonilgʻi va boshqa zarur tovarlar ortilgan 200 ta yuk mashinasi joʻnatilgani aytilmoqda.
Bitimning birinchi bosqichida HAMAS Isroil tomoniga 33 nafar garovga olinganlarni topshiradi, ularning aksariyati tirik deb taxmin qilinmoqda. Bular asosan ayollar, bolalar, keksalar, bemorlar va yaradorlardir. Bunga javoban Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni qamoqdan ozod qiladi.
Kelishuv shartlariga koʻra, Isroil armiyasi Gʻazo sektori hududlarining aksariyat qismidan chiqib ketadi, faqatgina Gʻazo sektori va Misr oʻrtasidagi Filadelfiya yoʻlagida, shuningdek, Falastin eksklavi va Isroil chegarasidagi maxsus bufer hududida harbiy mavjudligini saqlab qoladi. Gʻazoning tinch aholisi oʻz uylariga, jumladan, janglar tufayli eng koʻp zarar koʻrgan shimoliy hududlarga ham qaytish imkoniyatiga ega boʻladi.
Oʻn oltinchi kuni bitimning ikkinchi bosqichi boʻyicha muzokaralar boshlanadi. Bu bosqichda Isroilga garovga olingan erkaklar va halok boʻlgan asirlarning qolgan jasadlari topshirilishi mumkin. Baydenning ta'kidlashicha, kelishuvning uchinchi bosqichi Gʻazoning urushdan keyingi tiklanishiga qaratiladi.
2023 yil oktyabr oyida Gʻazo sektoriga qarshi urush boshlanganidan beri Isroil hujumi tufayli 46 mingdan ortiq falastinlik halok boʻldi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring