Donald Tramp qayta prezidentlikka kelarkan, Grenlandiyani majburan sotib olmoqchi. Daniya bunga rozi boʻlmasa, iqtisodiy va harbiy bosim oʻtkazishini aytgan. Kopengagendagi rasmiylar buni Trampning masxarabozligi sifatida qabul qilgandek oʻzini tutsa-da, ichkarida qoʻrquv boshlangan. Grenlandiya esa na Daniya, na AQSh tarkibida boʻlishni istamay, mustaqillik referendumi haqida oʻylamoqda.
Donald Tramp qayta saylanar ekan, inauguratsiyagacha ham, qasamyoddan keyin ham takrorlayotgan gaplaridan biri – Grenlandiyani sotib olish. Siyosatchi Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiya xalqaro xavfsizlikni ta'minlash uchun Amerikaga kerakligini aytadi. Tramp 20 yanvar sanasida Oq uydagi birinchi kunidayoq oval kabinetdan turib imzolagan farmonlaridan biri ayni shu mavzuda. Prezident Daniyaning roziligini uzoq soʻrash niyatida emas, Grenlandiyani olish uchun iqtisodiy va harbiy kuchlar ishga solinadi.
The Economist nashri avtonom hududni sotib olish gʻoyasini “asr kelishuvi” deb atagan holda oʻrganib chiqdi. Aholisi 56 ming kishini tashkil etuvchi Grenlandiyaning yalpi ichki mahsuloti 3 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu AQSh uchun juda kichkina iqtisodiy koʻrsatkich. Biroq hududning salohiyati rostanam yuqori. Orol zamonaviy texnologiyalar va yashil energetika uchun zarur nodir qazilma metallar va boshqa qimmatli minerallar zaxiralariga ega. Bundan tashqari, Grenlandiya qirgʻoqlari yaqinida 52 mlrd barrel neft boʻlishi mumkinligi ham taxmin qilinmoqda. Ayni shu omil orolning strategik ahamiyatini yanada oshiradi.
Orolning joylashuvi ham muhim. AQSh va Rossiya oʻrtasidagi hududda joylashgan Grenlandiya Amerikaning mudofaa qobiliyatini kuchaytiradi.
Daniya rasmiylari ham jim turgani yoʻq. Avvalo tashqi ishlar vaziri Lars Rasmussen bu masalaga Kopengagen jiddiy qarayotganini aytdi. Bosh vazir Met Frederiksen Daniya televideniyesida chiqish qilarkan, Trampning kerak boʻlsa, harbiy kuch ham ishlatish rejasiga munosabatini bildirdi, harbiylarni bunga aralashtirishni tasavvur ham qilolmayman dedi. AQSh prezidentining yuqori boj toʻlovlari bilan tahdidiga javoban esa Daniya sanoat bosh direktori savdo urushidan ikki tomon ham manfaatdor emasligini ta'kidladi. Bir qaraganda Kopengagen bu gaplarni xuddi Trampning masxarabozligi kabi qabul qilgandek koʻrinadi, lekin siyosatchilar davrasida va hukumat ichkarisida qoʻrquv bor.
Yanvar oyidagi ma'yus ob-havo Daniya siyosatchilari va biznes egalarining kayfiyatini aks ettiradi. Parda ortida shosha-pisha tadbirlar, yugur-yugurlar boshlangan, deb yozadi BBC. Bundan koʻrinadiki, Tramp jiddiy gapirmoqda. Grenlandiya bosh vaziri Myut Ejid Daniya bosh vaziri va qiroli bilan gaplashish uchun Kopengagenga uchib borgan. Siyosatchilar, partiya rahbarlari parlamentda navbatdan tashqari yigʻilish oʻtkazishgan. Bosh vazir Frederiksen elitadagi qoʻrquvni sezdirmaslik uchun Amerika doim Grenlandiya va Arktika bilan band boʻlganini gapirgan, Vashington Kopengagenning asosiy hamkorlaridan ekani, Grenlandiyaning kelajagini esa faqat grenlandiyaliklar belgilashini ta'kidlagan.
Trampning gaplari ortidan Daniya baribir zarar koʻrishi tayin. Masalan, AQSh siyosiy, iqtisodiy va harbiy vositalarni ishga solsa, balki Kopengagen orolni sotishga majbur boʻlar. Ikkinchi tomondan, tahlil shuni koʻrsatadiki, Daniya Grenlandiya ichki ishlariga shundogʻam jiddiy aralasha olmayapti. Bosh vazirning gaplari buni isbotlaydi. Grenlandiya rahbari esa mustamlakachilik kishanlaridan hudud qutulishi kerakligini gapirmoqda. Gap mustaqillik referendumi haqida bormoqda, chunki orol na Daniya, na AQShni xohlamaydi. Biroq referendum katta muammolarga yoʻl ochadi. Chunki Grenlandiya iqtisodiyoti 60% Daniyaga bogʻlanib qolgan.
EI a'zosi sifatida Daniyaga bu bosim qolgan a'zolarni ham oʻylantiradi, vaholanki Trampning Evroittifoqqa muhabbati u qadar ham kuchli emas, siyosatchi xuddiki Evropaga Amerika puliga yashayotgan hudud sifatida qarashi ham qisman haqiqat. Ittifoqning geosiyosiy va iqtisodiy jihatdan lokomotivlari Germaniya va Fransiya masalaga munosabat bildirgan. Olaf Shols chegaralar daxlsizligi har bir davlat immuniteti hisoblanishini eslatib, Daniyaning yonini olgan boʻlsa, Fransiya tashqi ishlar vazirligi boshqa davlatlar ittifoqning suveren chegaralariga hujum qilishiga Evropa ruxsat bermasligini aytgan. Ikki davlat munosabati Trampning prezidentligida AQSh-Evropa aloqalarini ham soʻroq ostiga oladi. Demak, Grenlandiya nafaqat Daniya, balki Evropa uchun ham nozik masalaga aylanishi mumkin.
Bundan tashqari, Evroparlamentning daniyalik a'zosi Vistisen Trampdan davlatini tinch qoʻyishini soʻradi. Strasburgdagi qonunchilar yigʻilishi chogʻida janob prezident Grenlandiya 800 yildan beri Daniya qirolligi tarkibida, u mamlakatimizning integratsiyalashgan qismi, sotilmaydi, deydi yevroparlament a'zosi. U gapi oxirida Trampni haqorat ham qilib oʻtgan. Evroparlament vitse-prezidenti esa qonunchini soʻkingani uchun jazoga tortdi. Bunga javob bergan Vistisen soʻkingani sabab toʻlaydigan jarimasi Daniya suvereniteti uchun kurashayotgani oldida kichik bir qiymat ekanini qoʻshimcha qildi. Deputat Grenlandiya mudofaa va harbiy sohada AQShga yordamga doim tayyorligini, lekin sotilmasligini alohida aytib oʻtgan.
Grenlandiya bosh vaziri ham Trampning bu gaplaridan keyin orol AQSh bilan harbiy hamda kon resurslarini oʻrganish boʻyicha yaqinroq hamkorlikka tayyorligini bildirgandi. Tramp 1-prezidentligi davrida 2019 yilda ham Grenlandiyaga xaridor boʻlgan, lekin masala uzoqqa choʻzilmagandi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar