00:21 / 13.02.2025
75

“Yashirin davlat” nima? Tramp nega unga qarshi urush ochdi?

“Yashirin davlat” nima? Tramp nega unga qarshi urush ochdi?
Siyosiy leksikonda inglizcha “deep state”, ruscha “glubinnoye gosudarstvo” degan atama tez-tez uchraydigan boʻlib qoldi. Bu tushunchani oʻzbek tiliga “yashirin davlat”, “soyadagi kuchlar, “koʻrinmas boshqaruv” deb tarjima qilish mumkin.

“Deep state” jumlasi birinchi marta 1997 yilda AQShda chiqadigan, eng koʻp tirajga ega gazeta hisoblanmish New York Times'dagi maqolada ishlatilgan. Maqola Turkiya Respublikasiga bagʻishlangan edi.

Maqolada Turkiyadagi “yashirin davlat” hodisasi haqida gap ketadi, mamlakatni saylangan bosh vazir, prezident va deputatlar emas, balki harbiylar va maxsus xizmatlar boshqarishi aytiladi. Turkiya Konstitutsiyasiga koʻra, davlatni demokratik institutlar va xalq tomonidan saylanadigan mulozimlar boshqarishi kerak. Lekin, maqola muallifiga koʻra, oxirgi soʻzni harbiylar va maxsus xizmatlar aytadi, prezident va bosh vazirning ularni tiyib turishga, oʻziga boʻysundirishga qurbi, qudrati etmaydi.

Shunday keyin “yashirin davlat” atamasining ishlatilish sarhadi faqat kengayib bordi.

“Yashirin davlat” deganda, davlatning yashirin qismi nazarda tutilmaydi. Misol uchun, har qanday davlatda maxsus xizmatlar, kuch ishlatar tizimlari boʻladi. Lekin davlatchilikka koʻra, bunday strukturalarning boʻlishi va ma'lum darajada jamiyatdan yashirin boʻlishi – bu tabiiy holat.

“Yashirin davlat” – bu siyosiy kuchlarning yashirincha, orqavarotdan ishlashi, ommaga koʻrinmasdan katta ishlar va loyihalarni amalga oshirishi, jarayonlarni oʻzlari istagan oʻzanga bura olishi hisoblanadi.

“Yashirin davlat” nazariyasiga koʻra, deputatlar, senatorlar, vazirlar va davlat rahbarlari – yashirin siyosiy kuchlarning qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻladi yoki vakolati cheklangan boʻladi.

“Yashirin davlat” tushunchasining yana bir tarkibiy qismi – bu rasmiy davlat organlarining prezident yoki bosh vazir siyosatini sabotaj qilishi, oʻzlarining mustaqil siyosiy kursiga ega boʻlishidir.

“Yashirin davlat” atamasi bir vaqtlar demokratik boʻlmagan, harbiylar va maxsus xizmatlarning nolegitim ta'siri yuqori boʻlgan Turkiya, Pokiston, Misr kabi davlatlarga nisbatan ishlatilar edi. Bugun esa bu atama har qanday davlatdagi ma'lum siyosiy kuchlarning tabiatini ifodalash uchun ham ishlatilmoqda.

Misol uchun, har qanday jamiyatda Konstitutsiya va rasmiy siyosiy oʻyin qoidasi doirasida ifodalanmagan juda katta kapital egalari, siyosiy manfaatlar guruhlari boʻladi. Tabiiyki, bunday shaxslar va guruhlar, oʻzlarining manfaatlarini himoya qilish va oshirib borish uchun, ma'lum loyihalarni amalga oshiradi, va koʻpincha, yashirin holda fikrlagani va ishlagani uchun ham, ularga nisbatan “yashirin davlat” atamasi ishlatilishi kuzatiladi.

Bugun demokratik davlatlarda ham bu atama juda keng iste'molda. “Deep state” – AQSh siyosiy maydonidagi eng koʻp ishlatilayotgan tushunchalardan biri. 2017 yilda oʻtkazilgan soʻrovnomada, amerikaliklarning 50 foizdan ortigʻi “yashirin davlat” borligiga ishonishini aytgan. Amerikaliklarning koʻpi 35-prezident Jon Kennedi oʻldirilishida “yashirin davlat”ning qoʻli borligiga ishonadi.

AQShda “yashirin davlat” borligiga, demokratlar tarafdorlaridan koʻra koʻproq respublikachilar tarafdorlari ishonadi. Demokratlar va respublikachilar tarafdorlarining “yashirin davlat” borasidagi talqinlari farq qiladi. Prezident Obama 2010 yilning avgust oyida amerika xalqiga videomurojaat qilib, “qudratli yashirin guruhlar” borligini, ularning boyligi nihoyatda katta ekani, ular yashirin yoʻllar bilan jamoatchilik fikrini shakllantirib, saylovlarni oʻzlari istagan oʻzanga burish qudratiga ega ekanini aytgandi. “Yashirin jamoalar” haqida, otib oʻldirilgan Kennedi ham gapirgandi.

Bugungi AQSh prezidenti Trampning “yashirin davlat” haqida gapirmagan oyi yoki haftasi boʻlmasa kerak. Tramp oʻzining birinchi toʻrt yilligida ham byurokratiyaga, oʻzining iborasi bilan aytganda “Vashington botqogʻi”ga qarshi, “yashirin davlat”ga qarshi urushini e'lon qilgan edi. Bugungi ikkinchi muddatida esa, Tramp bu borada katta qadamlar tashlamoqda.

2023-24 yillar davomida Tramp “Yoki biz yashirin davlatni yoʻq qilamiz, yoki yashirin davlat bizni yoʻq qiladi” deb koʻp takrorladi. Trampning rejasiga koʻra, yashirin davlatni yoʻq qilish uchun: 1) barcha muhim davlat lavozimlariga sodiq tarafdorlarni tayinlash; 2) byurokratiyani, amaldorlarni, ayniqsa “yashirin davlat” tarafdori deya gumon qilinganlarni “joyiga qoʻyish”; 3) qonunlarni oʻzgartirib, “yashirin davlat”ning oʻsishi uchun imkoniyatni yoʻq qilish, mustaqilroq respublikachilarni ham zaiflashtirish kerak. Tramp bu rejani qat'iylik bilan amalga oshirib boshladi.

Dunyo tarixida uchramasa kerak, lekin Tramp AQShning razvedka xizmati hisoblanmish Markaziy razvedka boshqarmasini 8 oylik majburiy ta'tilga chiqarib yubormoqchi. AQShning “yumshoq kuchi”ni ifodalovchi USAIDni esa yopib tashladi. Ta'lim vazirligini ham yoptirish arafasida. Tramp va uning eng sodiq hamfikri Ilon Mask nazarida, MRB – “yashirin davlat”ning tarkibi hisoblanadi, USAID esa butun dunyo boʻylab soʻllarni, ya'ni demokratik partiya tarafdorlarini qoʻllab-quvvatlab keladi.

Trampning AQShdagi “yashirin davlat” bilan kurashuvi nimalarga olib keladi – buni toʻliq tasavvur qilish qiyin, lekin taxmin qilish mumkinki, Amerikaning ixotalanishi kuchayadi, uning dunyo ishlaridagi ulushi qisqaradi, yumshoq kuchi jiddiy soʻnadi. Natijada, dunyoda koʻp qutblilik shaklllanishi ancha tezlashadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo