17:45 / 16.02.2025
413

Rossiya va Ozarboyjonning propaganda kurashi: Bu nimaga olib kelishi mumkin?

Rossiya va Ozarboyjonning propaganda kurashi: Bu nimaga olib kelishi mumkin?
Foto: Getty Images
Ozarboyjon samolyoti halokati va uning Rossiya havo hujumidan himoya tizimi tomonidan urib tushirilgani haqidagi taxminlar ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni keskinlashtirdi. Prezident Ilhom Aliyev Moskvaga nisbatan bir nechta keskin bayonot berdi, Bokuda esa Rossiyaning madaniy markazi «Russkiy Dom»ni yopishga qaror qilindi.

Bu voqealarga javoban, Rossiyadagi propagandistlar Ozarboyjon fuqarolarini mamlakatdan haydab chiqarishga chaqirishmoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi informatsion qarama-qarshilik kuchayib bormoqda va bu munosabatlar yanada keskinlashishiga sabab boʻlishi mumkin.

AZAL samolyoti halokati: voqealar qanday rivojlandi?

Oʻtgan yoz oxirida ukrain harbiylari Rossiyaning Kursk oblastiga bostirib kirganida, Vladimir Putin bu haqda izoh bermagan, aksincha, kutilmaganda Bokuga tashrif buyurgandi. U erda uni prezident Ilhom Aliyev kutib oldi. Ommaga e'lon qilingan suratlarga koʻra, ular prezident dachasida oilaviy muhitda uchrashgan, bu esa ularning doʻstona munosabatlaridan dalolat bergandek edi.

2024 yil yozida Aliyev Putinni rafiqasi bilan birgalikda kutib olgandi
Biroq dekabr oyida Boku–Grozniy yoʻnalishida uchgan AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot Qozogʻistonning Oqtov shahrida majburiy qoʻnish paytida halokatga uchradi. 38 kishi halok boʻldi, faqat samolyotning dum qismida boʻlgan 29 kishi omon qoldi.

Mutaxassislar samolyot Grozniy havo hududiga kirganda uning sun'iy yoʻldosh navigatsiya tizimlari ishdan chiqqanini taxmin qilmoqda. Bu Rossiyaning radioelektron kurash tizimlari ishlatilgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Keyin esa, samolyotga Rossiyaning havo hujumidan himoya tizimi tomonidan raketa urilgani haqida taxminlar paydo boʻldi. Bu Ukraina dronlariga qarshi himoya vaqtida sodir boʻlgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Hodisadan soʻng Rossiya nashrlari halokat haqida turli versiyalarni tarqatishni boshladi. Ularga koʻra, halokatga samolyot ichida kislorod balloni portlagani yoki uning qushlar galasiga urilishi sabab boʻlgan.

Bunga javoban, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyani hodisada ayblab, rasmiy uzr soʻrash, aybdorlarni tan olish va xolis xalqaro tergov oʻtkazishni talab qildi.

Putin Aliyevga ikki marta qoʻngʻiroq qilib, uzr soʻradi, oʻz nutqida Rossiya havo hujumidan himoya tizimining faoliyati haqida tilga oldi, ammo samolyot aynan rossiyalik harbiylar tomonidan urib tushirilganini tasdiqlamadi.

Shundan soʻng, Ozarboyjon xavfsizlikni roʻkach qilib, Rossiyaning ayrim shaharlariga parvozlarni toʻxtatishni boshladi. Bu orada, Ozarboyjon matbuoti xolis xalqaro tergov talab qilishda davom etdi.

Ozarboyjon jamoatchiligida gʻazabni kuchaytirgan yana bir holat — Rossiya mediasida uchuvchilarning aviadispetcherlar bilan muloqoti rasshifrovka qilingan maqolalar paydo boʻlishi edi. Taxminlarga koʻra, bu axborot Qozogʻiston hukumat manbalari tomonidan jurnalistlarga etkazilgan.

Ushbu maqolalarda pilotlar qushlar haqida gapirgani va Oqtovga uchish haqida qaror qabul qilgani ta'kidlangan. Ozarboyjonda bu voqeani halok boʻlgan uchuvchilar xotirasiga nisbatan hurmatsizlik va Rossiya tomonidan aybdorlikni ular zimmasiga yuklashga urinish deb baholashdi.

Fevral oyi boshida esa, Ozarboyjon hukumati Rossiyaning xorijda rus madaniyatini targʻib qilishga mas'ul agentligi – «Russkiy dom»ni yopishga qaror qildi.

Ommaviy axborot vositalarida bayonotlar urushi

«Russkiy dom» yopilishiga oid qarordan avval Ozarboyjon hukumatiga tegishli OAVda Rossotrudnichestvo «josuslik»da ayblangan maqolalar chop etildi.

Bu holat sababli Ozarboyjonning Rossiyadagi elchisi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Keyingi kuni esa Boku ham xuddi shunday yoʻl tutib, Rossiya elchisini chaqirtirdi va Rossiya nashrlaridagi «asossiz dezinformatsiya»ga qarshi norozilik bildirdi.

Ozarboyjon OAV boshqa masalalarda ham Rossiyaga nisbatan keskin tanqidiy munosabat bildirgan.

Davlat telekanali AZTV Rossiyani 1990 yilda Bokudagi namoyishchilarni oʻqqa tutish va 1992 yilda Qorabogʻdagi Xoʻjali qirgʻinlari uchun aybladi. Shuningdek, u 2020–2024 yillarda Qorabogʻda joylashtirilgan Rossiya tinchlikparvar kuchlarini «xiyonatkor missiya» deb atadi.

Kanal Vladimir Putinni 2020 yildagi ikkinchi Qorabogʻ urushida Bokuni toʻxtatishga urinishda ham aybladi.

Shu bilan birga, Rossiyaning propagandachi nashrlari ham Ozarboyjon haqida shunga oʻxshash keskin bayonotlar bera boshladi.

Rossiyaning «Tsargrad» telekanali siyosiy sharhlovchisi va oʻzini mustaqil deb e'lon qilgan «DNR»ning sobiq davlat xavfsizligi vaziri Andrey Pinchuk Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevni «haddan tashqari surbetlik»da aybladi.

«Bunday „doʻstlar“ bilan „toʻgʻri doʻstlik“ qilish kerak va ularga boʻysunishga yoʻl qoʻymaslik zarur. Agar siz Rossotrudnichestvoni yopayapsizmi? Unda Moskvadagi [asosan ozarboyjonliklar ishlaydigan] «Sadovod» bozorini ham yoping», — deb yozdi Pinchuk oʻz maqolasida.

U, shuningdek, Ozarboyjonga moliyaviy oqimlarni qayta koʻrib chiqishni taklif qildi, xususan, «Krokus-Siti» va shu kabi boshqa biznes ob'ektlar orqali ozarboyjonlik tadbirkorlar Rossiya jamiyatida chuqur ildiz otganini ta'kidladi.

Oʻta millatchi bloger Vladislav Pozdnyakov esa «Aliyev diasporasini yoʻq qilish»ga chaqirdi. U ozarboyjonlik tadbirkorlarning bizneslarini tortib olish, ularni Ukraina urushiga yuborish yoki fuqarolikdan mahrum qilish, mehnat muhojirlarini mamlakatdan chiqarib yuborish va Ozarboyjon bilan viza rejimi joriy etishni taklif qildi.

«Toqat qilib oʻtirish emas, davlat darajasida javob berish vaqti keldi» — deb yozdi u.

Ozarboyjon va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar avval ham bir necha bor taranglashgan. Rossiya millatchilari avvalroq Ozarboyjon muhojirlarini mamlakatdan haydash bilan tahdid qilgan, «Rosselxoznadzor» ozarboyjonlik eksportyorlarga qarshi choralar koʻrib, ularning pomidor mahsulotlarini «sanitariya sabablari» bilan taqiqlagan.

Boku esa Georgiy lentalarini tarqatishga qarshilik bildirgan, propagandachi «Sputnik» agentligining Ozarboyjon boʻlimi rahbarini mamlakatdan haydagan va ayrim rus nashrlariga kirishni cheklagan.

Ozarboyjon va Rossiya oʻrtasidagi aloqalar

2021 yilga ma'lumotga koʻra, Rossiyada 475 ming ozarboyjonlik yashaydi.

Ozarboyjon Davlat statistika qoʻmitasi 2023 yilda Rossiya va Ozarboyjon oʻrtasidagi savdo aylanmasi taxminan 4,8 milliard dollarni tashkil etganini koʻrsatgan. Moskva Boku uchun Turkiya va Italiyadan keyin uchinchi eng yirik savdo hamkori sanaladi. Ozarboyjon Italiyaga asosan neft etkazib beradi.

Rossiyadagi eng boy insonlar orasida ham ozarboyjonliklar koʻp. Forbes ma'lumotlariga koʻra, 2023 yilda Rossiyadagi eng boy insonlar roʻyxatining birinchi oʻrnida ozarboyjonlik, «Lukoyl» kompaniyasining sobiq rahbari Vagit Alekperov turgan.

Moskva ishbilarmonlar markazidagi ofislar va hatto ayrim binolar ozarboyjonliklarga tegishli
Ozarboyjonlik iqtisodchi, Respublika tadqiqotlari markazi asoschisi Notiq Ja'farlining fikricha, faqat Ozarboyjon emas, Rossiya ham Bokudan iqtisodiy jihatdan mustaqil emas.

Uning ta'kidlashicha, Rossiya, Eron va Ozarboyjon orqali oʻtuvchi «Shimol-Janub» transport yoʻlagi Moskva uchun strategik ahamiyatga ega.

«Ozarboyjonsiz Eronga yoʻl yoʻq va Rossiya bu yoʻnalishga yuzlab million dollar sarmoya kiritishga tayyor», — deydi iqtisodchi.

Ozarboyjon — avtomobil va temiryoʻl tranziti uchun asosiy yoʻldir. Buni Eron raqamli yuk mashinalarining Ozarboyjon yoʻllarida juda koʻpligi ham tasdiqlaydi. Rossiya hozir yangi yoʻllar va tranzit koridorlariga tobe boʻlib qolgan, deydi Ja'farli.

Rossiya propagandachilarining ozarboyjonliklarni deportatsiya qilish tahdidlariga kelsak, iqtisodchi bu Rossiya uchun iqtisodiy jihatdan manfaatsiz ekanini ta'kidlaydi.

«Rossiya hozir ish oʻrinlari emas, ishchi kuchiga muhtoj. Ukraina urushi boshlanganidan beri mamlakatda mehnat resurslarining ulkan tanqisligi yuzaga kelgan. Agar Moskva deportatsiyaga qaror qilsa, bu Rossiya iqtisodiga jiddiy zarar keltiradi», — deb hisoblaydi Ja'farli.

Shu bilan birga, u migratsiya siyosati keskinlashishi mumkinligini istisno qilmaydi, chunki bugungi dunyoda bu umumiy tendentsiyaga aylangan.

Boshqa tomondan, Ozarboyjonning qudrati uning Turkiyaga yaqinligida ham namoyon boʻlmoqda.

«Oxirgi bir necha yil ichida Ozarboyjon va Turkiya bir butun deb qaralmoqda. Rossiya va Turkiya oʻrtasida esa juda katta iqtisodiy manfaatlar bor.

Rossiya turizm, qishloq xoʻjaligi, energetika va boshqa sohalarda Turkiyaga toʻlaqonli tobe. Shunday ekan, Moskva Bokuga qarshi keskin choralar koʻrishda Turkiya bilan munosabatlarini ham hisobga olishi kerak», — deydi Ja'farli.

Ozarboyjonda rus tiliga tahdid bormi?

Ozarboyjon va Rossiya oʻrtasidagi aloqalar faqat iqtisodiyot bilan chegaralanib qolmaydi. Prezident Ilhom Aliyevning shaxsiy hayoti ham Moskva bilan chambarchas bogʻlangan.

U Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini (MGIMO) tamomlagan, otasi Haydar Aliyev esa SSSRning etakchi arboblaridan biri boʻlgan.

Ilhom Aliyev oʻsha MGIMOda oʻqituvchi sifatida ishlagan, uning rafiqasi va hozirgi vitse-prezident Mehribon Aliyeva esa Moskva tibbiyot institutida ta'lim olgan.

Aliyevlarning qizi Laylo rossiyalik milliarder Aras Agalarovning oʻgʻli Emin Agalarovga turmushga chiqqan (juftlik 2015 yil ajrashgan).

Moskvaning Rublyovkasida esa OCCRP tadqiqotchilari Aliyevlarning ikki uyi borligini aniqlagan.

Rossiyalik musiqachilar Bokuda tez-tez mehmon boʻlib turishadi
Ozarboyjon aholisining aksariyati ona tili sifatida ozarboyjon tilini qabul qiladi, biroq rus tili hamon juda koʻp amaldorlar va elita orasida faol qoʻllanadi.

Ozarboyjonda rus maktablarini yopish masalasi bir necha oʻn yildan beri muhokama qilib kelinadi. Buni turli jamoat arboblari, hukumat va muxolifat vakillari taklif qilgan.

Samolyot halokati bilan bogʻliq ziddiyatlardan keyin bu bahs yana kuchaydi. Taniqli televideniye boshlovchisi Kamron Hasanli va bir necha jamoat faollari davlat maktablarida rus tilida ta'lim berishni toʻxtatishni talab qilmoqda.

Ayni paytda Bokuda oʻn minglab rus millatlilar va rus tilida soʻzlashuvchi ozarboyjonliklar yashaydi.

Poytaxtdagi deyarli har bir maktabda ruscha oʻqitiladigan sinflar mavjud, shuningdek, oliygohlarda rus tilida ta'lim beriladigan fakultetlar va Moskva davlat universiteti (MGU) filiali faoliyat yuritmoqda.

Ozarboyjon ta'lim vazirligi BBC’ga bildirishicha, hozircha davlat maktablarida rus tilida ta'lim berilishini bekor qilish rejasi yoʻq.

Ta'lim sohasidagi mutaxassis ta'kidlashicha, Ozarboyjonda rus tilidagi ta'limni tugatish oson ish emas.

«Bizning rusiyzabon oʻqituvchilar, darslik yozuvchilar, olimlar va oʻqituvchilarni attestatsiya qiladigan komissiya a'zolari bor. Bu tizimni bir zumda bekor qilib boʻlmaydi, bu jiddiy oqibatlarga olib keladi», — deydi anonim ekspert.

Shuningdek, u rus tilida ta'lim olishga talab juda yuqori ekanini ta'kidlaydi: rus tilini bilmaydigan oilalar ham bolalarini rus sinfiga berishga harakat qiladi, chunki ikki tilni biladigan bolalar kelajakda yaxshi ish topish imkoniyatiga ega.

«Rossiyaning madaniy provintsiyasi»

2000-2010-yillarda rus tilida soʻzlashuvchi bokuliklar orasida ozarboyjonliklarning Rossiya televideniyesi koʻrsatuvlarida ishtirok etishini maqtash urf boʻlgan. «Chto? Gde? Kogda?» intellektual oʻyinida ular oʻzlarini zukko, KVNda esa hazilkash sifatida koʻrsata olardi.

Aliyev MGIMOda oʻqigan, keyin oʻzi ham bir muddat dars bergan
Shuningdek, Moskvada hatto uncha yaxshi boʻlmagan yozuvchilarning ham asarlari nashr qilinayotgani muhim ekani ta'kidlangan.

«Biz doim rossiyaliklarga bir narsani isbotlashimiz kerakdek tuyulardi, ammo nega?» — deydi oʻz ismini oshkor qilishni istamagan ozarboyjonlik yozuvchi. U Rossiyaning Ukrainaga toʻliq hujumigacha ushbu pozitsiyani qoʻllab-quvvatlaganini tan oladi va buni uyatli deb hisoblaydi.

Dramaturg va teatr rejissyori Ajdar Yulduz bu borada qat'iy fikrga ega: «Madaniyat sohasida biz Rossiyaning madaniy provintsiyasi boʻlib qoldik va bunga oʻzimiz aybdormiz».

«Russkiy dom»ning Ikkinchi jahon urushidagi gʻalaba yubileyiga bagʻishlab Bokuda oʻtkazilgan kontserti.
Yulduzning ta'kidlashicha, koʻplab ozarboyjonlik musiqachilar Moskvada ta'lim olgan, eng iqtidorlilari Rossiyada qolgan, muvaffaqiyat qozona olmaganlari Turkiyaga yoʻl olgan, qolganlari esa vatanga qaytgan.

Teatr sohasida ham Ozarboyjon Rossiyaning kadrlar maktabiga qaram boʻlib qolgan. Yulduzga koʻra, buning asosiy sababi jamiyat tomonidan bu yoʻnalishda etarlicha talab boʻlmagani.

U «Russkiy dom» yopilishini qoʻllab-quvvatlashi va bundan rus madaniyatiga qarshi harakat sifatida qoʻrqish kerakmasligini ta'kidlaydi.

«Aslida, Ozarboyjonda rus madaniyati Rossiyaning imperiya siyosatiga qaramay rivojlangan. Hozirgi rus madaniyatiga yoshlar befarq, ammo kitob doʻkonlariga kirsangiz, Tolstoy, Chexov, Dostoyevskiy asarlarining ozarboyjon tiliga tarjimalarini topasiz», — deydi Yulduz.

«Rossiya mintaqani yoʻqotmoqda»

Ozarboyjon Fanlar akademiyasi ilmiy xodimi, siyosatshunos Rizvon Huseynov fikriga koʻra, Boku va Moskva oʻrtasidagi hozirgi inqiroz Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi ta'sirini yoʻqotishining yana bir belgisi.

Turkiya va Ozarboyjon — harbiy ittifoqchilar. Ozarboyjon va Turkiya prezidentlari 2021 yilda «Shusha deklaratsiya»si imzolagan
Uning ta'kidlashicha, yaqinda Armaniston ham Rossiya siyosatiga nisbatan norozilik bildirgan. Erevan Moskva ikkinchi Qorabogʻ urushida aralashmaganidan ranjigan, bu esa arman-rus munosabatlari yomonlashuviga va Rossiyaning mintaqadagi mavqeyi yanada zaiflashishiga sabab boʻldi.

«Rossiya Ozarboyjondan logistika loyihalari boʻyicha haddan tashqari bogʻliq boʻlishiga qaramay, ushbu mamlakat samolyotini urib tushirganini tan olmaslikka urinmoqda. Bu esa uning Janubiy Kavkazdagi ta'sirini yanada pasaytirmoqda», — deydi Huseynov.

Siyosatshunosga koʻra, Rossiyaning Ozarboyjonga harbiy yoʻl bilan ta'sir oʻtkazish imkoniyati mavjud emas. «Chunki „Shusha deklaratsiyasi“ga koʻra, Ozarboyjonga har qanday harbiy hujum Turkiyaga hujum hisoblanadi», — deydi u.

Postsovet makoni boʻyicha ekspert, jurnalist Kirill Krivosheyev esa Ozarboyjon va Rossiya propaganda mediasi oʻrtasidagi bahsni katta media-fenomen deb baholaydi.

«Fojia chindan roʻy bergan, bu oʻrinda Moskvani haq, deb boʻlmaydi. Ammo shunday vaziyat hosil boʻlganki, media muhit odamlarni garovga olib, oʻzi syujetni kuchaytirmoqda», — deydi u.

Ekspertning ta'kidlashicha, Rossiya va Ozarboyjon media muhitini tashkil etishda bir-biriga oʻxshaydi. Bu mamlakatlarda sabrli amaldorlar va bir-biriga bogʻliq nashrlar tizimi mavjud.

«Ularga hissiyotlarini ochiq sochishga ruxsat berildi, lekin bu ziddiyatni yanada kuchaytiryapti», — deydi u.

Shu bilan birga, bu tortishuvda oʻlkalar rahbarlarining «macholik» obrazi ham katta rol oʻynayotgani qayd etilgan.

«Aslida, Moskva samolyot halokati boʻyicha dastlabki hisobot e'lon qilinganidan soʻng mas'uliyatni oʻz zimmasiga olishi mumkin edi. Bu holatda Rossiyaning „toji“ boshidan erga tushmasdi», — deb hisoblaydi Krivosheyev.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo