Kanadada kutilmagan topilma odamlarni hayratga soldi. Ontario viloyatidagi maktabda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan paytda ishchilar tasodifan devor orqasidan 51 yil avval o‘quvchiga tegishli bo‘lgan hamyonni qidirib topishdi, deb xabar berdi The Hamilton Spectator.
Hamyon ichida 1974 yilda berilgan talabalik guvohnomasi, haydovchilik hujjati, ijtimoiy sug‘urta kartasi, oila va do‘stlarning eski suratlari, shuningdek, 35 sentlik xokkey chiptasi saqlangan edi. Hujjatda yozilgan ism orqali egasi — Tom Shopf topildi.
“Bunday tarixiy narsani topish va biz tug‘ilmasimizdan oldingi davrni ko‘rish juda qiziqarli bo‘ldi. Shundayoq o‘yladik: bu odamni topib, hamyonini qaytarish kerak. 50 yildan keyin ham u bundan xursand bo‘ladi”, — dedi maktab tarbiyachisi Lorna Makkuin.
Ijtimoiy tarmoq orqali Shopf bilan bog‘lanishdi. “Avvaliga bu hazildek tuyuldi”, — dedi u ajablangan holda. Eng qiziq joyi, hamyonda uning bolaligi o‘tgan uyi surati ham bor edi. “1960 yilda qurilgan bu uyda hali ham onam yashaydi. Suratini ko‘rsatganda birgalikda kuldik”, — deb esladi u.
Shopfning aytishicha, hamyon devorga qanday tushib qolgani ham ma’lum: u yoshligida hojatxonaga kirganda hamyonini tushirib yuboradi. Boshqa birov pulini olib, qolgan hujjat va suratlarni kafel ortiga yashirib qo‘ygan ko‘rinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!