2025-yilning yanvar-iyul oylarida Qozog‘iston aholisi 124,5 ming nafarga yoki 0,61 foizga ko‘paydi. Natijada 1-avgust holatiga ko‘ra, mamlakat aholisining umumiy soni 20 million 407,8 ming kishiga yetdi, deb xabar berdi Qozog‘iston Milliy statistika qo‘mitasi.
Qayd etilishicha, bu yil aholi o‘sish darajasi avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada sekinlashgan. Shu bilan birga, mamlakat hududlarining yarmidan ko‘pi yuqori migratsiya holatlari sababli aholi sonida pasayish kuzatilmoqda.
Respublika bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichlari o‘rtachadan yuqori bo‘lgan beshta hudud alohida qayd etildi: Ostona shahri (3,92 foiz), Chimkent shahri (1,99 foiz), Olmaota shahri (1,46 foiz), Olmaota viloyati (1,34 foiz) va Mang‘istau viloyati (1,11 foiz). Shuningdek, yana to‘rtta viloyatda aholi soni o‘sgan, ammo ular respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan. Bu Aqtobe, Atirau, Oqmola va Qizilo‘rda viloyatlari hisoblanadi.
Qolgan barcha hududlarda aholi kamayishi kuzatildi. Eng yuqori kamayish Shimoliy Qozog‘iston, Abay va Ulitau viloyatlarida qayd etilgan. Shimoliy va Sharqiy Qozog‘iston viloyatlarida tug‘ilish ko‘rsatkichlari o‘lim darajasidan past bo‘lib, tabiiy kamayish kuzatildi. Qolgan hududlarda esa tabiiy aholi o‘sishi saqlanib qolgan.
Migratsion o‘sish faqat beshta hududda ijobiy natija bergan: uchta yirik shahar – Ostona, Olmaota va Chimkent – hamda Olmaota va Mang‘istau viloyatlarida aholi soni kelayotganlar hisobidan ketayotganlardan ko‘p bo‘lgan. Boshqa hududlarda esa, aksincha, ketib borayotganlar soni kelayotganlardan ortib ketgan.
Shahar aholisi yanvar-iyul davrida 1,2 foizga o‘sib, 12 million 926 ming kishiga yetdi. Qishloq aholisi esa 0,38 foizga kamayib, 7 million 482 ming kishini tashkil qildi. Shu tariqa, Qozog‘iston aholisi tarkibida shaharliklar ulushi 63,3 foizga, qishloq aholisi esa 36,7 foizga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, Tojikiston aholisi ham 10,6 million kishidan oshgan edi. Yanvar–iyun oylarida 116,2 ming yangi tug‘ilgan chaqaloq va 17,2 ming nafar vafot etgan fuqaro qayd etilgan. Ularning orasida bir yoshga to‘lmagan 800 bola ham bor edi, deb xabar berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!