
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferentsiyasi doirasidagi panel muhokamasida ishtirok etib, AQSh bilan aloqalar, nodir resurslarni qazib olish toʻgʻrisidagi kelishuv, Putin bilan muzokaralar va NATOga a'zolikka muqobil kafolatlar haqida fikr bildirdi.
Myunxenda tinchlik kelishuvi imzolanmaydi
Zelenskiyning ta'kidlashicha, afsuski, hozir tinchlik kelishuvi haqida gap bormayapti. Ukraina Vladimir Putin vakilligida muzokara olib borishni istamaydi, chunki u urushni boshlagan shaxs. Ukrainaga AQShning kuchli prezidenti Donald Trampning qoʻllab-quvvatlashi kerak, u Kiyev tomonida boʻlishi juda muhim.
«Myunxenda tinchlik kelishuvi imzolanmaydi. Chunki bu — Myunxen. Bu erda prezident Tramp yoʻq va biz bilamizki, bu erda oldin nimalar imzolangan. Men bunday xatolarni takrorlamayman», — dedi Zelenskiy 1938 yili Hitler Chemberlen va hokazolar bilan imzolangan, Ikkinchi jahon urushiga yoʻl ochgan Myunxen kelishuviga ishora qilib.
Tinchlik kelishuvi faqat urushni tugatish boʻyicha reja ishlab chiqilganidan soʻng paydo boʻlishi mumkin, bu reja esa Tramp va Evropa tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi kerak. «Chunki biz xavfsizlik kafolatlari haqida gapiryapmiz, shuning uchun muzokaralar stolida Evropaning ovozi juda muhim», — deb qayd etdi Zelenskiy.
Kritik minerallar himoya qilinishi lozim
Zelenskiy Tramp va AQSh rasmiylari bilan «juda yaxshi suhbat» oʻtkazganini ta'kidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Ukrainaga foydali qazilma boyliklari boʻyicha sarmoya kiritish taklifi berilgan, ammo bunday resurslar qoʻlga kiritilsa, ular Rossiya va uning ittifoqchilari — Shimoliy Koreya yoki ehtimoliy ravishda Xitoy qoʻliga tushmasligini ta'minlash zarur.
«Men bilmayman, Rossiya bosib olganidan keyin bu resurslarni kimga beradi. Biz strategik minerallarni saqlab qolishimiz kerak, bu mening asosiy pozitsiyam. AQSh moliya vaziri Kiyevga kelishidan va hujjat taqdim etishidan xursandman. Men bu hujjatni yuristlarimiz oʻrganishini aytdim va keyin oʻz izohlarimni beraman», — dedi Zelenskiy.
U bu hujjat xavfsizlik kafolatlari haqida emas, balki ikki tomonlama memorandum ekanini ta'kidladi. Zelenskiy AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi.
«Hozir hammasini imzolashga tayyor emasman, ammo uchrashishga tayyorman. Agar bu memorandum imzolashga tayyor holga kelsa, biz imzolaymiz», — dedi u.
«Tsivilizatsiyalashgan odamlar» rejasi
Zelenskiyning fikricha, Putin bilan telefon orqali muloqot qilish AQSh uchun ham, Tramp uchun ham xavf tugʻdirmaydi, chunki Tramp Putindan kuchliroq. Ammo bu butun dunyo uchun xavf tugʻdirishi mumkin. Zelenskiy Putin tinchlikni xohlashini iddao qilayotganini eslab oʻtdi, lekin 2019 yil dekabrida Parijda toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralardan soʻng bu gaplarga ishonmaydigan boʻlganini aytdi.
«Eng muhimi — Tramp bilan uchrashuv. Ukraina haqida Ukraina ishtirokisiz qarorlar qabul qilinmasligi kerak. Bu bizning tamoyilimiz va biz buni oʻzgartirmaymiz. Men butun millat nomidan gapiryapman. Xavfsizlik kafolatlarisiz biz faqatgina Putinga nafas rostlash uchun tanaffus bergan boʻlamiz. Men esa oʻz yurtimning bosib olinishiga yordam bergan shaxs boʻlishni istamayman», — dedi u.
Zelenskiyning fikricha, Tramp Putinga bosim oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlarga ega va sanktsiyalarni kuchaytirish mumkin. U Tramp bilan Vashingtonda «tsivilizatsiyalashgan odamlar»uchun birgalikdagi rejani ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.
AQSh hech qachon Ukrainani NATOda koʻrmagan
Zelenskiy AQShning amaldagi va sobiq prezidentlari Ukrainaga NATOda joy yoʻqligini koʻp marotaba aytganini ta'kidladi.
«Rostini aytsam, AQSh hech qachon Ukrainani NATOda koʻrmagan. Ha, ular bu haqda gapirgan, ammo amalda hech qachon buni istamagan. Bu — haqiqat», — dedi u.
U senator va kongressmenlar Ukraina a'zoligini qoʻllab-quvvatlashganiga guvoh boʻlganini, biroq prezidentlar darajasida “biz birgalikda NATOda boʻlamiz», degan gapni eshitmaganini ta'kidladi. Bunda savol Trampga emas, AQSh siyosatiga berilishi kerak. Lekin bu hol Ukraina AQSh siyosatini oʻzgartira olmaydi, degani ham emas.
NATOga a'zolikka muqobil nima?
Zelenskiy Ukrainaning kuchli armiyasi NATOga qoʻshilgan taqdirda alyansni kuchaytirishini ta'kidladi. Bu Ukraina uchun ham, alyans uchun ham manfaatli boʻlishini aytib oʻtdi.
«Mayli, agar bugun NATOga a'zo boʻlmasak, bu muammo emas, biz ertaga yana soʻraymiz. Ammo bugungi kun uchun muqobil qanday? Agar NATO Ukrainada boʻlmasa, biz Ukrainada «oʻz NATOmiz»ni yaratamiz. Bu armiyani kuchaytirib, askarlarni sonini ikki baravar oshirish demakdir. Bunda bizga 200 tadan koʻp brigadakerak boʻladi», — dedi u.
Bunga zaruriyat shundaki, Ukrainaning hattoki hozir ham taxminan 80 ta brigadasi boʻlgan Evropa bilan qoʻshma kuchlari Rossiyadagidan kam. Kafolatlar haqida gapiriladigan boʻlsa, Ukraina armiyasining kengaytirishni moliyalashtirish lozim, shuningdek, Evropada armiya va harbiy sanoat imkoniyatlarini oʻstirish yoʻllarini izlash kerak. «Biz bu haqda gaplashishga tayyormiz», dedi Zelenskiy.
Xavfsizlik kafolatlari qanday boʻlishi kerak?
Zelenskiy AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarlari bilan xavfsizlik kafolatlari boʻyicha muzokaralar olib borganini ta'kidladi. Uning fikricha, Amerika Evropa bilan birgalikda Ukrainani qoʻllab-quvvatlashi, birlikni saqlashi kerak. Agar bu xavfsizlik kafolatlarining bir qismi boʻlsa, ayni muddao.
Xorijiy kontingent masalasida esa, u qaysi davlatdan boʻlishining mutlaqo farqi yoʻq.
«Agar biz NATOda boʻlmasak, har qanday holatda 1,5 mln askarga ega armiyaga ehtiyoj bor. Bu yarashuvdan soʻng Putinda qayta hujum qilish istagi tugʻilib qolmasligi uchun ham muhim. Mana shu chinakam xavfsizlik kafolati boʻladi. Putin oʻzida ham 1,5 mln askar, Ukrainada ham 1,5 mln askar borligini bilib turadi. U kelib oʻlib ketmoqchi boʻlsa — marhamat», — dedi Zelenskiy.
Ukraina qoʻshimcha qurolli kuchlarni qayerda kerak boʻlishini ham biladi.
«Bizda raqamlangan xarita bor va xorijlik hamkorlarimizning kontingenti aynan qayerlarda zarur boʻlishi belgilangan. Biz har qanday pozitiv qarorlarga tayyormiz, kelinglar, birgalikda harakat qilaylik», — dedi Zelenskiy.
Tramp bilan aloqalar va Putin bilan uchrashuv
Zelenskiy Tramp unga shaxsiy telefon raqamini berganini va istalgan vaqtda qoʻngʻiroq qilishni aytganini ta'kidladi.Ukraina prezidenti Tramp unga albatta yordam berishini ta'kidladi.
Kelgusi hafta ichida goʻyoki Rossiya vakillari bilan boʻladigan uchrashuv toʻgʻrisidagi mish-mishlarni esa rad etdi.
«Men Rossiyadan birgina kishi bilan — Putin bilan uchrashaman. Shunda ham faqatgina Tramp, Evropa va Ukraina birgalikda yagona umumiy rejaga ega boʻlganimizdan soʻng.Shundagina Putin bilan oʻtirib, urushni yakunlashimiz mumkin. Boshqa allaqanday murosa shartlari emas, faqatgina mana shunday shart bilan men u bilan uchrashishga tayyorman», — deya oʻz chiqishini nihoyaladi Zelenskiy.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar