
The Moscow Times nashriga ko‘ra, Kreml hali ham Ukrainada o‘z shartlarini qabul qiladigan, Moskvaga bo‘ysunuvchan boshqaruvni o‘rnatishni maqsad qilgan. Kreml AQSH bilan muzokaralar boshlanganiga qaramay, urushda maksimalistik maqsadlarga erishishni ko‘zlayapti.
Kremlning maqsadlari
Kremlning eng yuqori maqsadi — Ukraina hukumati to‘liq taslim bo‘lishi va Kiyevdagi hokimiyat almashinishi. Moskva Ukraina davlatchiligini qayta shakllantirish va mamlakatni «zamonaviy Belarus»ga aylantirish niyatida. Agar bu amalga oshmasa, Kreml hech bo‘lmaganda Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan to‘rt oblast ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishni xohlaydi. Shu bilan birga, Kiyevning siyosiy va harbiy mustaqilligini cheklash asosiy maqsadlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Biroq bu ssenariyning amalga oshishi hozircha qiyin ko‘rinmoqda, chunki Rossiya hozircha Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini to‘liq nazorat qila olmayapti. Zelenskiy bu hududlardan ixtiyoriy ravishda voz kechishga rozi bo‘lmasligi ham Kreml uchun muammo bo‘lib qolmoqda.
Kremlning uchinchi ssenariysi
Kreml Zelenskiyni Tramp ko‘z o‘ngida kelishuvga layoqatsiz rahbar sifatida ko‘rsatish orqali uning mavqeini zaiflashtirishni maqsad qilmoqda. Kremlga yaqin manbalarga ko‘ra, hozirgi strategik maqsad — Vashingtondan Kiyevga bosimni kuchaytirish va Zelenskiyni prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga majbur qilishdir.
Kreml Zelenskiy hech qanday hududiy yon berishlarga rozi bo‘lmasligini hisobga olgan holda, uni lavozimidan chetlatish yo‘lini ko‘rayapti. Manbalarning aytishicha, Putin Zelenskiyga shaxsiy adovat saqlaydi va uning siyosiy arenada qolishi Rossiya manfaatlariga zid deb hisoblaydi. Shuning uchun Kreml Zelenskiyni legitim emasligini va saylov o‘tkazish zarurligini targ‘ib qilishga harakat qilmoqda.
Putinning Bayden va Tramp bilan o‘yini
Putin juma kuni BMT va AQSH homiyligida Ukrainada tashqi boshqaruv joriy etilishini talab qildi. Bu bayonot Rossiyaning «Arxangelsk» atom suvosti kemasi bortida bildirildi. Kreml bu harakat orqali Kiyev va G‘arbga kuchli signal yuborishni maqsad qilgan.
Kreml Zelenskiy qayta saylanish imkoniga ega emas deb hisoblamoqda va AQSHni Ukrainada hokimiyat almashishi zarurligiga ishontirish uchun dalillar izlamoqda. Kremldagi diplomatlarga ko‘ra, Putin hozircha Zelenskiy rahbarlik qilayotgan bir paytda hech qanday yon berishga tayyor emas. Chunki bu har qanday kelishuvni Zelenskiyning yutug‘i sifatida ko‘rsatishi mumkin, bu esa Kreml uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat.
Putinning Ukrainaga nisbatan qarashi
Siyosatshunoslar Kremlning Ukrainada tashqi boshqaruv joriy etish talabini mamlakatni «muvaffaqiyatsiz davlat» sifatida ko‘rishga urinish deb baholamoqda. Biroq xalqaro amaliyotda BMT hech qachon bunday davlatlarga tashqi boshqaruv joriy etmagan.
Kreml Trampning qiziqishini saqlab qolish uchun ramziy qadamlar qo‘ymoqda. Bunga misol tariqasida Qora dengiz orqali g‘alla kelishuvini qayta tiklashga bo‘lgan urinishni ko‘rsatish mumkin. Ammo bu kelishuv kutilgan natijaga olib kelmadi, chunki Ukraina G‘arbga don yetkazib berishni boshqa yo‘llar bilan davom ettirmoqda.
Kreml Zelenskiyni hokimiyatdan chetlatish va Ukrainada Moskvaga moyil hukumatni shakllantirishni o‘zining asosiy maqsadlaridan biri qilib qo‘ygan. Kremlning bu strategiyasi Vashingtonni Kiyevga bosim o‘tkazishga undash va Zelenskiyni hokimiyatdan chetlatish orqali Ukrainaga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan. Biroq bu maqsadlarga erishish uchun Kreml katta diplomatik va harbiy to‘siqlarga duch kelishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar