
AQSHda import bojlari masalasida ziddiyatlar yanada keskinlashmoqda. Ilgariroq Tesla asoschisi Ilon Mask Jo Bayden ma’muriyatining bojlar siyosatiga qarshi ekani haqida xabaralar tarqalgan edi. Endi esa mojaro yanada shiddat oldi — Mask bojlar g‘oyasini ilgari surgan Tramp maslahatchisi Piter Navvaroni ochiq tanqid qildi.
Tesla — “Amerikalik” emasmi?
Piter Navvaro CNBC telekanaliga bergan intervyusida Tesla kompaniyasini yetarlicha Amerika kompaniyasi deb hisoblamasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tesla avtomobillari asosan xorijiy qismlardan yig‘iladi:
“Masalan, akkumulatorlar Yaponiya va Xitoydan, elektronika Tayvandan keltiriladi. Biz esa shunday mashina xohlaymizki — uning shinasi Akrondan, uzatmalar qutisi Indianapolisdan, dvigateli esa Flint va Saginodan bo‘lsin. Va eng muhimi, u AQSHda ishlab chiqarilsin”, — dedi Navvaro.
Uning fikricha, Ilon Mask bojlarga qarshi chiqish orqali faqat o‘z kompaniyasining manfaatlarini himoya qilmoqda.
Maskning javobi uzoq kuttirmadi
Ilon Mask Navvaroning bu fikrlariga o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida javob qaytardi. U maslahatchini qattiq tanqid qildi:
“Navvaro — haqiqiy ahmoq. Uning aytganlari yolg‘on. Tesla haqiqiy Amerika kompaniyasi. U bir qop g‘ishtdan ham ahmoqroq”, — deb yozdi Mask.
Fikrlar to‘qnashuvi ortida nima bor?
Bild nashrining yozishicha, bu tortishuv ortidagi asosiy sabab — sanoat kompaniyalari va proteksionistik (ya’ni mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qiluvchi) savdo siyosati o‘rtasidagi qarama-qarshilikdir. Masalan, Tesla kabi yirik texnologik kompaniyalar yangi bojlar ularning xalqaro o‘sishiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligidan xavotirda.
Trampning bojlari va Yevropa javobi
Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp dunyo bo‘ylab ko‘plab davlatlarga nisbatan 10% dan 50% gacha bojlar joriy etilishini e’lon qilgan edi. Ular 9 apreldan kuchga kirdi. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar esa Yevropa komissiyasining AQSHga nisbatan javob choralari ko‘rish taklifini ma’qulladi.
Ilon Mask va Piter Navvaro o‘rtasidagi og‘zaki “jang‘” — bu bojlar siyosatining texnologik kompaniyalarga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Davlat siyosatlari va xususiy biznes manfaatlari to‘qnashuvi esa kelgusida yanada shiddatli tortishuvlarga sabab bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!