
Eron qurolli kuchlarining quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, brigada generali Kayumars Haydariyning bayonot berishicha, mamlakat harbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan va sun’iy intellekt asosida ishlaydigan maxfiy qurol tizimini ishlab chiqqan. Bu haqda mahalliy matbuot nashri Press TV xabar berdi.
General Haydariyning so‘zlariga ko‘ra, Eron armiyasining harbiy arsenalida mamlakatning o‘z mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan maxfiy va “o‘ta maxfiy” qurol-yarog‘ tizimlari mavjud. U ta’kidlashicha, yangi texnologiyalar shunchalik yuqori darajadaki, ehtimoliy mojaro sharoitida raqibning tirik qolish imkoniyati deyarli qolmaydi.
Harbiy sohada sun’iy intellektdan foydalaniladigan ushbu tizimlar katta hajmdagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda tahlil qilish, tezkor va aniq qarorlar qabul qilish hamda operatsiyalarning samaradorligini oshirish imkoniyatini beradi. Masalan, bunday tizimlar dronlar va raketalar kabi qurollarda nishonni avtomatik ravishda topish va yo‘q qilish uchun foydalaniladi.
General bu qurol tizimlarining batafsil xususiyatlari haqida ma’lumot bermadi, ammo ushbu innovatsion qurollar mamlakat mudofaa qobiliyatini kuchaytirish va milliy manfaatlarni himoya qilishda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Eron armiyasining bu bayonoti mamlakatda harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar va modernizatsiya ishlari doirasida yangradi. Yaqinda Eron qurolli kuchlariga zamonaviy dronlar hamda yangi turdagi kuzatuv tizimlari topshirilgani ham ma’lum bo‘lgan edi. Bu chora-tadbirlar mamlakatning mudofaa strategiyasi va harbiy salohiyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, Eron mintaqaviy xavfsizlik va milliy manfaatlarini himoya qilishga jiddiy e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar