date

Tramp Xitoy safaridan kutilgan natijasiz qaytdi

Tramp Xitoy safaridan kutilgan natijasiz qaytdi

AQSH prezidenti Donald Trampning Xitoyga qilgan uch kunlik davlat tashrifi kutilgan darajada samarali bo‘lmadi. Pekinda o‘tkazilgan muzokaralar va uchrashuvlarga qaramay, na savdo masalasida, na Eron bilan bog‘liq murakkab geosiyosiy mavzularda sezilarli yutuqlarga erishildi.

“Reuters” agentligi xabariga ko‘ra, Tramp tashrif davomida asosan qisqa muddatli iqtisodiy foydalarga urg‘u berdi. Xususan, Boeing samolyotlarini Xitoyga sotish bo‘yicha kelishuvlar tilga olingan. Biroq bunday bitimlar investorlar va ekspertlar tomonidan katta strategik yutuq sifatida baholanmadi. Chunki ular uzoq muddatli savdo muvozanatini hal etishga xizmat qilmaydi.

Xitoy rahbari Si Szinpin esa muzokaralarda mutlaqo boshqacha yondashuvni ilgari surdi. U ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni uzoq muddatli istiqbolda barqaror saqlash muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u yangi ibora — “konstruktiv strategik barqarorlik” tushunchasini qo‘lladi. Bu atama avval Jo Bayden tomonidan ishlatilgan va Pekin tomonidan sovuq qabul qilingan “strategik raqobat” iborasidan keskin farq qiladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, aynan mana shu yondashuvlar tafovuti tomonlar o‘rtasida jiddiy kelishuvlarga erishishga to‘sqinlik qilgan. Vashington tezkor iqtisodiy foydani ko‘zlagan bo‘lsa, Pekin uzoq muddatli barqarorlikni ustuvor deb bildi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp 13 may kuni Xitoyga rasmiy tashrif bilan borgan edi. Bu uning so‘nggi to‘qqiz yil ichidagi ilk safari bo‘ldi. Tashrif davomida u Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi, davlat banketida qatnashdi hamda uchrashuvlarni yuqori baholadi. Hatto u matbuotga chiqib, “fantastik savdo kelishuvlari” tuzilganini ham ta’kidlagan.

Shunga qaramay, mustaqil kuzatuvchilar bu bayonotlarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Ularning fikricha, real natijalar hali ko‘zga tashlanmayapti va erishilgan kelishuvlar asosan deklarativ xarakterga ega.

Qiziqarli jihati shundaki, tashrif yakunida Tramp Si Szinpinni AQSHga taklif qilib, uni “o‘z hududida yengish” niyatini bildirgan. Xitoy yetakchisi esa bu taklifni qabul qilgan. Endi esa ekspertlar ushbu uchrashuv haqiqatan ham muhim burilish nuqtasiga aylanadimi yoki yana ramziy darajada qolib ketadimi — shuni kuzatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Xitoy safaridan kutilgan natijasiz qaytdi