Elektronika uchun sunʼiy sapfir ishlab chiqaruvchi zavod bankrotlik yoqasida

Rossiyaning «Monokristall» aksiyadorlik jamiyati oʻzini bankrot deb eʼlon qilishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Kompaniya Stavropol oʻlkasi Arbitraj sudiga tegishli ariza bilan murojaat qilish niyatida ekanligini kreditorlarga maʼlum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Moliyaviy hisobotlarga koʻra, korxonaning qisqa muddatli majburiyatlari aylanma aktivlardan 3,7 milliard rublga oshib ketgan. Bu holat kompaniyaning joriy qarzlarini toʻlashda likvidlik tanqisligiga duch kelganini anglatadi.
«Monokristall» sunʼiy sapfir ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Uning mahsulotlari, xususan, smartfonlar va aqlli soatlar uchun himoya oynalarini tayyorlashda keng qoʻllaniladi. 2022-yilda kompaniya mazkur sohada jahon bozoridagi eng yirik uchta ishlab chiqaruvchidan biri edi.
Kompaniya rahbariyati moliyaviy inqirozni xomashyo yetkazib berishdagi uzilishlar, Yevropa bozorining yopilishi hamda Osiyo mintaqasida elektronika mahsulotlariga boʻlgan talabning pasayishi bilan izohlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!