Xitoyda elektr va vodorodni bir vaqtda saqlaydigan batareya yaratildi

Xitoy Fanlar akademiyasining Dalian kimyoviy fizika instituti olimlari elektr energiyasi va vodorodni bir vaqtning oʻzida saqlash imkoniga ega boʻlgan yangi turdagi akkumulyatorni taqdim etdi. Mazkur texnologiyaning asosiy afzalligi shundaki, tizim ekstremal bosim yoki oʻta past haroratlarni talab qilmaydi, balki xona harorati va normal atmosfera bosimida barqaror ishlaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi batareya vodorod va magniy ishtirokidagi kimyoviy reaksiyaga asoslangan. Zaryadlash jarayonida vodorod ajralib chiqsa, zaryadsizlanish vaqtida u metall bilan birikib, qattiq holatga oʻtadi. Bu jarayon qurilmaga nafaqat energiya toʻplash, balki vodorodni akkumulyator ichida samarali saqlash imkonini beradi.
Ishlab chiquvchilarning maʼlumotlariga koʻra, tizimning samaradorligi 94 foizga yetadi, bu anʼanaviy termal saqlash usullaridan qariyb uchdan bir qismga yuqoridir. Prototip -20 dan +90 darajagacha boʻlgan keng harorat oraligʻida barqaror ishlashini koʻrsatdi. Oʻnta yacheykadan iborat kichik blok 2,4 voltli kuchlanish hosil qilib, yoritish moslamasini quvvatlantirishga muvaffaq boʻldi.
Mutaxassislar ushbu texnologiya kelajakda portativ elektronika hamda qayta tiklanuvchi energetika tizimlarida keng qoʻllanilishini kutmoqda. Hozircha laboratoriya bosqichida boʻlgan mazkur ishlanma qimmat va murakkab yuqori bosimli vodorod rezervuarlaridan voz kechishga yordam beradi. Kelgusida olimlar batareyaning ishlash muddatini uzaytirish va texnik koʻrsatkichlarini yanada yaxshilash ustida ish olib boradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!