
AQSHda iqtisodiy vaziyat yana global sarmoyadorlarning diqqat markazida. 21 aprel kuni AQSH dollari kursi keskin pasaydi — DXY indeksi 97,92 punktgacha tushib, so‘nggi uch yildagi eng past darajaga yetdi. Bu haqda CNBC nashri yozmoqda.
Trampning shov-shuvli chiqishi valyutalar bozoriga ta’sir qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp bu holatga sababchi bo‘ldi, deyish mumkin. U Federal zaxira tizimi rahbari Jerom Pauellni qat’iy tanqid qilib, uni “juda kech harakat qiluvchi odam” va “yirik muvaffaqiyatsiz shaxs” deb atadi. Shu bilan birga, prezident Pauellni shoshilinch ravishda foiz stavkalarini pasaytirishga chaqirdi.
“Ko‘pchilik oldindan stavkalar pasayishini istayapti. Energiya va tovarlar narxi tushyapti — inflyatsiya deyarli yo‘q. Agar buning o‘zida ham chora ko‘rilmasa, iqtisodiyot sustlashadi”, — dedi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, Yevropa markaziy banki foiz stavkalarini yetti marta pasaytirgan, AQSH esa hanuz kechikayotgani so‘zlariga qo‘shimcha qilindi.
DXY nima? Va nega pasayishi muhim?
DXY indeksi — AQSH dollarining yevro, funt, iyena, frank, krona va Kanada dollari kabi asosiy valyutalarga nisbatan qiymatini ko‘rsatuvchi mezon. 97,92 — 2022 yil mart oyidan buyon eng past daraja.
Bozor mutaxassislarining fikricha, bu jarayon Federal zaxira siyosatidagi noaniqlik, prezident va markaziy bank o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va investorlar ishonchining susayishi bilan bog‘liq.
Oltin va boshpana aktivlariga talpinish
AQSHdagi iqtisodiy siyosat borasidagi beqarorlik fonida sarmoyadorlar “boshpana aktivlari” — xususan, oltinga talabni oshirmoqda. Shu kuni tarixda ilk bor bir unsiya oltin narxi 3400 dollardan oshdi.
Evercore ISI investitsiya kompaniyasi vitse-prezidenti Krishna Guxa shunday deydi:
“Bozor aniq signal bermoqda. Prezident hatto FRS rahbarini o‘zgartirishga urinish mumkinligini bildiryapti. Bu ishonchsizlikni kuchaytirmoqda. Qizig‘i shundaki, bu vaziyatda dollar arzonlashmoqda, ammo uzoq muddatli AQSH obligatsiyalarining daromadliligi ortib bormoqda. Bu — sarmoyadorlar kapitalni AQSHdan chiqarayotganidan darak beradi.”
Pauell iste’foga chiqariladimi?
Tramp bundan bir necha kun avval ham Pauellni tanqid qilib, o‘z lavozimini tark etishi kerak, degan edi.
Piper Sandler banki mutaxassisi Endi Laperrier esa shunday deydi:
“Trampning boj masalasidagi so‘zlariga e’tibor bermagan investorlar xato qilgan. Huddi shunday, uning iqtisodiy siyosatiga doir boshqa bayonotlarini ham mensimaslik — xato bo‘ladi.”
Siz nima deb o‘ylaysiz — dollarning tushishi va Pauellga bo‘lgan bosim AQSH iqtisodiyoti uchun qay darajada xavfli? Prezidentning tajovuzkor chiqishlari bozorga qay darajada ta’sir qiladi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar