
Chexiya shimoli-sharqida yuz bergan g‘ayrioddiy o‘g‘irlik hodisasi mamlakat temir yo‘l tizimida jiddiy falajlikka olib keldi. Novinky nashrining xabar berishicha, noma’lum shaxslar poyezdlarning xavfsiz harakatini ta’minlaydigan kalitlar, svetoforlar va boshqaruv kabellarini kesib o‘g‘irlab ketgan.
Natijada yakshanba kuni kechqurun yuzlab yo‘lovchilar qatnayotgan o‘nlab poyezdlar harakati to‘xtab qoldi. Politsiya xabariga ko‘ra, hodisa joyida olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida uch nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Mutaxassislar o‘g‘irlangan kabellar temir yo‘l signal tizimi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini, ularning yo‘qolishi esa butun yo‘l xavfsizligini izdan chiqarganini bildirmoqda.
Transport xizmatlari vakillari qisman harakatni bir necha soatdan keyin tiklagan, biroq tizimni to‘liq qayta ishga tushirish dushanba kunigacha davom etishi kutilmoqda.
Hodisa Chexiyada so‘nggi yillarda kuzatilgan eng yirik infratuzilma o‘g‘riliklaridan biri sifatida qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!