
Hamas harakatining yuqori darajali delegatsiyasi Qohirada Misr vositachilari bilan birgalikda 18 oydan beri davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatish yo‘llarini muhokama qilmoqda. Guruhning rasmiy vakili muzokaralar chog‘ida otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha yangi takliflar ko‘rib chiqilayotganini, ammo qurollarni tashlash masalasi muhokama qilinmayotganini alohida ta’kidlagan. Qurollarni topshirish esa Isroilning asosiy talablaridan biri hisoblanadi.
AFP axborot agentligiga nomini oshkor qilmaslik sharti bilan intervyu bergan Hamas vakili guruh «mahbuslarni bir vaqtning o‘zida almashish va besh yillik uzoq muddatli tinchlik sulhi tuzishga tayyorligi»ni bildirdi.
O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi tashabbuslar Isroil tomonidan garovdagi 10 nafar insonni qaytarish evaziga 45 kunlik tinchlik taklifining rad etilishi ortidan paydo bo‘ldi. Hamas bu taklifni «chala va yetarli emas» deb baholab, keng ko‘lamliroq va barqarorroq kelishuv tuzishni taklif qildi.
Hozirda Misr va Qatar vositachilari tomonidan taqdim etilgan rejaga ko‘ra, barcha garovga olinganlarning ozod qilinishi va besh yil muddatli tinchlik kelishuvi tuzilishi ko‘zda tutilgan. Lekin Hamasni qurolsizlantirish va G‘azoning urushdan keyingi taqdiri borasida hali ham kelishilmagan masalalar mavjudligicha qolmoqda.
Hamas doimiy ravishda G‘azo sektoridan Isroil qo‘shinlarini to‘liq chiqarib ketilishini, shuningdek, u yerdagi gumanitar vaziyatni yaxshilash maqsadida oziq-ovqat va tibbiy mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirishni talab qilmoqda. Isroil esa 2023 yil oktyabrdagi hujum paytida olib ketilgan barcha garovdagilarni ozod qilish va Hamasni to‘liq qurolsizlantirishdan boshqa shartlarni qabul qilishdan bosh tortmoqda.
Mart oyida Isroil G‘azoga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshladi. Avvalroq yanvar oyida boshlangan tinchlik jarayonining birinchi bosqichi amalga oshirilgan va hududda qisman osoyishtalik o‘rnatilgan edi. Isroil harbiylari bu harakatlar garovdagi odamlarni ozod qilishga Hamasni majbur qiladi, degan umidda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mart oyining ikkinchi yarmidan beri G‘azoda sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda 2111 nafar falastinlik halok bo‘lgan. G‘azodagi urush qurbonlarining umumiy soni esa 51 495 nafarga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 7 oktyabrida Hamas a’zolari tomonidan Isroil hududidan 251 kishi garovga olingandi. Hozirda ulardan 58 nafari hali ham G‘azoda ushlab turilmoqda. Isroil armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, garovda qolganlardan 34 nafari hayotdan ko‘z yumgan bo‘lishi mumkin.
G‘azoda insonparvarlik inqirozi kuchaymoqda. Jumladan, hududdagi zarbalar natijasida yana bir necha kishi qurbon bo‘ldi. G‘azo shahrida turar joyga berilgan zarbadan so‘ng 10 kishi halok bo‘ldi va 20 nafardan ortiq odam vayronalar ostida qolib ketdi. Shaharning Ash-Shati qochqinlar lageriga berilgan zarba oqibatida yana uch nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumdi.
G‘azo aholisi uchun yana bir xavf – bu yetarli darajada oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berilmayotganligidir. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi G‘azo sektorining oshxonalariga oxirgi zaxiralarni yetkazib bergani haqida ogohlantirdi va yaqin kunlarda oziq-ovqat butunlay tugab qolishini bildirdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreysus esa G‘azoda tibbiy vositalar va dori-darmonlar ham yakunlanayotganini ma’lum qildi. U gumanitar yordam mashinalari G‘azoga kirishi uchun zudlik bilan blokadani bekor qilishga chaqirdi.
Biroq Isroil bu da’volarni rad etib, G‘azoda ocharchilik yo‘qligini ta’kidlamoqda. Isroil tomonidan bildirilishicha, ular yordam yetkazib berishni to‘xtatish orqali Hamasga bosim o‘tkazib, garovdagilarni ozod qilishni maqsad qilgan.
Hozirda muzokaralar davom etmoqda, lekin ikki tomonning ham muhim talablari hali yechilmagan. Bu esa tinchlikka erishish imkoniyatini yanada murakkablashtirmoqda. Hozircha Isroil rasmiylari Hamasning yangi takliflari bo‘yicha hech qanday izoh bermagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar