
So‘nggi paytlarda xavfsizlik tahdidlari ortib borayotgan bir vaqtda, Islandiya o‘zining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish muzokaralarini qayta tiklashga qaror qildi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar bermoqda.
Qayd etish joizki, Islandiya NATO tashkilotiga asos solgan davlatlardan biri bo‘lsa-da, uning o‘z qurolli kuchlari mavjud emas. Mamlakat, shuningdek, hozircha Yevropa Ittifoqi tarkibiga ham kirmagan. O‘nlab yillar mobaynida islandiyaliklar tinch va xavfsiz sharoitda yashab kelgan. Sovuq urush davrida orolning Grenlandiya va Norvegiya o‘rtasida joylashganligi NATO uchun Sovet Ittifoqining dengiz floti harakatlarini kuzatib borishda qulay baza sifatida xizmat qilgan bo‘lsa-da, aholi harbiy tahdidlarni sezmagan.
Biroq hozirgi kunga kelib vaziyat jiddiy o‘zgargan. Rossiyaning Arktika mintaqasidagi harbiy faoliyatining kuchayishi, shuningdek, AQSHning Grenlandiyani qo‘lga kiritishga bo‘lgan intilishlari Islandiyada xavfsizlik masalasini kun tartibiga chiqardi.
2014 yilda Rossiya bilan munosabatlar yomonlashgach, AQSH amaldorlari Islandiyadagi Keflavik aviabazasini tiklashni taklif qilgan edi. Islandiya hukumati bu taklifni zudlik bilan qabul qilib, hududdagi harbiy infratuzilmaga katta sarmoya kiritgan.
Grenlandiya va Islandiya AQSH mudofaa strategiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, Grenlandiya Rossiyaning ehtimoliy raketa hujumlarini erta aniqlash tizimida asosiy rol o‘ynasa, Islandiya yaqinidagi suv hududlari Rossiya suvosti kemalari uchun strategik yo‘l hisoblanadi. NATO bu hududni «Grenlandiya—Islandiya—Buyuk Britaniya chizig‘i» deb ataydi.
Islandiya uzoq vaqt davomida Arktika mintaqasini harbiylashtirishdan saqlanib kelgan bo‘lsa-da, yangi sharoitlarda mudofaa tizimini yanada kuchaytirish zaruriyati paydo bo‘ldi.
«Islandiyada hech qachon o‘z armiyasini yaratish g‘oyasi jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan va yaqin vaqt ichida ham bu o‘zgarishi ehtimoldan yiroq. Lekin bu biz faol mudofaa siyosati va xalqaro ittifoqlarga qo‘shila olmaymiz degani emas. Mudofaa sohasi biz uchun juda muhim», — deydi mamlakat bosh vaziri Kristrun Frostadottir.
Frostadottir, shuningdek, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish tarafdori ekanligini bildirdi. Uning fikriga ko‘ra, Islandiya atrofdagi siyosiy voqealarni diqqat bilan kuzatib bormoqda va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish masalasi qayta ko‘rib chiqiladigan payt keldi.
The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH sobiq prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani xarid qilish haqidagi bayonotlari ham islandiyaliklar orasida xavotirlarni oshirgan. Biroq mamlakat bosh vaziri Yevropa Ittifoqiga a’zolik masalasida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan referendum AQSH va Yevropa o‘rtasidagi bir tanlov emas, balki mamlakat kelajagi uchun muhim strategik qadam sifatida ko‘rilishini istamoqda.
Shunday qilib, Islandiya o‘z xavfsizligini ta’minlash va Yevropa bilan integratsiyani chuqurlashtirish borasida yangi qadamlarni tashlashga tayyorlanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar