
Foto: Vitaliy Ankov/RIA Novosti
Massachusets texnologiya instituti (MIT) olimlari tomonidan innovatsion texnologiya yaratildi. Ushbu yangi usul yordamida bakteriyalar tuproq va ekinlardagi toksinlar hamda ozuqa moddalarini sezganda yorug‘lik chiqaradigan bo‘ldi. Bu haqdagi ilmiy tadqiqot natijalari Nature Biotechnology (NatBiotech) jurnalida chop etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu texnologiya an’anaviy va murakkab tahlillarga nisbatan juda oson va qulay bo‘lib, tuproqning holatini oddiyroq tarzda tekshirish imkonini beradi. Buning uchun faqat maxsus o‘zgartirilgan bakteriyalarni kuzatish yetarli. Ularning yorug‘lik signallarini esa dronlar yoki sun’iy yo‘ldoshlardagi giperspektral kameralar vositasida osongina qayd etish mumkin bo‘ladi.
Bakteriyalar tuproqdagi turli xil zararli yoki foydali moddalar ta’sirida har xil ranglarda yoritiladi. Bunday «reportyor» molekulalarni ishlab chiqarish uchun olimlar 20 mingdan ortiq metabolitning kvant mexanik simulyatsiyasini o‘tkazib, eng samarali molekulalarni tanlashdi. Natijada, ko‘kargan joylarga yashil rang beradigan biliverdin pigmenti hamda fotosintezda muhim ahamiyat kasb etuvchi bakterioxlorofil tanlab olingan.
Tadqiqotchilar tomonidan o‘tkazilgan tajribalarda tizim juda yuqori sezgirlikni namoyish qildi. Masalan, tekshirilayotgan moddalar bor bo‘lgan tuproq namunalari nazorat namunasiga nisbatan 12 baravar kuchliroq signal chiqargan va bu signalni 90 metr uzoqlikdan ham aniqlash mumkin bo‘lgan. Bakteriyalar chiqargan yorug‘lik inson ko‘zi uchun ko‘rinmas bo‘lsa-da, giperspektral kameralar yordamida to‘lqinlarning keng diapazonidagi juda kichik rang o‘zgarishlari ham osonlik bilan qayd etilgan.
«Yangi tizim nafaqat tuproqdagi og‘ir metallar, radiatsiya yoki turli xil toksinlarni, balki ozuqa moddalarini ham aniqlay oladi. Boshqacha aytganda, tizim tuproqda aniqlamoqchi bo‘lgan har qanday moddaga moslasha oladi», — deydi tadqiqotga rahbarlik qilgan professor Kristofer Foygt.
Mutaxassislarning fikricha, yaqin kelajakda ushbu yangi texnologiya qishloq xo‘jaligi sohasi, ekologik monitoring hamda turli xil ifloslanishlarni kuzatib borish uchun keng qo‘llanilishi mumkin. Bu esa atrof-muhitni muhofaza qilish va sog‘lom tuproqda o‘simliklarni yetishtirishni yanada osonlashtiradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar