Janubiy Koreyada faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston elchixonasi 2025 yilning dastlabki oylaridan beri yuzta nikohni rasmiylashtirdi. Bu haqda diplomatik vakolatxona matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, elchixona konsullik xizmatlari ko‘lami bo‘yicha xorijdagi O‘zbekiston elchixonalari orasida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Xususan, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish va nikohlarni rasmiylashtirish soni bo‘yicha birinchi o‘rinni saqlab turibdi.
10 oktyabr kuni Seuldagi elchixonada Elyor Nuriddinov va Nilufarxon Nuriddinova o‘rtasidagi nikoh tantanasi rasmiylashtirildi. Bu voqea 2025 yil davomida elchixonada qayd etilgan yuzinchi nikoh bo‘ldi.
Elchixona fuqarolarga nafaqat diplomatik, balki konsullik yordam ko‘rsatadigan muhim maskan hisoblanadi. Bu yerda o‘zbekistonliklar pasport olish, hujjatlarni tasdiqlash va fuqarolik masalalarini hal etish bilan bir qatorda, nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniga ham ega.
Nikohlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida qayd etiladi. Bunda ikki tomonning yoshi qonunda belgilangan me’yorga to‘g‘ri kelishi, o‘zaro roziligi va boshqa nikohda bo‘lmasligi talab etiladi. Qonun qarindoshlik darajasidagi shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishni taqiqlaydi.
Nikohni rasmiylashtirish uchun fuqarolar elchixonaga ariza bilan murojaat qiladi va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, tibbiy ma’lumot hamda zarur hollarda avvalgi nikoh bekor qilinganini isbotlovchi hujjatlarni taqdim etadi. Elchixona belgilangan muddat ichida barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, “Nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma”ni taqdim etadi.
Mutaxassislar ta’kidlamoqda, bu ko‘rsatkich faqat raqam emas, balki chet eldagi o‘zbekistonliklar orasida oila qadriyatlariga bo‘lgan ehtiromning ham yorqin ifodasidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!