AQSh prezidenti Donald Tramp joriy yilning 4 iyul — Ozodlik kunida so‘zlagan nutqida 2026 yilning 4 iyul bayrami munosabati bilan “Oq uy”da UFC jang kechasi o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. Bu voqea butun sport olamida katta qiziqish uyg‘otdi, deb xabar berdi The Athletic.
Nutqdan ko‘p o‘tmay, dunyo bo‘ylab tanilgan UFC jangchilari ushbu tantanali kechada ishtirok etish istagini bildirishdi. Ular orasida Konor Makgregor va nafaqadagi Jon Jons ham bor edi. Afsonaviy irlandiyalik jangchi bir martalik qaytish uchun mashg‘ulotlarga ham kirishib bo‘ldi.
Konor so‘nggi paytlarda siyosiy faolligi va prezidentlik orzulari haqida ko‘p gapirgan edi. Ammo endi uning diqqat markazi yana UFC maydonlariga qaratilgan. Irlandiyalik yulduz sport olamini yana hayratga soldi — u Tramp tashkil etayotgan UFC kechasida jang qilish uchun 100 million dollar haq so‘radi.
Muxlislar bu xabarni turlicha qabul qilishdi. Ba’zilar uning talabini ortiqcha deb hisoblashgan bo‘lsa, boshqalar “Makgregor o‘z qiymatini biladi” deyishdi.
Qiyos uchun: Krishtianu Ronaldu “An-Nasr” klubida yiliga 250 million dollar ish haqi oladi. Ammo UFC tashkiloti 2024 yil davomida barcha jangchilarga jami 203 million dollar to‘lagan. Shu sababli Konorning 100 million dollarlik talabi sport olamida shov-shuv uyg‘otdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, UFC tarixida bir jangchiga eng ko‘p haq — 30 million dollar atrofida to‘langan, bu ham saudiyalik sarmoyadorlar yordami bilan amalga oshgan.
Biroq Makgregorning talablar bu bilan cheklanmagan. U Trampning o‘ziga ham “hurmat ramzida” shart qo‘ygan — 100 dona “oltin viza”. Bir dona “oltin viza” taxminan 5 million dollar turadi va u Amerika fuqaroligini olish imkonini beradi.
Oddiy hisob bilan aytganda, bu vizalarning umumiy qiymati 500 million dollar, jang haqi bilan birga esa jami 600 million dollardan ortiq mablag‘ni tashkil etadi.
Sport jurnalistlari ta’kidlashicha, Makgregor bu orqali nafaqat UFC maydonlariga, balki global shou-biznes sahnasiga ham katta qaytishni rejalashtirmoqda.
“Konor har gal shov-shuv yaratishning yo‘lini topadi. Bu safar ham u o‘zini rekordlar kitobida saqlab qolishga harakat qilmoqda”, — deb yozadi ESPN tahlilchisi.
Shu tariqa, irlandiyalik jangchi yana bir bor isbotladi: u nafaqat oktagonda, balki butun sport olamida ham eng katta sarlavhalarni yarata oladigan shaxsdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!