date
views 1 573

Donetskdagi janglarda qatnashayotgan o‘zbekistonlik yigit bilan suhbat

Donetskdagi janglarda qatnashayotgan o‘zbekistonlik yigit bilan suhbat
Kuni kecha Rossiya armiyasi safida turib, Ukrainaga qarshi jang qilayotganlar orasida 1,1 ming nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi borligi e’lon qilindi. Bu ro‘yxat to‘liq emas, unga kirmagan hamyurtlarimiz ham bor ekani achchiq haqiqat.

Bizga aloqasi yo‘q urush domiga tortilganlarning sabablari turlicha. Pul, fuqarolik ilinji va hokazolar. Biroq aksariyat bu qarorga kuchli bosim ostida kelganini aytadi. “Daryo”ga murojaat qilgan yigit uni urush domiga qanday tortishgani, Vatanga qaytish urinishlari besamar ketgani va boshdan kechirayotgan dahshatlari haqida Ukrainadan turib hikoya qildi.

“Men bu ro‘yxatda yo‘qman”, dedi tahririyatga murojaat qilgan endigina 21 bahorni qarshilagan jizzaxlik yigit. U deyarli bir yildan beri frontda, o‘zi istamagan urushda har kuni o‘limga qarshi chiqadi. “Hozir mendan bor-yo‘g‘i 2 kilometr narida jang ketyapti”, u yuborgan ovozli va videoxabarnomalarda o‘qtin-o‘qtin portlash ovozlari eshitilib turibdi.

Tahririyatda murojaatchining jangovar harakatlarda qatnashayotganini tasdiqlovchi foto va videodalillar, jumladan, hujjatlar ham mavjud. Uning o‘zi frontning aynan qaysi uchastkasida jang qilayotganidan bexabar. Biroq u yuborgan geolokatsiya asosida joylashuvni aniqladik — o‘zbekistonlik yigit Donetsk hududida jang qilyapti. Xavfsizlik jihatidan ayrim tafsilotlarni ochiqlamaslikka, shuningdek, uning ism-familiyasini o‘zgartirishga qaror qildik.

Hammasi qanday boshlandi?

21 yoshli Jamshid Shukurov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) maktabdan so‘ng jurnalistika sohasida ketmoqchi bo‘ldi. Ma’lum vaqt ommaviy axborot vositalari uchun jamoatchilik muxbiri sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Ammo oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun davlat imtihonida yetarli ball to‘play olmagach, ishlash maqsadida Rossiyaga ketdi. Kunduzi qurilishda, kechasi esa xizmat ko‘rsatish sohasida mehnat qila boshladi. Hammasi tinch, osoyishta ketayotgandi. Ammo o‘sha kunga qadar. Jamshid uni quyidagicha eslaydi:

“Kechasi chiqindi tashlash uchun ko‘chaga chiqdim. Ishxonamizdan yuz metr uzoqda edi. Oldimga bir mashina to‘xtab, oddiy kiyimdagi uch kishi tushdi. Ulardan kimligini so‘radim. Biri o‘zini “uchastkavoy” deb tanishtirdi. Pasportimni so‘radi. Qo‘liga bermay ko‘rsatdim. Keyin patentni ham so‘radi. Menda yo‘qligini bilgach, majburan mashinaga o‘tqazishdi. Keyin shahar chetidagi garajga olib borib, tahdid qilishdi. Qurol bilan qo‘rqitib, kaltaklashdi. Ular menga rus armiyasi bilan shartnoma imzolashdan boshqa yo‘lim yo‘qligini, aks holda o‘ldirib yuborishlarini aytishdi. Noiloj majbur bo‘ldim”.

Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan Jamshidga berilgan guvohnoma
Foto: Xavfsizlik sabab tafsilotlar yashirildi

Jamshidning hikoya qilishicha, yoshligi, rus tilini mukammal bilmasligi hamda hech qanday harbiy ko‘nikmalarga ega emasligiga qaramay, atigi ikki kun tayyorgarlikdan o‘tkazishgan. Mashg‘ulotlar yugurish, jismoniy holatni yaxshilash kabi oddiy topshiriqlardan iborat bo‘lgan, bu ham yetmagandek, unga berilgan har ikki qurol ham nosoz ahvolda. Jang qilishni istamagan, ketish harakatiga tushgan “yangilar”ga qanday munosabat ko‘rsatilishini o‘zi guvohi bo‘lgan holatlar misolida so‘zlab berdi.

“Chegaradan o‘tganda hammamizdan telefonlarni tortib olishdi. Ikki kun 60 kg yuk bilan itdek yugurtirdi. Urushga borgisi kelmay qochganlarni o‘lasi qilib kaltaklashdi. Oyoqda turolmaydigan darajada urishdi. Qo‘shimchasiga daraxtni quchoqlatib, skochlab tashlashdi. Ertasi kuni shunday qilib 2-3 kishini o‘ldirib yuborishdi”.

Jamshidning aytishicha, Rossiya armiyasida bunday amaliyot mavjud va keng tarqalgan. Shu bilan bilan bir qatorda, kuchli nazorat va shafqatsiz talablar, jumladan otib tashlash kabi norasmiy ko‘rsatmalar sabab frontdan qochish deyarli imkonsiz.

Shunday qilib, atigi ikki kun jismoniy tayyorgarlikdan o‘tgan Jamshid frontga yuborildi. U o‘ziga ajratilgan qurollardan qanday foydalanishni oldinroq kelgan askarlardan so‘rab o‘rganmoqchi bo‘ldi. Ammo qurollar jangga yaroqsiz edi. Va u shu holatda oldingi safga tashlandi.

“Go‘sht maydalagich”

Jamshid jangovar topshiriqlarning dastlabkisiga hamrohlari bilan birga otlanganini aytdi. Ammo ularning harakatlarini kuzatib turgan Ukraina askarlari dron bilan zarba berdi. Ma’lum qilinishicha, Jamshidning ortda kelayotgan quroldoshi boshsiz qolgan, yana biri oyoqlaridan ayrilgan. Uning o‘zi esa granata portlashi sabab hosil bo‘lgan shrapnellardan jarohatlangan.

Yigit, shunga qaramay, quroldoshini sudrab, pana joyga olib o‘tgan va Ukraina dronlari faolligi pasaygach, qo‘mondonlik buyrug‘i bilan yana hujumga tashlangan. Ammo bu safar unga omad kulib boqmadi. Yoki aksincha – omadi keldi.

“Birinchi jarohatlangandan keyin osmon toza bo‘lishini (dronlar nazarda tutilgan - tah.) yarim soat kutdik. Keyin oldimdagi bir odam bilan to‘g‘riga ketdim. Bilmadim nima, lekin kuchli portlash bo‘ldi. Kaskam uchib ketdi. Chap qo‘lim, chap oyog‘im jarohatlandi. Yuzimni chap tomoniga temir bo‘laklar kirdi. Yaralandim. Sherigim meni tashlab qochdi. Lekin uning yuzidan ham qon oqib yotgandi. Keyin uni ko‘rmadim. Tirikmi yo o‘lik, bilmayman”, dedi u.

Jamshid shundan so‘ng jon talvasasida qishloq binolarining biriga qochib kirgan, biroq oradan ko‘p o‘tmay, hushidan ketgan. Tutun va alanga isi uni o‘ziga keltirdi. O‘zi yashiringan bino yonayotganini bilib, u bilan birga kul bo‘lmaslik uchun qochib chiqdi. Shundan so‘ng boshqa pana joy topib, ratsiyani sozladi. Shtab bilan bog‘langach, evakuatsiya guruhi yuborishni so‘radi. Biroq ulardan juda mujmal javob oldi.

“Ularning gap-so‘zlaridan meni olib ketishni istashmayotgani sezilib turardi. Baribir o‘lib ketasan degandek tuyuldi”, deya o‘sha voqealarni eslaydi Jamshid.

Yaralangan, badani shrapnellar jarohatiga to‘lgan Jamshid shu alfozda evakuatsiya guruhini kuta boshladi. Bu orada u joylashgan binoga bir necha shturm otryadlari yo‘l-yo‘lakay kelib ketdi. Ammo ularning hech biri bir necha kundan beri suvsiz va ovqatsiz yotgan yaradorni qutqargisi kelmasdi. O‘zi haqida xabar berganidan besh kun o‘tib, uni jang maydonidan olib chiqishdi.

Bir ko‘zi ko‘rmay qolgan, yuzi va tanasining turli qismlariga metall fragmentlar kirgan yigit evakuatsiya qilishlarini besh kun kutdi.
Foto: Xavfsizlik sabab uning yuzi yashirildi.

“O‘liklardan qo‘rqaman”

Bir ko‘zi ko‘rmay, eshitish qobiliyati sustlashib qolganiga qaramay, shifokorlar unga jarohati og‘ir emasligi, yana frontga qaytarilishini aytishdi. Shuningdek ulardan biri Jamshiddan jasadlarni tashishda yordamlashishni so‘radi, ammo u rad etgan. “O‘liklardan qo‘rqaman”, deydi u. Mast shifokor esa unga qo‘l ko‘tarib, o‘z so‘zini o‘tkazgan. Biroq ikki kundan so‘ng yigitning ahvoli yomonlashdi. Shunday qilib, uni gospitalga yuborishdi.

Gospitalda o‘tgan ikki oy davomida Jamshid qo‘l telefonidan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan. Fursat topishi bilanoq yaqinlariga bog‘lanib, o‘zi tushib qolgan vaziyat haqida xabar berdi. Ammo uni urush o‘chog‘idan yulib olishga bo‘lgan harakatlar natija bermadi.

Aytishicha, Jamshidning onasi Toshkentda, otasi esa Orenburg shahrida turib, davlat idoralari, jumladan diplomatik vakolatxonalarga murojaat qilgan. Qarindoshlari esa Moskvadagi elchixonamiz eshiklarini qoqqan. Biroq Jamshidga ko‘ra, barcha urinishlar besamar ketgan. Shunday qilib, uni yana frontga qaytarishgan.

Biroq bu safar endigina gospitaldan qaytgan askar birdaniga jangga tashlanmadi. U avvaliga front ortida bo‘lib, xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullandi. Ammo Jamshid bu uzoq davom etmaganini aytadi. Vaqti kelib, uni navbatdagi hujum amaliyotiga tashlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu safargi topshiriqqa ular 6 kishi bo‘lib otlangan. Biroq guruhdan faqat u ortga qaytish baxtiga muyassar bo‘lgan. Lekin jarohatlar bilan.

“Bizga dronlar bilan hujum qilishdi. Oyog‘imdan yaralandim. Usiz ham eski jarohat payti temir qo‘yilgandi — shishib ketdi. Keyin ortga amallab qaytdim. Faqat ruxsat berishganidan keyin. Agar ruxsatsiz qaytsak, otib tashlashlari mumkin. Men bir o‘zim qaytdim. Ammo jarohatim yengil deb, yana jangga yubormoqchi bo‘lishdi. Lekin oyog‘im shishib ketdi. Oyoq kiyim kiyolmay qoldim. Lekin shunda ham 20 kun ushlab o‘tirishdi”, deya o‘tgan voqealarni xotirlaydi u.

Jamshidning aytishicha, bu orada u mansub bo‘linma komandiri mazkur pozitsiyaga kelgan. Yigit safdoshlaridan faqat u tirik qolganini aytib, olib ketishni so‘ragan. Komandir esa rozi bo‘lib, mototsikl va quvvatlagich topib kelish uchun ketgan. Ammo ortga jasadi qaytgan.

Rossiya armiyasi zirhli texnikalar taqchilligi sabab mototsikllardan keng foydalanmoqda.
Foto: Daily Express

Biroq alaloqibat, qo‘mondonlik davolanish uchun gospitalga yo‘llanma berdi. Bu Jamshid urush dahshatlaridan butunlay qutilishi mumkinligiga kichik bo‘lsa ham umid uyg‘otardi. Boisi shifokorlarning uning salomatligini inobatga olib, hordiq uchun bir oy ta’til berish bo‘yicha taklif kiritdi. Ammo armiyaning xavfsizlikka mas’ul rasmiylari u qochib ketadi deb hisoblab, rad javobini berdi. Shundan so‘ng Jamshid yana janglarga qaytdi.

Cheksiz qonunsizlik

Rossiya armiyasidagi muhit, qo‘mondonlarning askarlar hayotiga befarqligi, ta’minotning qoniqarli ahvolda emasligi haqida had-hisobsiz xabarlar va tahlillarni topish mumkin. Jamshid mana shu muammolarni ichkaridan ko‘rishga, og‘rig‘ini o‘z tanasida his qilishga majbur bo‘ldi.

U yangi kelganlar tuzukroq tayyorgarlikdan o‘tkazilmay jangga tashlanishi, qurol-yarog‘ ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ko‘pligi, ortga chekinganlar otib tashlanishi haqida o‘zi guvoh bo‘lgan dahshatlarni so‘zlab berdi. Afsuski, Ukrainada vaqti Rossiya armiyasiga yollangan ko‘plab o‘zbekistonliklarni uchratdi.

“Taxminan o‘ntacha o‘zbeklarni uchratdim. Ularni bir marta ko‘rdim, qaytib uchrashmadik”, dedi Jamshid.

Jamshid Rossiya armiyasi bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Yozning oxirlariga borib, yuridik jihatdan u o‘z kuchini yo‘qotadi. Yigit bu yo‘lga na pul, na rus fuqaroligi uchun kirmagani, uni majburlashganini ta’kidlaydi. Shu bois u fuqarolik olmoqchi emas. O‘zbekistonga qaytishni, hayotini izga solishni istaydi.

Biroq Rossiya armiyasi shartnomadagi harbiylar bilan osonlikda xayrlashmaydi. Jamshidning aytishicha, ularni frontda ushlab qolishadi. Shu bois ham yigit “go‘sht maydalagich” domidan tezroq qutilishni istaydi. Chunki uni mavhum kelajak kutmoqda. Har bir kun esa oxirgisi bo‘lishi mumkin.

“Daryo” bilan suhbatda ma’lum qilishicha, u va oila a’zolarining shu kunga qadar bo‘lgan urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Yordam berishi mumkin bo‘lgan barcha tashkilotlarga murojaat qilingan. Ammo natija yo‘q. Jamshid esa hayotining gullagan davrlarini urushda, bo‘lib ham unga aloqasi bo‘lmagan mojaroda o‘tkazmoqda.

U bu dahshatlardan imkon qadar tezroq qutilishni, o‘zi boshdan kechirgan qismat qolganlar uchun saboq bo‘lishini istaydi. Ortiq hech bir o‘zbekistonlik turli va’dalar, aldovlar, makr-hiylalar va bosimlarga uchib, urush domiga tortilmasligini xohlaydi.

Muallif Humoyun Tojiddinov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donetskdagi janglarda qatnashayotgan o‘zbekistonlik yigit bilan suhbat