
Chorshanba kuni kechqurun Ukraina va AQSH kelishuv imzoladi, unga ko‘ra Vashington Ukraina tabiiy resurslarining bir qismidan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Hujjat imzolangach, AQSH rasmiylari Ukraina uchun kutilmagan maqtovli bayonotlar bilan chiqdi, Kiyevdagilar esa mazkur hujjat Vashington tomonidan uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlovni ta’minlashiga umid bildirdi.
BBC tomonlar bir necha oy davomida ishlab chiqqan va Ukrainani tiklash uchun investitsiya jamg‘armasi yaratishni nazarda tutuvchi kelishuvning yettita asosiy jihati haqida so‘z yuritdi.
Ukraina pullarni AQSHga qaytarishi shart emas
Bungacha AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Vashington uni qo‘llab-quvvatlagani, jumladan, harbiy yordam uchun ajratgan mablag‘larni qaytarishi kerakligini ta’kidlagan edi.
Tramp o‘z bayonotlarida Amerika 350 milliard dollarlik yordam ko‘rsatganini aytgan, biroq ekspertlar va Ukraina rasmiylari bu miqdorni juda yuqori deb hisoblaydi. Amerikaning nufuzli Xalqaro aloqalar bo‘yicha tahliliy kengashi (Council on Foreign Relations) keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Amerikaning Ukrainaga ko‘rsatgan umumiy yordamini 175 milliard dollarga baholagan.
Vashington tomonidan ko‘rsatilgan ko‘mak hajmi qanday bo‘lganidan qat’i nazar, ular tuzilgan shartnomada hisobga olinmaydi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSHning oldingi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati yordamni beg‘araz asosda ajratgani, shuning uchun uni qarz deb bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Vashingtonda imzolangan hujjatga ko‘ra, AQSH bu masalada yon bergan. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal kelishuvda uning mamlakati qarzni qaytarishi kerakligi nazarda tutilmaganini aytdi.
Trampning o‘zi shartnomani o‘z mamlakati uchun foydali deb ko‘rsatishga urinib, uning mamlakati «nazariy jihatdan o‘zidan oldingi prezident Ukrainaga bergan milliardlardan ancha ko‘proq pulni qaytarib olishi»ni aytdi.
Vashington Rossiyaga nisbatan ritorikani yaqqol kuchaytirdi
Amerika rasmiylari Ukraina bilan tuzilgan bitimni e’lon qilganida, bayonot ohangi Rossiyaga nisbatan shu vaqtgacha bo‘lganidagiga qaraganda tanqidiy edi.

Trampning elchisi Stiven Uitkoff Vladimir Putin bilan bir necha bor uchrashgan va Rossiya propagandasi tezislarini takrorlagan.
AQSH moliya vazirligi saytida e’lon qilingan press-relizda ushbu shartnoma «Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin AQSH xalqi Ukrainani himoya qilish uchun ko‘rsatgan katta moliyaviy va moddiy yordamni tan olish uchun» tuzilgani aytilgan.
Bungacha Oq uy rasmiylari bir necha bor Rossiyani tajovuzkor deb atashdan bosh tortgan, Tramp esa bir necha bor Ukrainani «urushni boshlaganlik»da ayblagandi.
«Prezident [Donald Tramp] aytganidek, AQSH bu shafqatsiz va ma’nosiz urushni tugatishga yordam bermoqchi. Bu kelishuv Rossiyaga Tramp ma’muriyati – erkin, suveren va farovon Ukrainaga asoslangan tinchlik jarayoniga sodiq ekani haqida aniq signal beradi», – dedi AQSH moliya vaziri Skott Bessent.
U «Rossiya harbiy mashinasini moliyalashtirgan yoki unga yordam yetkazib bergan biror davlat yoki shaxsga Ukrainani tiklash jarayonida pul ishlab olishga ruxsat berilmasligi»ni qo‘shimcha qilgan.
Bunday so‘zlar, shubhasiz, bir necha bor Vashingtondan sulh bo‘yicha muzokaralarda Rossiyaga bosimni kuchaytirishni talab qilgan Kiyevga ma’qul keldi.
Bitimga foydali qazilmalardan tashqari neft va gaz ham kiritilgan
Kelishuv haqidagi xabarlarda muntazam ravishda faqat Ukrainadagi o‘ta muhim minerallarning boy zaxiralari tilga olingan bo‘lsa-da, kelishuv neft, gaz va boshqa uglevodorodlarga ham tegishli.
Garchi AQSH ulardan birgalikda foydalanish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa ham, ushbu resurslarning barchasi Ukraina mulki bo‘lib qolmoqda.

Ekspertlar fikricha, hujjatga neft va gaz kiritilishi Ukraina tomonidan yon berilishi bo‘lgan, chunki bu tabiiy resurslar shartnomaning avvalgi versiyalariga kiritilmagandi.
Bitim Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishiga to‘sqinlik qilmaydi
Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni o‘zining strategik maqsadi deb biladi va bu boradagi muzokaralar rasman o‘tgan yilning iyun oyida boshlangan.
Bungacha Kiyevdagilar AQSH bilan tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv, agar unda amerikalik investorlarga ustunlik berilsa, Ukrainaning Yevropa tomon intilishi istiqbollariga to‘sqinlik qilishi mumkinligi haqida xavotirlar bildirilgandi. Ukraina allaqachon Yevropa Ittifoqi bilan xomashyo hamkorligi bo‘yicha kelishuvga ega hisoblanadi.
Biroq, tuzilgan bitim matnida AQSH Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish niyatini tan olishi aytilgan va hujjat bu niyatga zid bo‘lmasligi kerakligi qayd etilgan.
Shartnomada, shuningdek, agar Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonidagi «qo‘shimcha majburiyatlar» bilan bog‘liq shartlarni qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘lsa, AQSH bu borada xayrixohlik bilan muzokaralar olib borishga tayyorligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Kiyev bayonotlariga ko‘ra, AQSH Ukrainaga, jumladan, Yevropa Ittifoqi va dunyoning boshqa qismlaridan qo‘shimcha investitsiyalar va texnologiyalarni o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
AQSH harbiy yordami yana kun tartibida
AQSH Ukrainaning Amerika harbiy yordamini olishda davom etishi ko‘p jihatdan tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvga bog‘liqligini aytdi.
Shartnomani imzolash uchun Vashingtonga uchib ketgan Ukraina hukumati bosh vaziri o‘rinbosari Yuliya Sviridenko kelajakda AQSH Kiyevga harbiy yordam, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlarini taqdim etishi mumkinligini ma’lum qildi.

AQSH Ukrainaga ko‘plab qurol-yarog‘ tizimlarini, jumladan, HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini taqdim etgan.
Shartnomada AQSH investitsiya fondiga qurol-yarog‘ yetkazib berish shaklida ham hissa qo‘shishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Agar Vashington tomonidan harbiy yordam haqiqatan ham qayta tiklansa, bu Trampning strategiyasida muhim o‘zgarish bo‘ladi, u ilgari Baydenni Ukrainaga mablag‘ ajratgani uchun bir necha bor tanqid qilgandi.
Tramp Oq uyga qaytganidan beri Ukrainaga yangi harbiy yordam ajratmadi (bu davrda faqat avvalgi ma’muriyat tomonidan ma’qullangan transhlarni Kiyevga yetkazib berish davom ettirildi).
Ukrainaning Kyiv Post nashri o‘z manbalariga tayanib, Tramp ma’muriyati yerosti boyliklari bo‘yicha kelishuv imzolanganidan keyin Ukrainaga qurol-yarog‘ning tijoriy savdosini blokdan chiqargani haqida xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Oq uy Kongressga to‘g‘ridan to‘g‘ri tijorat dasturlari (DCS) dasturi doirasida Ukrainaga 50 million dollardan ortiq mudofaa mahsulotlarini eksport qilishga ruxsat berish niyati haqida ma’lumot bergan.
Ushbu dastur avval ham ishlagan, garchi qurollarning katta qismi bepul berilgan bo‘lsa ham. 2015 yildan 2023 yilgacha Ukraina ushbu dastur bo‘yicha yetkazib berilgan harbiy tovarlar uchun taxminan 1,6 milliard dollar to‘lagan.
Kyiv Post ma’lumotlari hozircha boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Biroq, bitim imzolangandan so‘ng, bitta muhim savol javobsiz qolmoqda – bu urushning umumiy yo‘nalishi uchun qanday oqibatlarga olib keladi. Rossiya hozircha bu bitim tuzilishi yuzasidan izoh bermadi.
Tramp ma’muriyati chindan ham Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish niyatida ekani hozircha noma’lum.
...lekin AQSH istalgan vaqtda yordamni to‘xtatishi mumkin
Shartnoma matniga ko‘ra, hujjatda AQSH tomonidan Ukraina uchun hech qanday aniq xavfsizlik kafolatlari yo‘q, holbuki Kiyev va Yevropa davlatlari poytaxtlarida uzoq vaqtdan beri Vashingtondan buni talab qilib kelishgan.
Tramp Baydenning yondashuvini tanqid qilgan va Kiyevga o‘zidan oldingi prezident kabi yordam bermoqchi emas.
Buning o‘rniga, uning ma’muriyati rasmiylari Ukraina xavfsizligi AQSH bu mamlakatda resurslar bitimi bilan mustahkamlangan iqtisodiy manfaatlarga ega bo‘lishi orqali kafolatlanishini ta’kidlamoqda.
Ammo amalda bu Ukraina baribir o‘zining eng muhim ittifoqchisidan aniq kafolat olmaganini anglatadi.
Foyda Ukrainaga investitsiya qilinadimi?
Ukraina hukumatining ta’kidlashicha, investitsiya fondi faoliyatining dastlabki o‘n yilida foyda to‘liq Ukraina iqtisodiyotiga – yangi loyihalarga ham, mamlakatni tiklashga ham qayta investitsiya qilinadi.
Bu muhim jihat, chunki u dastlabki o‘n yil ichida AQSH bitimdan sezilarli moliyaviy foyda ololmasligini anglatadi.
Bu band, aftidan, Vashingtonda imzolangan bitim matnida yo‘q, ammo u qo‘shimcha «texnik» hujjatlarga kiritilishi mumkin.
Dastlabki 10 yildan so‘ng, Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, foyda sheriklar o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
Payshanba kuni Oq uy «bu hamkorlik Rossiyaga AQSH [Ukraina masalasida] o‘z manfaatlariga ega ekani va Ukrainaning muvaffaqiyatli rivojlanishini izchil qo‘llab-quvvatlashini aniq ko‘rsatishi»ni ma’lum qildi.
UkrainaAQSHVashingtonTabiiy ResurslarHarbiy YordamInvestitsiya Fondi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar