
Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi yalpi sessiyadan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sky News Arabia telekanaliga intervyu berdi. Ushbu suhbatda Putin Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatish uchun Moskva qo‘yayotgan shartlarni yana bir bor omma e’tiboriga havola etdi.
Putinning ta’kidlashicha, Rossiyaning asosiy talablaridan biri — Zaporijjya va Xerson viloyatlarining anneksiya qilingan hududlari, shuningdek, Donetsk va Lugansk xalq respublikalarida o‘tkazilgan “referendum” natijalarining Kiyev tomonidan rasman tan olinishi hisoblanadi. Uning fikricha, mazkur natijalarni e’tiborsiz qoldirish, kelgusida qurolli to‘qnashuvlar yana qaytalanishi xavfini kuchaytiradi.
Shu bilan birga, Putin Ukraina tomoni betaraflik siyosatini qo‘llashi, ya’ni xorijiy harbiy ittifoqlarga qo‘shilmaslik va yadro qurollarini o‘z hududiga joylashtirmaslik shartligini qayta-qayta urg‘uladi. Rossiya prezidenti bu omillarni mintaqa xavfsizligi va uzoq muddatli barqarorlik uchun muhim asos deb biladi.
Intervyuda Putin, 2022 yil bahorida Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralarda tomonlar kelishuvga juda yaqin bo‘lgani haqidagi so‘zlarini yana bir bor takrorladi. Uning fikricha, Ukraina rahbarlari “uchinchi tomon” manfaatlari emas, balki o‘z milliy maqsadlarini ustun qo‘yishi kerak.
«Umid qilamanki, Ukrainaning hozirgi rahbarlari uchinchi tomonning emas, milliy manfaatlarni ko‘zlagan holda ish tutadi. <…> Ukraina Rossiyaga qarshi ishlovchi tashqi kuchlar qo‘lidagi qurol bo‘lishdan yaxshiroq taqdirga loyiq», — deya Putinning so‘zlarini keltiradi Sky News Arabia.
Kremlning talablarida yana bir muhim jihat — Qrim, Donetsk, Lugansk, Zaporijjya va Xerson viloyatlarining Rossiya tarkibida ekanini rasman tan olish talab qilinmoqda. Shu mazmundagi talablar 2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarning ikkinchi raundida Ukrainaga topshirilgan memorandumda ham alohida qayd etilgan.
Shu bilan birga, Kiyev tomoni o‘z tinchlik takliflarida Ukrainaning betaraf maqomga ega bo‘lishi shart emasligini, Yevropa ittifoqiga a’zolik uchun harakatlarni davom ettirish niyati borligini bildirgan. NATOga a’zolik esa alyansdagi konsensusga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ukraina tomoni shuningdek, 2014 yildan beri Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmasligini talab qilmoqda. “Hududiy masalalar faqat to‘liq va so‘zsiz otashkesimdan so‘ng muhokama qilinishi mumkin”, deyiladi Kiyev memorandumida.
Bu vaziyatda tinchlik muzokaralari har ikki tomon uchun ham murakkab va siyosiy jihatdan jiddiy bahs mavzusi bo‘lib qolmoqda. Hozirda Kiyev va Moskva o‘rtasida uzoq muddatli barqarorlik va hududiy masalalar yuzasidan o‘zaro kelishuv topilishi juda mushkul ko‘rinadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar