Rossiyada oʻzbekistonliklar uchun chorvachilik yerlari ajratilishi mumkin

Rossiyaning Irkutsk viloyati hududida yirik shoxli qoramol parvarishlash maqsadida oʻzbekistonlik sarmoyadorlar uchun qishloq xoʻjaligi yer maydonlari ajratilishi ehtimoli bor. Bu haqda Sputnik xabar tarqatdi.
Maʼlumotlarga koʻra, mazkur yangilik Rossiyaning Irkutsk viloyati iqtisodiy taraqqiyot va sanoat vaziri Viktor Sishkovskiy ishtirok etgan Oʻzbekiston va Irkutsk viloyati oʻrtasidagi hududlararo hamkorlikka bagʻishlangan brifing davomida maʼlum qilingan.
Irkutsk viloyati hududida yirik shoxli qoramol yetishtirish uchun qishloq xoʻjaligi yerlarini ajratish tashabbusi muhokama qilinmoqda. Rejaga muvofiq, ushbu hududda ishlab chiqarilgan mahsulotlar keyinchalik ham Irkutsk viloyati va Rossiya bozoriga, ham Oʻzbekistonga yetkazib berilishi mumkin. Sishkovskiyning taʼkidlashicha, oʻzbekistonlik sarmoyadorlar ushbu loyihalarda ishtirok etishga tayyor.
Viktor Sishkovskiyning bildirishicha, Andijon viloyati bilan imzolangan kelishuv doirasida maxsus “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Hujjatda aniq vazifalar va ularni amalga oshirish muddatlari belgilab qoʻyilgan. Ustuvor yoʻnalishlar sifatida Irkutsk viloyatida respublika Savdo uyini tashkil etish, shuningdek, yirik meva-sabzavot logistika markazini barpo etish rejalashtirilgan.
Irkutsk viloyati Oʻzbekistonga asosan yogʻoch mahsulotlari, alyuminiy, IT yechimlar va boshqa turdagi tovarlarni eksport qiladi, Oʻzbekistondan esa meva-sabzavot, texnika, idishlar hamda qadoqlash materiallari import qilinadi.
Shuningdek, aprel oyining oʻrtalarida Oʻzbekiston tomoni Belarusdan 4 ming gektar ekin maydonini uzoq muddatli ijaraga olib, uning negizida qoramolchilik loyihasini amalga oshirish rejasi haqida ham xabar berilgan edi. Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Belarusga tashrifi doirasida ana shunday iqtisodiy kelishuvga erishilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!