
Dunyo miqyosida superyaxtalarga bo‘lgan talab keskin oshmoqda. Ayniqsa, boy va mashhur insonlar shaxsiy suzuvchi hashamatli “saroylar”ga katta e’tibor qaratmoqda. Va ular har qachongidan ham kattaroq, kengroq va qulayroq bo‘lishini xohlashmoqda.
Yillardan buyon superyaxtalar sohasida tajribaga ega italiyalik Paola Trifiro va uning turmush o‘rtog‘i o‘nlab yaxtalarga egalik qilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy superyaxtalar aslida harakatlanadigan besh yulduzli mehmonxonalarga o‘xshaydi. Trifiro xonim dizayn jarayonida shaxsan ishtirok etadi va jamoa uchun keng oshxona bo‘lishini talab qiladi. Sababi oddiy – “Agar siz sifatli ovqatga o‘rgangan bo‘lsangiz, dunyoning har yerida bunday restoranlarni topish mushkul”, deydi u.
Shuningdek, u yirik o‘lchamdagi kemalarda o‘zini yanada xavfsizroq his qilishini ta’kidlaydi: “Xoh u kitlar bilan birga suzish bo‘lsin, xoh Fiji orollaridagi baliqchilar bilan uchrashuv – mening kemalarim menga qudrat va xavfsizlik bag‘ishlaydi.”
Superyaxta nima o‘zi?
Rasmiy ta’rif bo‘lmasa-da, Boat International nashri superyaxtani uzunligi 24 metrdan ortiq, hashamatli va professional jamoa tomonidan boshqariladigan shaxsiy kemalar deb ataydi.
COVID-19 pandemiyasi davrida bu sanoat portladi. Mehmonxonalar yopilgan paytda badavlatlar xususiy, izolyatsiyalangan va qulay variant sifatida superyaxtalarga murojaat qildilar. 2022-yilda dunyo bo‘ylab 1,024 ta yangi superyaxta qurilgan yoki buyurtma qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2023-yilda 1,203 taga yetdi — tarixdagi eng yuqori daraja.
2025-yilda superyaxtalar soni biroz kamayishi kutilayotgan bo‘lsa-da, ular o‘rtacha hajmi bo‘yicha ancha yiriklashmoqda. Masalan, uzunligi 76 metrdan ortiq bo‘lgan kemalar soni bu yil 61 taga yetgan — bu o‘tgan yildagi 55 ta kemaga nisbatan sezilarli o‘sishdir. Shuningdek, 46–60 metr oralig‘idagi kemalar ham ko‘paymoqda, eng kichik o‘lchamdagi kemalar esa (24–27 m) kamaygan.
Italiyaning mashhur superyaxta ishlab chiqaruvchisi Amer kompaniyasi ham buni tasdiqlaydi. Uning egasi Barbara Armerio: “Pandemiyadan keyin odamlar superyaxtalarni o‘zlari va yaqinlari uchun xavfsiz orol sifatida ko‘ra boshladilar. Endi esa ular ko‘proq ochiq makon, katta oynalar va dengizga bevosita yaqinlik istashmoqda”, deydi.
Bugungi kunda yangi, kichikroq superyaxta narxi 36 million yevrodan (taxminan 41 million dollar) boshlanadi. Barcha hashamatli variantlari bilan 105 metrlik kema esa 295 million yevrogacha boradi. Amazon asoschisi Jeff Bezosning Koru nomli kemasi esa 500 million dollarga tushgani aytiladi.
Superyaxtalar ishlab chiqarishda yetakchi davlat — Italiya. Bu yerda hozirda 22 kilometrdan ortiq umumiy uzunlikdagi kemalar qurilmoqda. Turkiya, Niderlandiya va Buyuk Britaniya esa keyingi o‘rinlarda.
2023-yilda Italiya kemasozlik sanoatining eksport daromadi rekord ko‘rsatkich — 8,3 milliard yevroga yetdi. Barbara Armerio buni mamlakatdagi mahalliy ustalar, sifatli xomashyo va qulay logistika bilan izohlaydi. “Toskana marmarini atigi bir necha soatda olib kelishimiz mumkin. Bu katta afzallik”, deydi u.
Boat International tahlillariga ko‘ra, eng yirik xaridorlar AQSh fuqarolari bo‘lib qolmoqda. Biroq Turkiya, Indoneziya va Meksikadan ham yangi boylar paydo bo‘lmoqda. Bu davlatlar iqtisodiy o‘sishda davom etmoqda. Ayni vaqtda Rossiyadan bo‘lgan xaridorlar sanksiyalar tufayli keskin kamaygan.
Nega odamlar superyaxta sotib oladi?
Paola Trifiro bunga quyidagicha javob beradi: “Yangi joylarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish meni okeanlar bo‘ylab suzishga undaydi. Va men bunga o‘zim bosh bo‘lishni yoqtiraman.”
Uning so‘zlariga ko‘ra, malakali jamoani ushlab qolish ham muhim. Shu bois dengizchilariga quruqlikdagiga nisbatan ikki barobar ko‘p haq to‘laydi: “Bizning kapitanimiz 22 yildan beri biz bilan ishlaydi.” “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar