date

Qirg‘iziston qor qoplonini milliy ramz sifatida e’lon qildi

Qirg‘iziston qor qoplonini milliy ramz sifatida e’lon qildi

Qirg‘izistonda ilbars — ya’ni qor qoploni — rasman mamlakatning milliy ramzi sifatida e’tirof etildi. Bu haqdagi qarorni Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan bo‘lib, hujjatga hukumat raisi Odilbek Qosimaliyev imzo chekdi, deb yozdi mahalliy nashrlar.

Qarorga muvofiq, endi qor qoplonining rasmiy logotipi ham yaratiladi va uni qo‘llash tartibi alohida tasdiqlanadi. Bu tashabbus Qirg‘iziston prezidentining “Qor qoplonini milliy ramz sifatida tan olish to‘g‘risida”gi farmonini amalga oshirish doirasida amalga oshirilmoqda.

Hukumatning ta’kidlashicha, qarorning asosiy maqsadi — mamlakatning tabiiy va madaniy merosini saqlab qolish, shuningdek, ilbars timsoli orqali Qirg‘izistonning tog‘li tabiati va ekotizimini jahon miqyosida targ‘ib etishdan iborat.

Tabiat resurslari, ekologiya va texnik nazorat vazirligiga qor qoploni populyatsiyasini muhofaza qilish hamda uning yashash muhitini saqlab qolish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi. Bu reja doirasida brakonerlikka qarshi kurashish, ilbarslarning harakat yo‘nalishlarini kuzatish va ular uchun xavfsiz hududlar yaratish kabi vazifalar belgilangan.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, barcha davlat organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va turli tashkilotlar mazkur qaror talablariga amal qilishlari shart qilib belgilandi. Bu Qirg‘izistonning tabiiy ramzlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Qor qoploni dunyodagi eng go‘zal va nodir yirtqichlardan biri sanaladi. U Markaziy Osiyo tog‘larida — Himolay, Tyan-Shan, Pomir va Oltoy kabi hududlarda yashaydi. Bu hayvon tabiatning kuch-qudrati, sokinligi va go‘zalligini o‘zida mujassam etgan jonzot sifatida ko‘plab xalqlar uchun muqaddas ramzga aylangan.

Hozirgi kunda qor qoploni 12 mamlakat hududida uchraydi, ular orasida Xitoy, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Nepal, Hindiston, Afg‘oniston va Tojikiston bor. Ushbu hayvonlarning umumiy populyatsiyasining taxminan 60 foizi Xitoy hududida yashaydi.

Xalqaro Qizil Kitobda ilbars “zaif tur” sifatida qayd etilgan. Unga asosiy tahdidlar — brakonerlik, yashash hududlarining qisqarishi, chorvachilik faoliyati va yo‘l qurilishi sabab yerlarning yo‘qolishi hisoblanadi.

Qirg‘iziston hukumati so‘nggi yillarda ilbarslarni muhofaza qilish bo‘yicha faol choralar ko‘rib kelmoqda. Milliy bog‘lar va qo‘riqxonalarda maxsus monitoring dasturlari amalga oshirilayotgani, GPS trekerlar yordamida ularning harakat yo‘nalishlari kuzatilayotgani ma’lum qilindi.

Mutassadilar fikricha, ilbars Qirg‘iziston uchun nafaqat biologik, balki ma’naviy ahamiyatga ham ega. U tog‘li xalqning jasorati, erkinligi va tabiat bilan uyg‘unlikda yashash an’analarini ifodalaydi. Shu bois bu hayvonning milliy ramz sifatida tan olinishi mamlakatning tabiatga bo‘lgan ehtiromini yanada oshiradi.

Shu tariqa, Qirg‘iziston ilbarsni milliy ramz darajasiga ko‘tarib, nafaqat o‘z ekotizimini muhofaza qilish, balki kelajak avlodlarga tabiatni sevish va himoya qilish hissini singdirishga qadam qo‘ydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston qor qoplonini milliy ramz sifatida e’lon qildi