date

Xotinini qiynagan elchiga hukm o‘qildi: qiynoqlar, rashk va sud

Xotinini qiynagan elchiga hukm o‘qildi: qiynoqlar, rashk va sud
Qozog‘istonning Ostona shahrida juda shov-shuvli sud jarayoni yakunlandi. O‘zining diplomatik faoliyati bilan tanilgan, bir paytlar BAAdagi elchixonada ishlagan Saken Mamashga nisbatan sud jazo tayinladi, deb xabar berdi Tengrinews.kz.

Sobiq diplomat ayol kishiga nisbatan qiynoq va zo‘ravonlikda ayblanib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Mamash jazoni o‘rtacha xavf darajasidagi jazo muassasasida o‘taydi. Sud, shu bilan birga, uni birinchi darajali maslahatchi unvonidan ham mahrum qildi.

Mamashga nisbatan ayblov Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi bo‘yicha qo‘yilgan. Unda jismoniy va ruhiy qiynoqlar uchun 4 yildan 7 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Sud hukmida ta’kidlanishicha, Mamash 2019 yildan 2024 yilgacha, Ostonadan tortib Abu-Dabigacha bo‘lgan davrda, hech qanday asossiz rashk hissi tufayli turmush o‘rtog‘i Karina Mamashga doimiy ravishda zo‘ravonlik qilgan.

Uning Karinaga nisbatan muntazam ravishda mushtlagani, ayniqsa tanasining turli qismlari va boshiga zo‘ravonlik bilan zarba bergani sud tomonidan tasdiqlangan. Shuningdek, u xotinining tanishlari va yaqinlari bilan aloqasini cheklagan, telefoni va ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalariga nazorat o‘rnatgan.

Karina Mamash bu haqda avvalroq ijtimoiy tarmoqdagi videomurojaati orqali jamoatchilikka murojaat qilgandi. Aynan shu videodan so‘ng Saken Mamash Qozog‘istonga chaqirib olindi va unga nisbatan rasman jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Sud jarayonida jabrlanuvchi, guvohlar, ekspert xulosalari, skrinshotlar va videoyazuvlar orqali Mamashning aybi to‘liq isbotlangani ma’lum qilindi.

Hukm e’lon qilinganidan so‘ng Karina o‘z sahifasida shunday deydi:

“Mayli, his qilsin. Balki tushunadi. U avval kulardi, ammo endi adolat qaror topdi. Qo‘llab-quvvatlagan barcha qizlarga, ommaviy axborot vositalarga va menga murojaat qilgan insonlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Hammasini ko‘ryapman, hammasini o‘qiyapman. Men o‘z sahifamga kam narsa joylaganman. Yana bir bor katta rahmat aytmoqchiman. Qizlar, bilinglar: sevgan inson hech qachon urib-solmaydi.”

Karinaning so‘zlari keng jamoatchilik orasida katta hamdardlik uyg‘otdi. Mamlakatda bunday holatlar borligini tan olish kerak. Quvonarlisi shundaki, Qozog‘istonda qabul qilingan yangi qonun — ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish haqidagi qonun oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashda katta burilish yasadi.

Ushbu voqea Quvondiq Bishimboyevning o‘z jufti Saltanat Nukenovani o‘ldirgani va shuning uchun 24 yilga qamalgani bilan bog‘liq fojeali hodisa kabi, yana bir bor oiladagi zo‘ravonlikka nisbatan jamiyatda mustahkam pozitsiya paydo bo‘layotganini ko‘rsatdi.

Bugungi kunda Qozog‘istondagi inqiroz markazlari va huquqni himoya qiluvchi faollarning samarali harakatlari natijasida zo‘ravonlikka qarshi javobsiz qolmaydigan muhit shakllanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xotinini qiynagan elchiga hukm o‘qildi: qiynoqlar, rashk va sud