date

Husanovga yana imkoniyat? "Siti" himoyasida vaziyat keskin o‘zgarmoqda...

Husanovga yana imkoniyat? "Siti" himoyasida vaziyat keskin o‘zgarmoqda...

“Manchester Siti” safida to‘p surib kelayotgan o‘zbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanov uchun so‘nggi haftalar ancha og‘ir kechmoqda. Mavsum boshlanishida o‘ziga xos universallik ko‘rsatib, o‘ng qanot himoyasida muvaffaqiyatli o‘yin namoyish etgan 21 yoshli legionerimiz kuzda olingan ikki kutilmagan shikastlar tufayli asosiy tarkibdagi mavqeini yo‘qotdi.

Avvaliga bir necha haftalik tiklanish yetarli bo‘ladi, deb ko‘rilgandi. Biroq ikkinchi jarohat davolanishi uzoqqa cho‘zilib, natijada Abduqodir yana zaxirada qolib ketdi. Bu vaqt ichida esa murabbiylar shtabi unga ishonib berilgan pozitsiyalarni boshqa futbolchilarga topshirishga majbur bo‘ldi.

Hozirda “Siti” o‘ng qanot himoyasini Mateush Nuneshga ishonib topshirmoqda. Garchi portugaliyalik o‘yinchi ayrim uchrashuvlarda jamoani qiyin ahvolga solgan xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham, Pep Gvardiolaning qarorlari hozircha o‘zgarmadi.

Markazda esa Ruben Diash va Yoshko Gvardioldan iborat tandem barqaror va ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Ularning o‘zaro kelishgan harakatlari himoyani yanada mustahkamlayotgani sir emas. Bu pozitsiyada yana bir nomzod — Angliya terma jamoasi o‘yinchisi Jon Stounz bor edi, ammo u yana bir bor jarohat olib, ro‘yxatdan uzoq muddatga chiqarilishi mumkin.

Pep Gvardiola matbuot anjumanida shunday dedi:

— Jon Stounz yana shikastlandi. U qay vaqt tiklanishi hozircha noma’lum. Qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlardan keyin aniq muddat aytaman».

Stounzning bu mavsumdagi navbatdagi jarohati xursandchilikka sabab bo‘lmasa-da, bu holat Abduqodir Husanov uchun yangi imkoniyat eshigini ochishi mumkin. Chunki o‘ng qanotda ham, markazda ham ishonchli harakat qila oladigan legionerimiz Gvardiolaning taktik rejasida universal o‘yinchi sifatida juda qo‘l keladi.

Husanovning asosiy pozitsiyasi — markaz. Ayni zarurat tug‘ilganda u Yoshko Gvardiol yoki Ruben Diashning vazifasini bemalol bajara oladi. Agar jamoaga tezkorlik va faol pressing kerak bo‘lsa, o‘zbek futbolchisining o‘ng qanotdagi ustunliklari ham murabbiylar tomonidan inobatga olinishi kutilmoqda.

Hozirgi vaziyatda Gvardiola qo‘l ostidagi har bir universal o‘yinchiga katta baho beradi. Shu bois, Abduqodir uchun yangi imkoniyatlar yaqindek. Murabbiylar shtabi uning formasi tiklanishi bilan yana maydon markazi yoki qanotda sinab ko‘rishi ehtimoli juda yuqori.

O‘zbek futboli muxlislari esa himoyachimiz yana bir bor o‘z salohiyatini namoyish etib, “Siti”dek ulkan jamoada barqaror o‘yinchiga aylanishini intizorlik bilan kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Husanovga yana imkoniyat? "Siti" himoyasida vaziyat keskin o‘zgarmoqda...