
Sport fuqaroligini Rossiyadan O‘zbekistonga o‘zgartirishga qaror qilgan tennischi Kamilla Rahimova Fransiyaning Anje shahrida bo‘lib o‘tgan WTA 125 toifasidagi turnirda zafar qozondi. Bu g‘alaba O‘zbekiston uchun yangi, umidli davr boshlanishini anglatadi.
Anjedagi ishonchli g‘alaba
Kamilla Rahimova (musobaqa boshlanishida jahon reytingida 112-o‘rinni egallagan) finalda germaniyalik raqibi Tamara Korpachni (138-o‘rin) 6:3, 7:6 (7:4) hisobida mag‘lubiyatga uchratib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Anjedagi bu muvaffaqiyat evaziga Rahimova 125 reyting ochkosiga va 13 ming yevrodan ortiq mukofot puliga ega bo‘ldi. Eng muhimi, ushbu g‘alabadan so‘ng tennischi WTA reytingida 97-o‘ringa ko‘tarilib, TOP-100 tennischilar qatoriga kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Tanlov va shaxsiy qaror
Rahimovaning O‘zbekiston sharafini himoya qilishi shu yil dekabr oyi boshida rasman ma’lum qilingan edi. Uning onasi O‘zbekistonda tavallud topganligi bu qarorning shaxsiy asoslaridan biri bo‘ldi.
Garchi Anje turnirida u neytral maqomda ishtirok etgan bo‘lsa-da, uning bu qarori sport olamida katta e’tibor tortdi. Rahimova o‘z Instagram sahifasida terma jamoamizga o‘tish qarori oson bo‘lmaganini, ammo bu professional va shaxsiy jihatdan eng to‘g‘ri tanlov ekanini bildirdi.
"Qarorim ambitsiyalarim, faoliyatimdagi maqsadlarim va sportchi sifatida rivojlanishim uchun eng yaxshi imkoniyatlarni taqdim etishini his qilishimga asoslangan", — deb yozdi tennischi.
U, shuningdek, fuqarolikni o‘zgartirish uning ildizlarini va avvalgi jamoaga bo‘lgan hurmatini aslo "o‘chirmasligini" ta’kidladi.
Kamilla Rahimovaning TOP-100 likka kirishi va ilk yirik g‘alabasi O‘zbekiston tennis federatsiyasi uchun katta yutuq bo‘lib, tez orada uning mamlakatimiz bayrog‘i ostidagi rasmiy o‘yinlarini ko‘rishga umid qilamiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.