
Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxtda migrantlar masalasi atrofida kuchaygan muhokamalarga TVS telekanali orqali qat’iy munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ba’zi fuqarolarning “past malakaga ega va til bilmaydigan migrantlar zo‘ravonlik qilayapti” degan shikoyatlari real vaziyatni to‘liq aks ettirmaydi va ko‘p hollarda asossiz bo‘lib chiqmoqda.
Sobyanin migrantlarni tanqid qilayotgan “mutaxassislar”ga jasorat bilan murojaat qilib, ularni o‘sha migrantlar bajarayotgan ishlarni o‘zlari qilishga taklif etdi:
“Agar ular haqiqatan ham shuncha ishtiyoqmand bo‘lsa, supurgini olib Moskva ko‘chalarini tozalab ko‘rishsin. Hatto oliy ma’lumot yoki fan doktori bo‘lsa ham shu ishni qilib ko‘rsin. Lekin ular bunday qilmaydi. Xo‘sh, bu ishlarni kim bajaradi?” — dedi mer.
Uning fikricha, yuqori malakali mutaxassislikka ega migrantlar poytaxt iqtisodiyoti uchun muhim, chunki moskvaliklar jismoniy mehnatni o‘z zimmasiga olishni istamaydi. “Bu yerda mantiq ko‘rmayapman”, — deya qo‘shimcha qildi Sobyanin.
Merning aytishicha, 2018-yildan buyon Moskvada mehnat migrantlari soni o‘zgarmagan. Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi statistikasiga tayanib, migrantlar o‘rtasida sodir etiladigan og‘ir jinoyatlar sezilarli darajada kamayganini bildirdi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra:
– talonchiliklar 7,5 barobarga kamaygan;
– qotilliklar 2 barobarga pasaygan;
– o‘g‘rilik va boshqa jinoyatlar bo‘yicha ham yaxshilanish kuzatilgan.
Sobyaninning ta’kidlashicha, jinoyat faqat migrant tomonidan sodir etilgani uchun alohida qayd etilishi to‘g‘ri emas:
“Avvalo, jinoyat ochilishi va isbotlanishi kerak. Shundan keyingina jinoyatchining kimligi — rossiyalikmi yoki migrantmi — aniqlanadi.”
Shu bilan birga, mer umumiy vaziyatni ideallashtirishdan yiroq ekanini ham e’tirof etdi:
“Albatta, poytaxtda bo‘lib turgan ko‘p sonli keluvchilar qo‘shimcha e’tibor, qattiq tartib va nazorat talab qiladi. Hamma narsa ajoyib, degan gap yo‘q.”
Sobyaninning bayonoti migrantlar masalasidagi muhokamalar yanada qizishiga sabab bo‘ldi. Uning fikrlaridan ko‘rinib turibdiki, Moskva rahbariyati migratsiya siyosatida muvozanat — iqtisodiy ehtiyoj va jamoat xavfsizligi o‘rtasida adolatli yondashuv tarafdori.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.