
Hindistonning yirik shaharlari — osmono‘par binolar bilan qashshoqlik manzaralari yonma-yon yashayotgan maskanlarda — yaqinda o‘tkazilgan immigratsiya reydlari jamiyatda keskin ijtimoiy-siyosiy shovqin keltirib chiqardi. Gurugram shahrida mahalliy hokimiyat organlari yuzlab migrant ishchilarni — asosan g‘arbiy Bengaldan kelgan, bengal tilida so‘zlashuvchi musulmonlarni — “noqonuniy Bangladesh fuqarolari” sifatida hibsga oldi.
Reyd chog‘ida ushlangan shaxslar maxsus “saqlash markazlari”ga joylashtirilib, fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishga majbur qilindi. Ayrim ishchilar, jumladan, 15 yildan beri shaharda yashab kelayotgan kunlik ishchi Ater Ali Shayx, hujjatlari mavjud bo‘lsa-da, ular “soxta” deb topilganini va politsiyada kaltaklanganini aytmoqda. Politsiya esa bunday ayblovlarni qat’iyan rad etib, 250 kishidan atigi 10 nafari haqiqatan ham noqonuniy migrant sifatida aniqlanganini ma’lum qildi.
Reydlarning natijasida yuzlab ishchilar oilalari bilan bir kechada shahardan qochib ketdi. Bu esa shaharning o‘zida ham muammolarni keltirib chiqardi — chiqindi yig‘ish tizimi izdan chiqdi, o‘nlab uylar xizmatkorsiz qoldi. Shahardagi ayrim boy mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolar bu vaziyatdan bevosita zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, kambag‘al migrantlar orasida qo‘rquv va ishonchsizlik yanada kuchaydi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi reydlar yangi hodisa emas. Biroq so‘nggi yillarda, ayniqsa, Bosh vazir Narendra Modi hukumatida, Bangladeshdan kelgan musulmonlarga nisbatan deportatsiya choralari kuchaygan. Ichki ishlar vazirligining may oyida qabul qilingan yangi ko‘rsatmasi barcha shtatlarga maxsus guruhlar tuzib, noqonuniy migrantlarni aniqlash va 30 kun ichida hujjatlarini tekshirish majburiyatini yuklaydi.
Huquq faollari esa tartibning asosiy muammosiga e’tibor qaratmoqda: gumon qilinuvchilar hujjatlari tekshirilganidan so‘ng ham fuqarolik tasdiqlovchi rasmiy sertifikat berilmaydi. Bu esa ularni istalgan vaqtda qayta hibsga olish imkonini beradi. Natijada, hind shaharlari chekka hududlaridagi minglab bengal musulmonlari kechayu kunduz yostiq ostida hujjatlarini saqlab, har lahza deportatsiya qo‘rquvida yashashga majbur bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar